12:00 / 14.03.2020
2 289

"Qizilqum"da bosh murabbiy o‘zgarishi mumkinmi?

"Qizilqum"da bosh murabbiy o‘zgarishi mumkinmi?
Navoiyning “Qizilqum” jamoasi uchun “Mavsum-2020” omadsiz boshlanganini barcha yaxshi biladi. Aslida esa ushbu jamoa uchun taqvim bir muncha qulayroq tushgandi. Boisi ular dastlabki ikki turni o‘z maydonida “Nasaf” hamda “Surxon” klublariga qarshi o‘tkazishi belgilab qo‘yilgandi. Biroq har ikkala bellashuvda ham navoiyliklar mag‘lubiyatga uchrab muxlislarini ranjitib qo‘ydi.

Tabiiyki, mavsumning bunday start olishi klub rahbarlariga ham yoqmagani turgan gap. Shu boisdan oxirgi paytlarda “Qizilqum”da bosh murabbiy o‘zgarishi mumkinligi borasida xabarlar tarqalmoqda. Bu borada esa ayrim mutaxassislarning nomzodi ham ko‘rib chiqilayotgani to‘g‘risida ma’lumotlar ham bor.

Misol uchun “Qo‘qon-1912”da bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatovga yaqindan yordam berib kelayotgan jizzaxlik Davron Fayziyevga taklif bilan chiqishgan. Ushbu masala bo‘yicha murabbiyning o‘zi bilan bog‘langanimizda bu xabarni tasdiqlamadi ham va inkor etmadi ham. Hozircha bu masala to‘g‘risida hech nima ayta olmasligini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, muxlislarimizga yaxshi tanish bo‘lgan rossiyalik mutaxassis Viktor Kumikov nomzodi ham ko‘rib chiqilgan. Hattoki, Viktor Balyutovichning Navoiyga borib kelgani haqida ham ma’lumotlar bor. Xabaringiz bor, ushbu mutaxassis yurtimizda oxirgi bor 2018 yili AGMK jamoasida ishladi. Shundan so‘ng Qozog‘istonning “Atirau” jamoasini ham boshqardi.

Balki ulardan tashqari yana boshqa nomzodlar ham bo‘lishi mumkin. Biroq hozircha Hamidjon Aktamov “Qizilqum”dagi ishini davom ettirmoqda va bugun Muborakda “Mash’al”ga qarshi bo‘ladigan bahsga jamoasini tayyorlamoqda. Balki rahbariyat Aktamovga yana imkoniyat bergandir. Voqealar rivojini esa kuzatishda davom etamiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Qizilqum"da bosh murabbiy o‘zgarishi mumkinmi?