20:30 / 29.02.2020
2 712

O‘FAda yig‘ilishi o‘tkazildi

O‘FAda yig‘ilishi o‘tkazildi
Xabaringiz bor, Lyubinko Drulovich boshchilik qilgan O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Tokio-2020 Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmadi. Endilikda navbatdagi Olimpiya o‘yinlari haqida hozirdanoq o‘ylash hamda puxta reja asosida tayyorgarlik jarayonini imkon qadar ertaroq boshlash talab etiladi.

Shu maqsadda bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida Milliy Olimpiya Qo‘mitasi rahbariyati hamda O‘FA Murabbiylar kengashi a’zolari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda 2024 yili Parijda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishi mumkin bo‘lgan yosh toifasiga hozirdanoq jiddiy e’tibor qaratish lozim ekani, 2001 va 2002 yilda tavallud topgan futbolchilardan iborat terma jamoa uchun kompleks-tayyorgarlik rejasi ishlab chiqish masalalari muhokama etildi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

Rejaga ko‘ra, 2024 yil Parijda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlariga puxta hozirlik olib borish maqsadida Olimpiya terma jamoasiga nomzod futbolchilardan tashkil etiladigan “Olimpik 24” futbol jamoasi tuziladi. Mazkur jamoa mamlakat chempionatining Birinchi liga musobaqasida ishtirok etadi.

“Olimpik 24” jamoasi 2001 va 2002 yilda tavallud topgan futbolchilar asosida shakllantiriladi. Bu yoshdagi asosiy futbolchilar o‘z klublari bilan professional shartnomaga ega bo‘ladi. “Olimpik 24” safida esa ular raqobat muhitini oshirishadi va muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib borishlari mumkin bo‘ladi.

“Olimpik” jamoasining chempionatdagi asosiy maqsadi – futbolchilarni shakllantirish, yangi nomlarni kashf qilish, yosh iste’dodlarga zarur o‘yin amaliyotini taqdim etishdan iborat bo‘ladi.

Qayd etish joiz, aynan 2001 va 2002 yilda tavallud topgan futbolchilar 2024 yilgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishlari mumkin. Ular 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan U-23 Osiyo chempionati musobaqasini muvaffaqiyatli bosib o‘ta olsa, O‘zbekiston tarixida ilk bor Olimpiada yo‘llanmasi qo‘lga kiritiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘FAda yig‘ilishi o‘tkazildi