08:56 / 02.05.2019
3 299

"Barselona" o‘z maydonida "Liverpul"ni yirik hisobda yengdi (video)

"Barselona" o‘z maydonida "Liverpul"ni yirik hisobda yengdi (video)
Yevropa Chempionlar ligasi yarim final ilk bahsidan o‘rin olgan "Barselona" – "Liverpul" uchrashuvi o‘z nihoyasiga yetdi. “Kamp Nou”da bo‘lib o‘tgan bahsda mezbonlar yirik hisobdagi g‘alabani qo‘lga kiritishdi.

Uchrashuv ikki tomonning ham qator hujumlari bilan boshlandi. Taym o‘rtalariga qadar ikki jamoada ham bir qator imkoniyatlar bo‘ldi. Ayniqsa mehmonlarning hujumlari juda xavfli bo‘ldi. Biroq birinchi bo‘lib gol urish maydon egalariga nasib etdi.

26-daqiqada katalonlarning kombinatsiyasi gol bilan yakunlandi, Xordi Albaning uzatmasidan so‘ng Luis Suares to‘pni darvozaga to‘g‘irlab yuborib, hisobni ochdi. Goldan so‘ng inglizlar yanada hujumga zo‘r berishdi, mezbonlar esa qarshi hujumda harakat qilishdi. Ammo tanaffusga qadar hisob boshqa o‘zgarmadi.

Ikkinchi bo‘limni mersisaydlar faol boshlashdi, taymning ilk dekadasida ter Stegen jamoasini uch bor muqarrar goldan saqlab qoldi. Bo‘lim o‘rtalariga yaqin mezbonlar o‘zlariga kelishdi va o‘yinni o‘z jarima maydonlaridan uzoqlashtirishdi.

75-daqiqada mezbonlarning kam sonli hujumlaridan biri golga aylandi. Luis Suaresning zarbasidan so‘ng to‘p darvoza to‘siniga tegib qaytdi, uni Lionel Messi bo‘sh qolgan darvozaga joylab qo‘ydi.

82-daqiqada Messi jarima zarbasini qoyilmaqom ijro etib, hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi. Mazkur golga mehmonlar darhol javob qaytarishlari mumkin edi, biroq Muhammad Saloh bo‘sh qolgan darvozani aniq nishonga ola bilmadi.

Qolgan daqiqalarda mehmonlar harchand urinishmasin hisobni o‘zgartira olishmadi va “Barsa” javob bahsi oldidan juda qulay imkoniyatga ega bo‘ldi.

Chempionlar ligasi
1/2 final, ilk o‘yin
Barselona Ispaniya – Liverpul Angliya 3:0 (1:0, 2:0)
Gollar:
1:0 – 26 Suares, 2:0 – 75 Messi, 3:0 – 82 Messi.
Barselona – ter Stegen, Pike, Alba, Serxi Roberto (Alenya, 90), Langle, Rakitich, Buskets, Vidal, Koutino (Nelson Semedu, 60), Messi, Suares (Dembele, 90).
Liverpul – Alisson, Matip, Robertson, Gomes, van Deyk, Keyta (Xenderson, 24), Fabino, Veynaldum (Firmino, 79), Milner (Origi, 85), Mane, Salax.
Ogohlantirishlar: Langle (39), Fabino (81), Suares (81), Alba (86).

Messining jarimadan urgan golini tomosha qiling:

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Barselona" o‘z maydonida "Liverpul"ni yirik hisobda yengdi (video)