16:41 / 22.05.2019
3 595

OAV: Samvel Babayan «Lokomotiv»ga bosh murabbiy bo‘ladi

OAV: Samvel Babayan «Lokomotiv»ga bosh murabbiy bo‘ladi
Toshkentning «Lokomotiv» klubi murabbiylar shtabida o‘zgarish bo‘lishi kutilmoqda.

Tribuna.uz manbasi ma’lumot berishicha, «temiryo‘lchilar» rahbariyati bosh murabbiy Andrey Fyodorovni iste’foga chiqarishga qaror qilgan. Uning o‘rniga klub prezidentining maslahatchisi sifatida ishlab kelayotgan Samvel Babayan tayinlanishi kutilmoqda.

Manbaning qo‘shimcha qilishicha, Fyodorov kecha, OChL guruh bosqichining so‘nggi turi doirasida Toshkentda «Ar-Rayyan»ga qarshi kechgan o‘yindan keyin (3:2) lavozimidan ozod etilishi mo‘ljallangan, ammo iste’fo noma’lum sababga ko‘ra kechiktirilgan.

Andrey Fyodorov bir yil oldin, 2018 yil aprel oyida Andrey Miklyayev o‘rniga «Lokomotiv» bosh murabbiyi etib tayinlangan edi.

Samvel Babayan esa 2019 yil fevral oyidan buyon «Loko» tizimida ishlab kelmoqda. Uning klub prezidenti maslahatchisi lavozimiga tayinlanishi shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi, boisi u 2018 yil yanvar oyida O‘FA tomonidan umrbod o‘zbek futbolidan chetlatilgan edi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, Babayanning diskvalifikatsiyasi «Bunyodkor»ning kafilligi ostida ikki haftadan so‘ng bekor qilingan.

48 yoshli arman mutaxassisi bunga qadar uzoq yillar «Lokomotiv»ning asosiy raqibi «Paxtakor»da ishlagan, 2014 yilda «sherlar»ni O‘zbekiston chempionligi sari boshlab borgan. U 2014 va 2015 yillarda O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan, 2017 yilda O‘zbekiston milliy jamoasi bilan JCh-2018 yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmagan edi.

Joriy yil mart oyida «Lokomotiv» bosh direktori o‘rinbosari To‘labek Akromov Kun.uz nashri bilan suhbatda Babayan jamoaga murabbiy sifatida emas, balki klub akademiyasini rivojlantirishga mas’ul sifatida tayinlanganini ta’kidlagan edi.

«Biz Samvel Babayanni murabbiy qilib olib kelganimiz yo‘q. Sababi u katta jamoaga aralashmaydi. O‘ziga ishlarni belgilab berdik. Asosan, maktabimiz infratuzilmasini katta cho‘qqilarga, keyingi bosqichga olib chiqish bilan shug‘ullanadi. Maqsad shu. Babayan yoshlar bilan juda yaxshi ishlaydi», – degandi u.

«Yana bir marta qaytaraman, muxlislar adashtirishmasin, Samvel Babayan faqat maktabimizga qaraydi, seleksiya ishlarini ham o‘zi olib boradi va asosiy jamoaga aralashmaydi», – deya urg‘u bergandi «Lokomotiv» rasmiysi.

Ma’lumot uchun, so‘nggi uch mavsumdan buyon O‘zbekiston chempioni bo‘lib kelayotgan «Lokomotiv» oxirgi 7ta o‘yindan faqat 2tasida g‘alaba qozona oldi. OChLda pley-off yo‘llanmasini muddatidan oldin boy bergan jamoa Superligada 9-turdan keyin yetakchi «Paxtakor»dan 5 ochko ortda qolgan holda ikkinchi o‘rinda bormoqda.

«Loko» 10-turda «Nasaf» mehmoni bo‘ladi. O‘yin 26 may, yakshanba kuni Qarshidagi «Markaziy» stadionda soat 19:00da boshlanishi belgilangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » OAV: Samvel Babayan «Lokomotiv»ga bosh murabbiy bo‘ladi