22:12 / 05.08.2019
2 765

O‘FA totalizatorga aralashgan shaxslarga jazo tayinladi

O‘FA totalizatorga aralashgan shaxslarga jazo tayinladi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qo‘mitasi totalizatorga bog‘liq holatni aniqlab, jazo belgiladi.

O‘FA rasmiy saytiga ko‘ra, «Oq-tepa» klubining sobiq bosh murabbiyi Yaroslav Krushelnitskiy 1 yil muddatga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirilgan. U shu yilning 12 iyun kuni «Iftixor» jamoasiga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida murabbiy bo‘la turib totalizator o‘yiniga aralashgani bunga asos bo‘lgan.

«Jazo tayinlashda Yaroslav Krushelnitskiyning o‘z aybini to‘liq tan olib, qattiq pushaymonligini bildirganligini inobatga olindi», – deyiladi rasmiy axborotda.

Shuningdek, o‘sha uchrashuvda «Iftixor» tarkibida o‘ynagan, hozir esa «Qizilqum»da faoliyat olib borayotgan Nodir Kamolov ham totalizator o‘yini ishtirokchisiga aylangani aniqlangan.

«Kamolov ham o‘z aybini to‘liq tan olib, qattiq pushaymonligini bildirganligi uchun qo‘mita tomonidan O‘FA Intizom kodeksining tegishli bandiga asosan olti oy muddatga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirildi», – deb ma’lum qilindi O‘FA rasmiy saytida.

O‘FA Etika qo‘mitasi o‘z bayonotida futbol sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, murabbiylar va futbolchilarni professionallik, tartib-intizom va halollik qoidalariga rioya qilgan holda ishlashga chaqirgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘FA totalizatorga aralashgan shaxslarga jazo tayinladi