23:38 / 13.04.2019
2 516

Sardor Azmun: Yordam berish – real burchim!

Sardor Azmun: Yordam berish – real burchim!
«Zenit»ning eronlik hujumchisi Sardor Azmun Rossiyaning championat.com nashriga intervyu berar ekan, atigi yarim soatda shu qadar ajoyib taassurot qoldirdiki, rossiyalik kasbdoshimiz butun faoliyatida ilk marta shunday dilkash suhbatdoshga duch kelganligini alohida ta’kidlab futbolchini maqtashdan tiyilmadi: «Musobahaga kirishib ketgan Sardor navqiron hukmdor yoki sarkardani eslatdi.

Ha, forslar shahzodasini! Qandaydir 20-30 yildan keyin uning yuksak minbardan ommaga va’z o‘qishini tasavvur qilish qiyin emas. Hozircha Azmun piterliklar safida maydonga tushib, faollik ko‘rsatmoqda. FIFA kunlari tufayli yuzaga kelgan tanaffus vaqtida esa Eronda yuz bergan kuchli tabiiy ofat asoratlarini bartaraf etish bilan band bo‘ldi, toshqindan zarar ko‘rgan vatandoshlariga imkon qadar yordam qo‘lini cho‘zdi. Ajoyib yigit va shunday suhbatdosh».

«Zenit» va Berdiyev

- Sardor, «Zenit»dagi ilk 6ta o‘yinda 7ta gol urib, jamoa rekordini o‘rnatdingiz. Bunday yuksak natijadan ajablanmayapsizmi?
- Ochig‘i, rekord haqida o‘ylamagandim. Gol urish - hujumchining bosh vazifasi. Qolaversa, yuqori samaradorlik butun jamoa xizmatining samarasidir.

- Rossiyadagi faoliyatingiz bevosita Qurbon Berdiyev bilan bog‘liq. Agar «Rubin»da moliyaviy muammolar yuzaga kelmaganida ham, «Zenit»ga o‘tarmidingiz?
- Aslida jamoamni almashtirganimda moliyaviy jihatlarning aloqasi yo‘q. Har holda, hech qachon moddiy manfaatdorlikni 1-o‘ringa qo‘ygan emasman. Eng muhimi - mahoratimni oshirish va yuksak cho‘qqilarni zabt etish imkoniyati. To‘g‘ri, Piterga ko‘chib o‘tishimni umumiy vaziyat tezlatib yubordi. Lekin «Rubin» bilan xayrlashishim ehtimoli katta edi, baribir.

- Qiziq, Berdiyev bilan oxirgi o‘zaro suhbatingiz qanday ohangda kechdi?
- Mutlaqo do‘stona ohangda gaplashdik. Murabbiy «Zenit»da o‘zimni qanday tutishim va o‘ynashim kerakligi haqida ba’zi tavsiyalar berdiki, ularni xotiramga mustahkam joylab oldim. Chunonchi, Qurbon og‘a o‘gitlarini yuksak qadrlayman. Berdiyev meni ilk marta Eronda uchratganida juda yosh yigitcha edim. Harqalay, saviyam Rossiya Premer-ligasida o‘ynashga aslo javob bermasdi. Shunga qaramay, Qurbon Bekiyevich menga ishondi, o‘yinchi sifatida yuksalishimda ko‘p mehnat qildi. Umuman, boshidan menga o‘zgacha munosabatda bo‘ldi. O‘z navbatida, g‘amxo‘r murabbiyga shunga yarasha munosib javob qaytarish harakatida tinmay shug‘ullandim, bor e’tiborni futbolga qaratdim. Xullas, Berdiyevni shunchaki, ustoz emas, eng yaqin qadrdonim o‘rnida ko‘raman. Albatta, xayrlashish oson bo‘lmadi. Biroq iloj qancha, hayotning o‘zi shunday...

- Xo‘sh, Berdiyevning sizga bergan asosiy sabog‘i nima?
- Birinchi navbatda aytishim kerak, u o‘zligimni anglatdi, shaxs sifatida shakllanishimga beminnat yordam berdi. Bular o‘z kasbim, kishilarga munosabatim va maydon tashqarisidagi fe’l-atvorimga taalluqli.

- Qurbon Bekiyevich 2 yilcha oldin sizning yulduzlik xastaligiga chalinganingiz haqida afsuslanib gapirgandi. U nechog‘li haq edi?
- Ha, u ayni haqiqatni aytgandi. Men esa haqiqatni hech qachon inkor etmayman, xususan, murabbiy tanqidini ham to‘g‘ri qabul qildim. Muhimi, shu achchiq gaplari bilan shaxs va futbolchi sifatida yana oldinga qadam tashlashimga turtki berdi. Qurbon Bekiyevich menga ta’sir o‘tkazish maqsadida oshkora tanqid qilganini ham tushunaman. Menimcha, yoshlikdagi ozgina muvaffaqiyat ortidan bosar-tusarini bilmay qolish holati barcha futbolchilarda yuz bersa kerak. Muhimi, sportda nimagadir erishishni istar ekansiz, o‘zingizni qat’iy nazorat eta bilishingiz zarurligini to‘liq angladim.

- «Rubin»dan «Rostov»ga o‘tganingizda politsiya xodimlari mehmonxonada sizni transfer borasida so‘roqqa tutishgandi. O‘sha voqealardan asabiylashmadingizmi, atrofingizdagi gap-so‘zlarning salbiy ta’siri bilinmadimi?
- Yo‘q, aslo xavotirlanmadim. Chunki qonunga zid ish tutmaganimni yaxshi bilardim. Tekshiruvlarni kim uyushtirgani va uning sababini tushuntirib beradigan odam bormi? Nima, meni qo‘rqitmoqchi bo‘lishdimi? Yaxshiki, barchasi o‘z o‘rniga tushdi. O‘zi hech kim va hech narsadan qo‘rqmayman. Faqat yolg‘iz Yaratgandan qo‘rqaman, yaqinlarimni yo‘qotishdan ham.

- JCh-2018dan keyin qo‘qqisdan terma jamoadagi faoliyatingizni yakunlaganingizni ma’lum qildingiz. Keyin yana qaytdingiz. Qaroringiz tezda o‘zgarganini qanday izohlaysiz?
- O‘ta muhim sabab shunga majbur etdi. Ketish arafasida bosh murabbiy bilan bir necha marta suhbatlashdim. U meni tushundi. Keyin vaziyat o‘zgargach, qaytdim. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor, lekin barchasini doston qilishdan ma’no yo‘q.

Suhbat jarayonida Sardorning Golestandagi qutqaruv ishlarida ishtirok etganini chetlab o‘tish ilojsiz edi. Ofatga yo‘liqqan kishilarni qutqarish jarayoni haqidagi gaplar uni to‘lqinlantirib yubordi va dialog monologga aylandi. Ya’ni Azmun barchasini kuyinib hikoya qildi:
- Aslida falokat yuz bergan pallada uni bartaraf etishga mas’ul mansabdor shaxslar qanday ish tutishlarini kuzatmoqchi bo‘ldim. Ammo o‘sha zahoti yordamga shoshilish zarurligini tushundim va Golestanga jo‘nadim. Yo‘q, qandaydir qahramonlik ko‘rsatib, o‘zimni ovoza qilish emas, bu insoniy real burchim ekanligi uchun. Shukrki, yurtdoshlarim meni yaxshi ko‘radilar. Demak, tahlikali holatda xavfni bartaraf etish masalasida namuna ko‘rsatishim shart edi. Muhimi, qutqaruv ishlariga qo‘shilganimdan keyin ko‘pchilik keskin faollashdi. U yerda qanday ishlaganimiz va necha kishini qutqarganimiz xususida esa gapirishni istamayman. Golestan - uyimizdan taxminan yarim soatli yo‘l oralig‘idagi mo‘’jaz shaharcha, odamlari xushmuomala, odobli.

- Suv toshqini asoratlarini bartaraf etish - xatarli yumush. Unga qo‘l urishdan avval klub rahbarlaridan ruxsat so‘radingizmi?
- Albatta, xavf-xatar ehtimoli yo‘q emasdi. Afsuski, 6 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Biroq hech qanaqasiga bir chetda jim turolmasdim. Axir o‘sha shaharcha fuqarosiman-ku. Klub rahbariyati bu boradagi ahdimni ma’qulladi. Zero, hamshaharlarim boshlariga musibat tushgan, ularga yordam berishim zarur edi. Shuningdek, endi jamoamiz mutasaddilaridan halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat ko‘rsatishni iltimos qilmoqchiman.

- Tabiiy ofatdan jabr ko‘rganlarga moddiy tomondan ham yordam berdingizmi?
- Mablag‘ haqida gapirishim ortiqcha. Nimanidir bergan yoki beradigan bo‘lsam, barchasida burchimni ado etish umidi yashirin. Qolaversa, ba’zan kishilar moddiy boylikdan ko‘ra, samimiy hamdardlik izhoriga ko‘proq ehtiyoj sezadilar.
Ja’farxon BOBOXONOV tayyorladi.

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sardor Azmun: Yordam berish – real burchim!