10:55 / 19.05.2019
2 861

O‘zbekistonlik yana bir bokschi professional ringda g‘alabali seriya qayd etmoqda (foto, video)

O‘zbekistonlik yana bir bokschi professional ringda g‘alabali seriya qayd etmoqda (foto, video)
18 may kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida joylashgan «RMK yakkakurashlar akademiyasi» sport saroyida bo‘lib o‘tgan boks kechasida professional boksning yengil (-61,2 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan o‘zbekistonlik Ravshanbek Umurzoqov (9-0, 7 KO) o‘zining navbatdagi jangini o‘tkazdi.

Ravshanbek Umurzoqovga bu jangda JAR vakili Entoni Moluzani (11-4-1, 7 KO) raqiblik qildi. 10 raundga mo‘ljallangan mazkur jang to‘liq davom etdi.

Jang ikki tomonning ham ehtiyotkor harakatlari bilan boshlandi, Moluzani tashabbusni raqibiga topshirib, o‘zi ikkinchi planda harakat qildi. Umurzoqov esa jang boshida qisqa hujumlar va ortga tislanish bilan jang qildi. Jangning to‘rtinchi raundida janubiy afrikalik bokschining toliqqani yaqqol sezilib qoldi va u klinchga kirishga harakat qildi, o‘zbekistonlik bokschi esa o‘rta va yaqin masofalardan zarbalar bera boshladi.

Beshinchi raundda Umurzoqovning kuchli zarbasi raqibni gangitdi, lekin u jangni davom ettira oldi. Jangning qolgan qismida Umurzoqov xotirjam harakat qilib kuch tejadi. Yakunda u hakamlarning bir ovozdan qabul qilgan qaroriga ko‘ra g‘olib deb topildi.

Jangdan keyin bergan intervyusida Umurzoqov kuzda jiddiy jang o‘tkazishini ma’lum qildi.

«Bu mening ilk 10 raundlik jangim bo‘lganiga qaramay o‘zimni juda yaxshi his qilmoqdaman. Juda tajribali raqib duch keldi, u menga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Men bu jangga murabbiydan aniq ko‘rsatma olgandim - kuchimni 10 raundga taqsimlash. Chunki shu vaqtga qadar faoliyatimda 6 raunddan ortiq vaqtda jang qilmagandim. Kamar uchun jangim 2 raunddayoq hal bo‘lgandi. Bizda katta rejalar bor, kuzda RCC Boxing Promotions bilan hamkorlikda katta jang tashkillashtirishni rejalashtirmoqdamiz», degan u.

Ravshanbek Umurzoqov so‘nggi marta shu yilning 13 aprel kuni Moldovada WBA Asia chempionlik kamari uchun filippinlik Roberto Gonsalesga (28-5, 17 KO) qarshi ringga chiqib, raqibini ikkinchi raundda nokautga uchratishi evaziga mazkur chempionlik kamarini qo‘lga kiritgandi. Himoya uchun muddat qisqa bo‘lgani bois, u bu safar kamar uchun emas, balki reyting ochkolari uchun jang qildi.

Mazkur boks oqshomida yana bir o‘zbekistonlik bokschi, ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasi vakili Sardor Muzaffarov (4-2, 2 KO) tojikistonlik Asror Vohidovga (3-0, 1 KO) qarshi jang qilib, 6 raundlik jangdan keyin ochkolar hisobi bo‘yicha imkoniyatni boy berib qo‘ydi.


Bundan oldinroq, ushbu boks kechasida professional boksning yengil vazn toifasi (-61,2 kg) vakili Elnur Abduraimov (5-0, 5 KO) tanzaniyalik, tajribali Issa Nampepechega (30-10-6, 12 KO) qarshi jang qilib, nokaut evaziga g‘alaba qozongandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekistonlik yana bir bokschi professional ringda g‘alabali seriya qayd etmoqda (foto, video)