09:51 / 24.03.2020
3 064

Rauf Inileyev: Ha, "Andijon" taklif bilan chiqdi, lekin...

Rauf Inileyev: Ha, "Andijon" taklif bilan chiqdi, lekin...
“Andijon” klubi bosh murabbiysiz qolganligini yaxshi bilasiz. Nafaqat Aleksandr Xomyakov, balki u bilan birga ishlagan Jamshid Saidov hamda Nikolay Minchev ham klub bilan xayrlashishgan. Shu bois klub boshqa mutaxassislarning nomzodlarini ko‘rib chiqayotgani sir emasdi. Ma’lumotlarga qaraganda, andijonliklar anchadan beri ishsiz yurgan Rauf Inileyev variantiga ham e’tibor qaratishgan.

O‘z vaqtida “Andijon” klubini boshqargan ushbu mutaxassis yana sobiq klubiga qaytadimi? Rauf Talgatovichga ko‘proq maslahatchi murabbiy sifatida ko‘z tikishganligi borasida ham eshitgandik. Biz esa vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Inileyev bilan bog‘landik. Murabbiy mazkur masala bo‘yicha o‘zining fikr va mulohazalarini atroflicha bildirgan holda klubdan chindan ham taklif bo‘lganligini, lekin o‘z navbatida bu chorlov amalga oshmaganini ham ta’kidladi.

“Agar menga chempionat boshlanmasdan oldin taklif bilan chiqishganida boshqa gap edi”
- Ha, ular menga qo‘ng‘iroq qilishdi va o‘z takliflarini aytishdi. Ammo bunga javoban o‘ylab olishim uchun biroz vaqt berishlarini so‘ragandim. Qolaversa, hozirgi yuzaga kelgan vaziyat juda g‘alati. Mavsum boshlanganidan so‘ng atigi uchta tur o‘tdi hamki, “Andijon”da bosh murabbiy o‘zgarishi bilan bog‘liq muammo yuzaga keldi. Chunki chempionat start olganidan so‘ng bor yo‘g‘i uchta o‘yin o‘tkazilgach, bosh murabbiyning ishdan ketish haqida ariza yozishi kamdan-kam sodir bo‘ladigan voqeadir. Bu masalada asosiy muammo kimda yoki nimada ekanligini bilib olish maqsadga muvofiqdir.

“Andijon”ning omadsiz startida kim aybdor: Xomyakovmi yoki butun jamoa? Boz ustiga klubning moliyaviy ahvolida ham muammolar ko‘pligini hamma yaxshi biladi. Xomyakov ketdimi, demak klubdagi muammo bartaraf qilinmagan. Futbol ichida uzoq yillardan beri yurganim uchun nima deyayotganimni yaxshi bilaman. Murabbiyni ishga taklif etish uchun mavsum boshlanganidan keyin emas, balki boshlanishi oldidan taklif etish kerak. Agar menga ham chempionatga start berilmasdin oldin shunday taklif bilan chiqishganida boshqa gap edi.

Chunki o‘z nuqtai nazarimdan va tajribamdan kelib chiqqan holda jamoani mavsumga tayyorlagan bo‘lardim. Hozir esa bunday ishlar bilan shug‘ullanishga ancha kech. Bundan tashqari, tarkibga biror-bir yangi o‘yinchini kiritishning vaqti o‘tgan. Shunday ekan, “Andijon”dagi vaziyat chindan ham har tomonlama murakkab ko‘rinish olgan. Chunki ayni paytda nimanidir o‘zgartirishning umuman iloji yo‘q. Rostini aytsam, o‘z ishining ustasi bo‘lgan murabbiyga bunday taklif bilan chiqish biroz g‘ayrioddiy ko‘rinadi.

Boya aytganimdek, mavsum boshlanmasidan menga shu ishni topshirmoqchi bo‘lishganidami, barcha masalani atroflicha hal qilib olgan bo‘lardim. Yana shuni alohida e’tirof qilish kerakki, rahbariyatning ishonchi murabbiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Natijalar yaxshilanishi uchun oldindan shunga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Klubni boshqarish haqida menga taklif bilan chiqqanlarida oilaviy sharoitim tufayli buni darhol qabul qila olmasligimni ham aytdim. Chunki bunday ishlar birdaniga hal qilinmaydi.

“Futbolda boshqalarning xatosini to‘g‘rilashdan mushkulroq ish yo‘q”
- Yana takrorlayman, murabbiyni tanlash masalasiga juda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish kerak. Bunday shoshilinch chorlovdan so‘ng o‘zimni xuddi yong‘inni o‘chirishga chaqirilgan o‘t o‘chiruvchidek his qila boshladim. Yo‘q, ishlar bunday qilinmaydi. Qolaversa, men endi futbolni takomillashtirish ustida ko‘proq ishlab, anchadan beri faol murabbiylikdan chetda yuribman. Futbolda boshqalarning xatosini to‘g‘rilashdan mushkulroq ish yo‘q. Buning uchun vaqt kerak. Murabbiy o‘ziga yetarli vaqt berilgan taqdirdagina kutilgan natijalarni kafolatlay olishi mumkin bo‘lgan jamoani shakllantira oladi.

“Boshlagan ishimni yarim yo‘lda tashlab ketish achinarli bo‘lgan”
- Yodingizda bo‘lsa, bir necha yil oldin “Andijon”da ishlaganman. O‘shanda jamoa quyi ligada ishtirok etardi. O‘shanda klub musobaqa jadvalining 5-pog‘onasida borardi. Oradan ma’lum vaqt o‘tganidan keyin esa birinchilikda tanaffus yuzaga kelib, yig‘inlarni o‘tkazishimizga to‘g‘ri keldi. O‘sha yig‘in boshlanishi oldidan esa rahbariyat tomonidan buni risoladagidek tashkil etish uchun mablag‘ yo‘qligi ma’lum qilingan. Bu xuddi boshdan sovuq suv quyib yuborishdek ta’sir qilgan.

Men o‘shanda mutasaddilarga mayli maoshlarimda uzilishlar yuzaga keladigan taqdirda ham yig‘inni o‘tkazish uchun mablag‘ topib beringlar, deb iltimos qilgandim. Lekin rad javobini olgach, klubdan ketishimga to‘g‘ri kelgan. Yashirmayman, boshlagan ishimni yarim yo‘lda chala tashlab ketish juda achinarli bo‘lgan. Chunki hammasi yaxshi sur’atda kechayotgan bir pallada kutilmaganda salbiy tomonga o‘zgarib ketgan. Vaziyat shunday tus olgandiki, o‘shanda oddiy mashg‘ulotni o‘tkazish uchun mablag‘ning o‘zi topilmasdi. Bunday pallada esa murabbiy uchun ketish eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi.

“Faoliyatim davomida yetarlicha tanqidlarga uchraganman”
- Bizdagi ayrim klublarda murabbiylar o‘zgarishi tez-tez kuzatilayotgani shundan dalolat beradiki, u yerlarda vaziyat yaxshi emas. Ya’ni, rahbariyat bilan o‘rtadagi munosabatda o‘ziga xos muammo yuzaga kelgan bo‘ladi. Afsuski, bugungi “Andijon”dagi ahvol ham shundan dalolat beryapti. Men yosh murabbiy emasman. Futbolda ko‘p narsani ko‘rdim, past-balandni o‘rgandim va shunga yarasha tajriba to‘pladim. Murabbiy sifatida qoniqarsiz natijalar uchun javobgarlikni bo‘ynimga olib, yetarlicha tana-dashnom va tanqidlarga uchraganman.

Bundan nolimoqchi emasman. Chunki shunday hol istalgan murabbiyda yuz berishi mumkin. Mutasaddilar bilan murabbiylar shtabi vakillari o‘rtasidagi ishchi munosabatning yuzaga kelishi vaziyatning ijobiy ko‘rinish olishini ta’minlaydi. Qolaversa, hamkasbimning xatolarini to‘g‘rilab ishni to‘xtagan joyidan davom ettirish – bu mening usulim emas. Murabbiyning qismati turli tasodiflarga to‘la. Bugun hamma Abramovni eng yaxshi murabbiy sifatida ko‘rsatib, terma jamoa ruli shunday kishiga topshirilganidan xursand yurishi mumkin.

Lekin Abramovning yaqin o‘tmishda “Neftchi” klubi ustozi sifatida qanday omadsizliklarga uchraganini eslang. Albatta, Vadim Abramov – yaxshi mutaxassis. Biroq asosiy muammo unda bo‘lmagan. Aks holda Sarkisyan “Neftchi”dan ketmagan bo‘lardi. U ham Farg‘onada mahalliy klubni boshqarish uchun yetarlicha shart-sharoitlar yo‘qligini tushungach, ketishdan boshqa chora topa olmagandi.

“O‘zim tayyorlamagan va tanlamagan futbolchilar bilan ishlashni tasavvur qila olmayman”
- Murabbiylik – o‘ta murakkab kasb. Negaki, kishi shu rolda o‘zini sinashga kirishar ekan, faoliyati davomida quvonchli damlardan ko‘ra mashaqqatli paytlar ko‘proq yuz berishini tushunib turadi. Murabbiylik insondan fidoyilikni talab qiladi. Shu sabab har kim ham murabbiy bo‘la olmaydi. O‘zim tayyorlamagan, o‘zim tanlamagan futbolchilar bilan ishni qanday boshlashim mumkinligini hech tasavvur qila olmayman. Men buni masalaga noto‘g‘ri yondashuv deb hisoblayman.

“Rahbarlarning hammasi ham futbol odami hisoblanmaydi”
- Jiddiy aytadigan bo‘lsam, hozirda “Andijon”ga kelishim mumkinligi borasida aniq bir narsa deya olmayman. O‘zingiz ko‘rdingiz, “Navbahor”da murabbiyni ishdan olishdi, keyin esa oradan ko‘p o‘tmay uni yana ortga qaytarishdi. Bu esa o‘z navbatida rahbarlarning ham, murabbiylarning ham yetarli darajada asabiylashishlariga sabab bo‘ladi. O‘zimni xayolan Kanchelskisning o‘rnida tasavvur qilib, o‘sha damlarda unga qanchalik og‘ir bo‘lganligini ich-ichimdan his qilganman. Yana shuni aytishim kerakki, bizdagi klublarning tepasidagi rahbarlarning hammasi ham futbol sohasi odamlari hisoblanmaydi. Shuning uchun mana shunday muammolar yuz berib turadi. Lekin har doim va har qachon natija uchun javobgarlik murabbiyning zimmasiga tushadi. Shu bois atrofdagilar klub ichida qanday ishlar yuz berganidan bexabar holda falonchi murabbiy o‘zi yaxshi emasdi, degan noto‘g‘ri xulosaga kelishadi.

“Xomyakov ketishga qaror qildimi, demak muammo hal etilmagan”
- To‘g‘risini aytsam, oxirgi uchrashuvlarning deyarli hammasini tomosha qildim. Asosiysi, aksar o‘yinchilarda g‘alaba uchun ishtiyoq yaqqol sezilib turdi. Tushunishimcha, 3-tur boshlanishi oldidanoq Xomyakov “Andijon”ning muammolari jiddiyligiga sha’ma qilib o‘tib, bejiz bu haqda to‘xtalmagan. O‘yindan so‘ng u rahbarlar bilan uchrashaman degandi. Xomyakov “Andijon”dan ketishga qaror qilibdimi, demak o‘sha uchrashuv kutilgan darajada chiqmagan va muammolar hal etilmasdan qolavergan.

“Ko‘pni ko‘rgan murabbiy sifatida shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ya olmayman”
- Hozir qarshimda bir qancha variantlar bor. Lekin men ko‘pni ko‘rgan mutaxassis sifatida bunday paytda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ya olmayman. Bunday shoshilish yoshlarga xos. Agar menga mavsum oxirigacha ishlashni taklif qilishsa, yarim yil o‘tganidan so‘ng ketishimga to‘g‘ri kelishini sezgan holda nega bunday taklifga rozi bo‘lishim kerak? Uch kun oldin menga shu masalada murojaat qilishganida o‘ylab olishim kerakligini bildirgandim. Bugun mana yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi va ularga oilaviy sharoitim tufayli bu taklifni qabul qila olmasligimni javob tariqasida yetkazdim.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rauf Inileyev: Ha, "Andijon" taklif bilan chiqdi, lekin...