19:43 / 18.02.2020
2 853

O‘rgan "Man Siti". "Yuventus"ning transfer bozoridagi "ayyorliklari"

O‘rgan "Man Siti". "Yuventus"ning transfer bozoridagi "ayyorliklari"
Turin klubining futbolchilarni sotish va sotib olish yo‘lidagi o‘ziga xos strategik usulini tahlil qilishga harakat qilib ko‘ramiz.
"Emre Jan — juda yaxshi, muhim va foydali o‘yinchilardan biri. U o‘tgan yili ajoyib mavsum o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo hozirgi kunda jamoamiz qo‘llayotgan usulda o‘zini ko‘rsata olishi uchun ko‘nikma va mahorati hali yetarli emas", — degan edi Emre Janni Dortmund "Borussiya"siga berib yuborgan "Yuventus"ning sport direktori Fabio Paratichi. Ha, uning so‘zlari orqali "keksa sinora" uzoq yillardan buyon qo‘llab kelayotgan strategiyani tushunib olish qiyin emas.

Top-klublar o‘zini transfer bozorida qanday tutadi? Darhaqiqat, ularning ishi juda osondek tuyuladi — hozir yoki kelajakda jamoaga yordam berishi mumkin bo‘lgan o‘yinchilar bilan shartnoma imzolash. Shu bilan birga, ular yangi futbolchi klub taktikasiga hamda jamoaning o‘yin uslubiga qanchalik mos kelishi hisobga oladi. Yevropa klublarining aksariyati ushbu tamoyil asosida ish tutadi.

"Yuventus" — alohida mavzu. Turinliklar nafaqat ayni paytda tarkibda maydonga tushib foydasi tegadigan futbolchini tarkibga olib kelish bilan shug‘ullanishadi, balki boshqa transfer masalalarini ham o‘z o‘rniga qo‘yib qo‘yishadi: o‘yinchi kelajakda "keksa sinora"ga as qotishi mumkin. Bunga 2ta yorqin misol — Leonardo Spinatssola va Mattia Kaldara. Ular "Atalanta"da yetakchi edilar, o‘yin ham asosan ular orqali qurilardi. Biroq "Yuventus" safiga o‘tish ularga hech qanday yuqori martaba bermadi. Ammo ular turinliklarga bir qator muhim masalalarni hal etishda yordam berdilar.

"Atalanta"dan ijaradan qaytgan Spinatssola "Yuventus" safida A Seriyaning atigi 10ta o‘yinida maydonga tushdi (oltitasi asosiy tarkibda). Bir qarashda, bunday ishlarda na bir ma’no bor, na bir maqsad, lekin turinliklar barchasini puxta o‘ylab qo‘yishgan va qanday yo‘l tutish kerakligini juda yaxshi bilishadi. 2019 yil yozda Turin klubi "Roma" bilan yosh va iqtidorli chap qanot himoyachi Luka Pellegrinini sotib olish borasida kelishuvga erishdi. Ular ma’lum miqdordagi pul va 26 yoshli Spinatssolani qo‘shib berishga rozi bo‘ldilar. Shu sababli, Leonardo bugungi kunda "bo‘rilar" safida tajriba orttirmoqda, Luka esa bir mavsumga "Kalyari"ga berib yuborildi.

Xo‘sh, endi Kaldara haqida gapiradigan bo‘lsak... Bu himoyachi Italiya matbuotida eng istiqbolli markaziy himoyachi deb e’tirof etilgan. 2017 yil yanvar oyida "Yuventus" Mattia jamoasiga o‘tishi uchun "Atalanta"ga 19 million yevro bergan, ammo uni 18 oyga ijarada Bergamoda qoldirgan edi. "Yuventus"ning o‘sha vaqtdagi tarkibini eslang, ha, mudofaa chizig‘i ideal ko‘rinishda edi.

Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, Kaldara qanchalik iqtidorli bo‘lmasin, "keksa sinora" uning yordamiga muhtoj emasdi. Yosh himoyachi "Atalanta"dagi ijara muddati o‘z nihoyasiga yetdi. Ammo o‘yinchi Turinga kelgan zahoti uni "ayriboshlashdi" ("Yuventus" va "Milan" o‘zaro o‘yinchilar almashgani hech kimga sir emas): Leonardo Bonuchchi Turinga qaytdi, Mattia Kaldara esa Milan tomon yo‘l oldi.

Bunday transferlar Turin grandining o‘ziga xos "fishka"siga aylanib ulgurgan. So‘nggi o‘n yil ichida "Yuventus"ning shunga o‘xshash ishlari son-sanoqsiz. "Keksa sinora" ishtirokida amalga oshirilgan transferlarni hisoblab chiqadigan bo‘lsak, uchinchi yoki to‘rtinchisiga kelib adashib ketishingiz mumkin. Masalan, shu mavsum "Yuventus" tarbiyalanuvchisi Rojerio 6 million yevro evaziga "Sassuolo"ga sotib yuborildi. Oradan bir necha kun o‘tib, 18 million yevroga xuddi shu jamoadan turkiyalik futbolchi Merix Demiral bilan shartnoma imzolandi. "Yuventus" ushbu o‘ziga xos usuli tufayli foydasi yo‘q o‘yinchidan qutildi va yangi futbolchi uchun atigi 12 mln sarfladi.

Turin klubi 2020 yilda ham shunga o‘xshash bir nechta bitimlar imzolashga muvaffaq bo‘lgandi: "Kalyari"dan "Yuve" yoshlar jamoasida ijarada to‘p tepadigan Shimoliy koreyalik forvard Xan Kvan Sonni 3,5 mlnga sotib oldi. Ammo yetti kundan keyin turinliklar o‘sha futbolchini Qatarning "Al Duxayl" jamoasiga 5 millionga sotib yubordilar. Qiziq-a?!

"Yuventus" shu maromda davom etaverdi. Navbat "Barselona" bilan "ayriboshlashga" keldi: ijara huquqlari asosida Mateus Pereyra Ispaniyaga jo‘natildi (2017 yil "Empoli"dan sotib olingan xavbek. U turinliklar safida biror marta ham maydonga tushmagan). Uning o‘rniga 19 yoshli hujumchi Alexandro Markes keldi, o‘yinchi klubga to‘liq o‘tishi uchun "keksa sinora" yana 8 million yevro sarfladi.

Bir tarafdan, "Yuventus" rahbariyati oldiga qo‘ygan maqsadlarini anglamay, klub ishlariga baho berish juda qiyin. Lekin bir narsa aniq — Turinda hech narsa bejizga amalga oshirilmaydi. Hattoki, klub rahbariyati "Yuve"ning yoshlar jamoasida to‘p tepayotgan Alexandro Markes uchun 8 million hamda yana bitta futbolchi qo‘shib berishi "keksa sinora" qandaydir reja tuzib qo‘yganligidan dalolat beradi. Agar o‘yinchi jamoaga moslasha olmasa va yordami tegmasa, 1-2 yildan keyin uni foyda evaziga sotib yuborishlari yoki foydali o‘yinchiga almashtirishlari mumkin.

Xuddi shu kabi Emre Jan ham Massimiliano Allegri davrida "Yuventus"ga juda zarur edi. Allegri mehnatkash va g‘ayratli yarim himoyachi maydon markazida Miralem Pyanichga ajoyib sherik bo‘lishiga ishongandi. Biroq yozda klubga Mauritsio Sarri keldi va barcha narsa o‘zgarib ketdi. Jan ming urinishlar bilan ham Sarrining ro‘yxatidan joy ololmadi: raqobatda Remzi, Rabo va Bentankurga yengildi.

Jamoada aytarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagan Emre matbuotga bergan intervyusida o‘zi kabi mahoratli o‘yinchi "Yuventus"dek klubning zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib qolishini istamasligini ta’kidlagan. Lekin "keksa sinora" xo‘jayinlari uchun bunday gaplar hech qanday ahamiyatga ega emasdi. Qolaversa, ular zaxira o‘yinchisi uchun 5 million yevro sarflash juda katta summa deb hisoblashgan. So‘ng unga taklif kelib tushishi bilan Emre Jandan "qutilishgan": sotib olish majburiyati bilan Dortmundga ijaraga berilgan.

"U ajoyib o‘yinchi bo‘lib qolmoqda. "Borussiya" bizga to‘lagan — transfer summasi so‘zimiz isboti bo‘la oladi", — deydi Paratichi. Ha, "Yuventus" haqiqatdan ham xavbek tufayli yaxshigina pul ishlab olishga muvaffaq bo‘ldi. 2018 yilning yozida Emre Jan "Liverpul"dan Turinga erkin agent sifatida kelgandi. Lekin mutaxassislar so‘zlariga ko‘ra, kelishuv "Yuventus"ga 16 million yevroga tushgan ekan (o‘yinchini olib kelish uchun sarflangan pul, agentlarga to‘langan tovon puli va hokazo).

Bugungi kunda "Borussiya" yozgacha "keksa sinora"ga tahminan 25 mln yevro to‘lab berishi lozim. Qolaversa, o‘yinchi yarim yil ijarada o‘ynashi uchun "Yuve" hisob raqamiga allaqachon 1 million o‘tkazib qo‘ygan. O‘tgan mavsum Jan asosiy tarkib o‘yinchisi bo‘lib, jamoaga katta yordam bergandi. Bundan tashqari, jamoga yana 10 million foyda olib kelmoqda.

"Yuventus" ham tayyor futbolchilarni tarkibiga qo‘shib olib, "Manchester Siti" kabi o‘ynatib yuraverishi ham mumkin edi. Lekin ular nafaqat sportdagi natija haqida, balki masalaning moddiy tomonini ham unutib qo‘yishmadi. Axir, kim yoki nima manchesterliklarga bunchalik bo‘lmasa-da, shunga yaqinroq yo‘l tutishga imkon bermayapti? Vaholanki, APL vakillari birgina translyatsiya huquqlari orqali qolgan chempionat vakillaridan anchagina ko‘p mablag‘ topishadi.

Ha, ajoyib biznes! Kelgusida ham "Yuventus"ning qaysidir transferi sizga g‘alati yoki sariq chaqalik foydasi yo‘qdek tuyulishi mumkin. Lekin aslida u bir necha millionlar olib kelishi hech gap emas.
Ehtimol, bu "keksa sinora"ning navbatdagi strategik rejasining kichik bir qismidir?! Shunday ekan, xulosa chiqarishga shoshilmang!

Nozima Zaripova tarjimasi


Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘rgan "Man Siti". "Yuventus"ning transfer bozoridagi "ayyorliklari"