19:35 / 05.09.2019
2 528

O‘zbekistondagi har bir tuman aniq sport turiga ixtisoslashtiriladi

O‘zbekistondagi har bir tuman aniq sport turiga ixtisoslashtiriladi
Foto: Shutterstock
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 sentyabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Prezidentning ma’lum qilishicha, ko‘plab tuman (shahar)larda mavjud sport ob’ektlaridan samarali foydalangan holda, ommaviy va professional sportni rivojlantirish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayapti. Bu haqda Kun.uz nashri xabar berdi.

«Misol uchun, Zarafshon va Olmaliq shaharlari, Xovos va Marhamat tumanlarida tayyor sport ob’ektlari va zarur shart-sharoitlar mavjud bo‘lsa-da, ommaviy sportni rivojlantirish va shu orqali professional sportchilarni ko‘paytirish bo‘yicha natijalar yetarli emas.

Shuning uchun, har bir tuman (shahar)da ilgari qaysi sport turlari rivojlangani, mavjud sport infratuzilmasi, aholining, ayniqsa yoshlarning qiziqishlaridan kelib chiqib, ularni aniq sport turlariga ixtisoslashtirish zarur. Masalan, Andijon shahri va Qorako‘l tumani yoshlari ilgaridan boksga qiziqishi, Samarqand tumanida – eshkak eshish bilan shug‘ullanish uchun imkoniyatlar mavjudligi, Bo‘ka tumani aholisining futbolga ishtiyoqi balandligini hisobga olib, ularni ushbu sport turlariga ixtisoslashtirish kerak.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (Nabiyev) sport federatsiyalari, hokimliklar bilan birgalikda bir oy muddatda har bir shahar va tumanni chuqur o‘rganib, ularni aniq sport turlariga ixtisoslashtirishni belgilasin hamda buni ta’minlash bo‘yicha «yo‘l xarita»larini ishlab chiqsin. Bunda, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari, viloyat, tuman (shahar)lar hokimliklari, boshqa idoralarning har biri tomonidan tuman (shahar)larni ixtisoslashtirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilishi aniq belgilanishi kerak.

Oliy ta’lim muassasalari va tuman (shahar)larni sport turlariga ixtisoslashtirish bo‘yicha taklif etilayotgan yangi tizimlarni joriy etsak, sportni ommalashtirib, uni haqiqiy umummilliy harakatga aylantira olamiz. Shuning uchun, Bosh vazir A.Aripov, Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (Nabiyev), Oliy ta’lim vazirligi (Majidov) bir oy muddatda oliy ta’lim muassasalari va tuman (shahar)larni aniq sport turlariga ixtisoslashtirish, yuqori sport natijalariga erishgan yoshlarni va jismoniy tarbiya o‘qituvchilarini rag‘batlantirish bo‘yicha tegishli qarorni qabul qilsin.

Shuningdek, uch oy muddatda aholining keng qatlamlarini jismoniy tarbiya va sportga muntazam jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sport infratuzilmasini rivojlantirish masalalarini qamrab olgan 5 yillik davlat dasturini ishlab chiqish kerak», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekistondagi har bir tuman aniq sport turiga ixtisoslashtiriladi