23:56 / 01.06.2019
2 448

Ektor Kuper: "Terma jamoada o‘ynashga kim loyiq bo‘lsa, o‘sha futbolchi maydonga chiqadi"

Ektor Kuper: "Terma jamoada o‘ynashga kim loyiq bo‘lsa, o‘sha futbolchi maydonga chiqadi"
Xabaringiz bor, Ektor Kuper boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi ertaga Turkiya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi.

O‘FA rasmiy saytining xabar berishicha bugun mazkur bahs oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Matbuot anjumanida argentinalik mutaxassis o‘zining o‘yin oldi fikrlarini bildirib o‘tdi.

- Terma jamoa safiga yangi jalb etilgan futbolchilar menda yaxshi taassurot qoldirmoqda. Ular mashg‘ulotlarda yaxshi harakat qilishmoqda. Terma jamoa va klubdagi shart-sharoit, holat va talablar o‘zgacha bo‘ladi. Ishonamanki, yangi futbolchilarimiz milliy terma jamoaga tez kirishib ketishadi va ularning barchasi bizga foyda keltirishadi.

Tez orada Jahon chempionati saralash bahslari start oladi. Bu orada yangi futbolchilarni chaqirish, ularga imkoniyat berishga harakat qilyapmiz. Ayni damda boshqa chiziqlar bilan bir qatorda himoyada ham yangilar bor – Akromjon Komilov hamda Hojiakbar Alijonov.

Biz muntazam milliy chempionat uchrashuvlarini kuzatib boramiz va o‘yinchilar harakatlarini, boshqa nomzod futbolchilar o‘yinlarini ham ko‘rib, kuzatib, taqqoslab boramiz. Biz uchun eng muhimi – sof raqobat. Milliy terma jamoada o‘ynashga kim loyiq bo‘lsa, o‘sha futbolchi maydonga chiqadi. Kim talablarga javob bersa, yaxshi formada bo‘lsa, o‘sha maydonga tushadi. Agar sport formasi joyida bo‘lmasa, uning o‘rniga boshqa bir o‘yinchi chaqiriladi.

Ertangi bahsdagi raqib – Turkiya terma jamoasi haqida iliq fikrlarni bildira olaman. Ularning oxirgi o‘yinlarini kuzatdim va bu terma jamoa menda juda yaxshi taassurot qoldirdi.

O‘rtoqlik uchrashuvida eng muhimi g‘alaba qozonish emas. Barcha chiziqlarni ko‘rib olish – asosiy maqsad. Lekin baribir ishqibozlar o‘z sevimli jamoasidan chiroyli o‘yin va gollar kutadi.

Ertangi raqib jiddiy. G‘alaba qozonish oson bo‘lmasligi tabiiy. Lekin biz maydonga g‘alaba uchun chiqib, bor mahoratimizni ishga solishga urinamiz. Agar tartibli o‘yin namoyish etsak va butun diqqat-e’tiborni bir maqsadga jamlagan holda to‘p sursak – g‘alaba qozonishimiz mumkin, albatta.

Hujum chizig‘ida raqobat hozir oldingindan ortdi, hozir bizda oldingidan yaxshi hujumchilar bor, ilgari tarkibimizda u qadar yaxshi saviyadagi hujumchilar yo‘q edi, deb o‘ylamayman. Shunchaki, ba’zi o‘yinchilar oldin yaxshi sport formasida edi, hozir boshqalari shunday vaziyatda. Biz uchun muhimi – nomzod futbolchilar hamisha yaxshi formada bo‘lishsin va maydonda o‘z mahoratini namoyish etishsin, - dedi mutaxassis.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ektor Kuper: "Terma jamoada o‘ynashga kim loyiq bo‘lsa, o‘sha futbolchi maydonga chiqadi"