17:36 / 06.04.2019
2 793

Umid Ahmadjonov: "O‘zbek futbolining mavqeiga putur yetishiga yo‘l qo‘ymaymiz!"

Umid Ahmadjonov: "O‘zbek futbolining mavqeiga putur yetishiga yo‘l qo‘ymaymiz!"
Bugungi kun futboli qanday ko‘rinishda? U to‘g‘ri yo‘ldami yoki noto‘g‘ri yo‘ldami? Futbol katta auditoriga ega bo‘lgani va unda katta pullar aylanayotgani uchun bu sport turiga chinakam muxlis sifatida qiziqadiganlari ham, soxtalik bilan qiziqib, pul ishlash ilinjida qiziqadiganlari ham talaygina. Ammo hozirgi futbolda kelishilgan o‘yinlar va totalizator degan yomon illatlar ancha avj olgan. Afsuski, bunday o‘yin ichidagi «o‘yinlar» bizning futbolni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Hammaning xabari bor, yurtimizda futbolni rivojlantirish, uning saviyasini ko‘tarish uchun hukumat tomonidan jiddiy ishlar amalga oshirilyapti.

Lekin doim ham ishlar ko‘ngildagidek bo‘lavermaydi. O‘zbek futbolida ham kelishilgan o‘yinlar borligi haqida oldindan aytib kelingan. Lekin og‘izdagi so‘zlar sira amalda o‘z isbotini topmayotgandi. Masalan, oldin kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish komissiyasi ham tuzilgan bo‘lib, unga Ahrol Inoyatov rahbar etib tayinlangandi. Biroq shunda ham kelishilgan uchrashuvlar aniqlanmasdi, doim isbot va dalillar talab qilinardi. Keyinchalik futbolimizda o‘zgarishlar bo‘lgach, ishlash tizimida ham islohotlar qo‘llanila boshlandi. Natijada bu boradagi ishlarning samarasi asta-sekin ko‘rina boshladi.

Kuni kecha O‘FA rasmiy saytida murabbiy Ilhom Mo‘minjonovning faoliyati o‘rganilib, tekshiruvlar natijasida kelishilgan o‘yinlarga aloqadorligi isbotlanib, uni to‘rt yilga (umumiy hisobda besh yilga) futboldan chetlashtirishdi va 50 million so‘m miqdorida jarimaga tortishdi. Albatta, bu xabar hech kimni befarq qoldirgani yo‘q. Bu nimani anglatadi? Endi futbolimizni yomon illatlardan tozalash uchun jiddiy ishlar boshlandi. Balki Mo‘minjonov bilan bog‘liq holat boshqalarni, aytaylik kelishilgan o‘yinlar va totalizator bilan shug‘ullanayotganlarning ko‘zini ochar. Mana, bizda ham bunday «o‘yinlar» bilan shug‘ullanayotganlarni aniqlasa bo‘larkan-ku. Oxirgi paytlarda futbolga aloqador shaxslarning totalizator orqali pul ishlab topayotganlari haqidagi gap-so‘zlarni ko‘p eshitayotgandik. Axir shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi.

Mo‘minjonovning chetlatilishidan so‘ng yana boshqa shaxslarning ham kirdikorlari fosh bo‘lsa ajab emas. Lekin kelishilgan o‘yinlarda qatnashganlar bir yoki ikki shaxsdan iborat bo‘lmaydi. Bunga kerak bo‘lsa, butun bir jamoa ham aloqador bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ayni aytda O‘FA jiddiy ishga kirishgan. Tabiiyki, bu vaziyatda O‘zbekiston olimpiya qo‘mitasi prezidenti, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning bu boradagi munosabati va fikrlarini tinglash qiziq edi. Mo‘minjonov bilan bog‘liq vaziyatdan so‘ng Umid Muhammadjonovichdan vaziyatga yanada aniqlik kiritishini so‘radik va shu bilan birga mazkur mavzuga doir boshqa muhim masalalar haqida ham gaplashdik. Bu haqda Sports.uz nashri xabar bermoqda.

«Superligada murabbiylik qilayotganlar ham kelishilgan o‘yinlarda qatnashishgan»

- Kelishilgan o‘yinlar bilan bog‘liq vaziyat yana kun tartibidagi asosiy masalaga aylandi. Kuni kecha Ilhom Mo‘minjonovning bu boradagi kirdikorlari oshkor etilgan holda futboldan bir necha yilga chetlatilgani bunga yaqqol misol bo‘la oladi…
- Biz bu bilan cheklanib qolmaymiz. Ming afsuski, futbolimizda hali kelishilgan o‘yinlarda qatnashganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ularning ichida 5-6 nafar murabbiylar haqida ham ma’lumotlar bor. Biz bu vaziyatga jiddiy yondashgan holda tekshiruvlarni olib boryapmiz. Kelishilgan o‘yinlar bilan bog‘liq holat to‘xtab qolgani yo‘q. Bilasizmi, kelishganlar orasida jamoalar, hakamlar, futbolchilar bor. Bu yerda katta guruh ishlagan. Qolaversa, ularning orasida o‘yinlarga pul tikib o‘tiradigan totalizatorchilar ham bor.

- Baribir kelishilgan o‘yin bir yoki ikki shaxsning aralashuvisiz bo‘lmaydi, bunda butun jamoa qatnashgan bo‘ladi…
- Yana shuni ham aytishim kerakki, kelishilgan o‘yinlarga aralashganlar orasida nomdor klublar ham bor. Biz hammasini tekshirib, aniqlaganimizdan so‘ng ularga nisbatan ham jidddiy jazolar qo‘llaymiz. Bilasizmi, yillar davomida o‘zbek futboliga xizmat qilyapman deb jar solgan holda aslida boshqachasiga xizmat qilayotganlar bor. Ular shu yo‘l orqali futboldan ochko olib yurishgan. O‘yinlarning natijalari totalizator orqali hal qilib kelingan.
O‘sha jirkanch ishlarga aralashganlarni kim deb atashimiz mumkin? Ular xalq dushmani. Biz bu yoqda o‘zbek futbolini rivojlantiramiz deb kecha-yu, kunduz yelib-yugurib yursagu, bu yoqda totalizator orqali kelishilgan o‘yinlarni tashkil qilib yurishsa, buni qanday tushunish kerak? Biz aslo o‘zbek futbolining mavqeiga putur yetishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Shuning uchun biz bu ishga juda jiddiy kirishganmiz. Sizga yana bir gapni aytsam, ayni paytda Superligada bosh murabbiylik qilayotgan bir qator murabbiylar aynan o‘sha kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etishgan. Biz esa hammasini ipidan-ignasigacha tekshiryapmiz. Shuningdek, mazkur ishlar bilan shug‘ullangan shaxslarni prokuraturaga topshiramiz.

- Umid Muhammadjonovich, kelishilgan o‘yinlarda qaysi jamoalar ishtirok etganligi yoki qaysi o‘yinlar borasida tekshiruvlar olib borilayotgani haqida ma’lumot bera olasizmi?
- Agar jamoalar nomini aytadigan bo‘lsam, bu ommaga oshkor bo‘lib ketadi. Biz hammasini bosqichma-bosqich olib boryapmiz. Vaqti kelganida sizlar ham hammasidan xabardor bo‘lasizlar. Agar kimlarnidir nomini aytadigan bo‘lsam, darrov unisiga yoki bunisiga aloqaga chiqishadi. Yuqorida aytganimdek, jirkanch o‘yinlarda qatnashgan hakamlar ham bor. Masalan, kimdir qaysidir uchrashuvda futbolchiga atayin bir dona sariq kartochka ko‘rsatib bergan. Bilasizmi, hali O‘zbekiston futboli tarixida bunday ishlar ochilmagandi. Ammo bu oxirigacha shunday davom etadi degani emasdi. Biz shu kungacha barcha qilingan yomon ishlarni ochib tashlaymiz va unda ishtirok etganlarni jiddiy ravishda jazoga tortamiz.

Ochig‘i, bunday salbiy ishlarning futbolimiz mavqeiga katta ta’siri bor. Biz reglament va yana boshqa jihatlar bo‘yicha Yevropa futboliga qarab intilishga harakat qilib boryapmiz. Eng yomoni kelishilgan uchrashuvlarda futbolchilar ham aralashishgan. Ular safardagi o‘yinlarga borishsa natijani oldindan hal qilishib 1:0 yoki 2:0 kabi hisoblarga kelishishgan. Bularning hammasi firibgarlar.
«Babayanni subuti bo‘lgani bu yerga qaytib ishlamasdi»

- O‘FA totalizator va kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish choralarini kuchaytirgani ko‘rinib turibdi. Bunga misol qilib Ilhom Mo‘minjonovni umumiy hisobda besh yilga futboldan chetlashtirilishini aytishimiz mumkin. Lekin, aytaylik, Mo‘minjonovni bunday ishlar bilan shug‘ullanayotganlarga dars bo‘lishi uchun butun umrga futboldan chetlashtirsa bo‘lmasmidi?
- Ha, shunday chora ko‘rish imkoni ham bor edi. Lekin Samvel Babayan masalasi ham turli gap-so‘zlarga sabab bo‘ldi. Uni butun umrga futboldan chetlashtirib, yana futbolga qaytib kelgani ortidan qancha e’tirozlar bo‘ldi? Shu o‘rinda Babayan masalasiga ham to‘xtalib o‘tmoqchi edim, biz uni o‘zimiz futboldan bir umrga chetlashtirgandik. Keyin esa Moskvaga ketdi va u yerdan Latviyaga o‘tib, mahalliy jamoaga joylashib oldi. Shundan so‘ng mayli uni ham tirikchiligi, bola-chaqasi bor, lekin endi O‘zbekistonga qaytib ishlamaydi deb o‘ylagandik. Qolaversa, Osiyoda olingan murabbiylik litsenziyasi Yevropaga o‘tmasdi. Lekin keyinchalik Babayan O‘zbekistonga qaytib «Lokomotiv»ga ishga joylanib oldi. Bu nima degan narsa? «Lokomotiv»da qanaqa akademiya, qanaqa bolalar futbol maktabi bor? Ular atayin shunday qilishdi.

- O‘zi shundoq ham sizdan Babayan haqida so‘ramoqchi edim. Uning yana futbolga qaytgani muxlislar orasida katta reaksiya bergandi…
- Ha, yaxshilikka yomonlik bo‘lib qoldi. Xorijga ketgani uchun mayli birovni rizqini qirqmaylik deb yaxshilik qilsak, u darrov boshqacha o‘yin qildi. Agarda Babayanni ozgina subuti bo‘lganida bu yerga qaytib kelmasdi. Odamlar orasida esa turli gap-so‘zlar tarqalib ketdi. Muhtaram Prezidentimiz ham kechirimli bo‘lish kerakligi haqida aytyapti, biz ham shunday yo‘l tutgan holda kechirimli bo‘lgandik. Lekin men shu yerda ekanman, uni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga yaqinlashtirmayman.

«Aybdorlarga eng oxirgi choralar ko‘riladi»

- Shuningdek, pro-ligada ham totalizatorga aralashgan o‘yinlar ko‘pligi haqida eshitamiz…
- Ha, to‘g‘ri. Lekin biz hammasini nazoratga olganmiz. Har bir uchrashuvni shaxsan o‘zim ko‘rib chiqyapman. Qolaversa, alohida maxsus komissiya ham tuzganmiz. Superligani ham, pro-ligani ham jiddiy tekshiruvga olganmiz. Har bir o‘yin bo‘layotganida O‘FAda olti kishilik komissiya onlayn ravishda uchrashuvni kuzatib turadi va menga natijasini yuborishadi.

- Masalan, «Yozyovon» jamoasining oltita uchrashuvi kelishilganligi to‘g‘risida OFKdan xat kelganligi haqida eshitdik. Bu borada boshqa jamoalarning ham nomlarini oshkor qila olasizmi?
- OFKdan bu masala bo‘yicha xat kelmaydi. Faqat bukmekerlik kompaniyalardan shubhali o‘yinlar haqida ma’lumot kelishi mumkin. Shunga yarasha OFK tomonidan ham o‘zlari shubhalangan uchrashuvlarni bizga kelishilganmi yoki yo‘qmi, shuni tekshiringlar deya ma’lumot yuborishadi. Shu bois OFK bukmekerlik kompaniyalari orqali bizga qaysidir o‘yinlarni tekshiringlar deya tavsiya beradi. Biz esa surishtiruvlar va ko‘rsatmalar olamiz. Ilhom Mo‘minjonovdan ko‘rsatma olish jarayonida boshqalarni sotmaslik uchun hammasini o‘z bo‘yniga olyapti. Yana qaytarib o‘taman: Superligada hozirgi paytda bosh murabbiylik qilayotgan 3-4 nafari ham kelishilgan o‘yinlarga aralashishgan va ularga ham albatta choralar ko‘ramiz.

- Bu masaladagi ishlarning yakuniy natijasi qachon ommaga oshkor qilinishi mumkin?
-Hozirda tuzib chiqilgan komissiya tomonidan tergov davom ettirilmoqda. Hammasi uzil-kesil aniq bo‘lganidan keyin albatta ma’lumot beramiz.

- Agarda aybdorlar o‘z isbotini topsa ularga keskinroq jazolar tayinlanadimi?
- Albatta, biz ularga eng oxirgi choralarni ko‘ramiz. Mana, Ilhom Mo‘minjonov bir yilga futboldan chetlatilgandi va oxirgi surishtiruv natijalaridan so‘ng uni hammasi bo‘lib besh yilga cheltashtirdik hamda 50 million so‘m miqdorida jarimaga tortdik. Bu choralarni hozircha o‘zimizning reglament asosida amalga tatbiq etdik. Lekin hali ularning ishini qonun doirasida tegishli tashkilotlar ko‘rib chiqishadi.

- Kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etganlarni aniqlash borasidagi ishlar qiyinchilik tug‘diryaptimi?
- Nima ham qilardik, futbolimizni bunday ishlardan tozalashimiz kerak-ku. Bu ketishda yo o‘zbek futboli rivojlanadi yoki totalizator rivojlanadi. O‘zbekiston firibgarlarning bemalol ishlashiga ruxsat beriladigan davlat emas. Shuning uchun biz oxirigacha boramiz. Masalan, namanganlik muxlislarni olaylik, ular stadionni to‘ldirib, o‘z jamoasini qo‘llab-quvvatlashdi. Lekin stadionga kelgan minglab ishqibozlar aldanib qolib ketaveradimi? «Navbahor»ning uy stadioni muxlislar bilan to‘layotgandi, ammo ular nima uchun kelishayotganini bilishmasdi. Shunday ekan, biz hammasiga albatta jiddiy choralar ko‘ramiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Umid Ahmadjonov: "O‘zbek futbolining mavqeiga putur yetishiga yo‘l qo‘ymaymiz!"