21:18 / 25.03.2020
4 173

"Nasaf"ning yangi yetakchisi Oybek Bozorov bilan suhbat

"Nasaf"ning yangi yetakchisi Oybek Bozorov bilan suhbat
“Nasaf” iqtidorli yoshlarga boy klub hisoblanadi. Uning akademiyasidan doimo kelajagi porloq yoshlar yetishib chiqadi va bu an’ana davom etmoqda. Ana shunday iqtidor egalaridan biri kosonlik Oybek Bozorovdir. Yanvarda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ham ushbu o‘yinchi olimpiya terma jamoamiz safida harakat qildi. To‘g‘ri, vakillarimiz asosiy vazifani bajara olishmadi. Biroq Bozorov o‘zidan yaxshi taassurot qoldirgandi. Endilikda esa u “Nasaf”ning asosiy tarkib a’zosiga aylandi va Bozorov misolida klub yana bir bo‘lajak yetakchisiga ega bo‘ldi deyishimiz ham mumkin. Biz esa ushbu yosh iqtidor egasi bilan suhbatlashishga qaror qildik.

- Oybek, avvalambor futbolga qanday kirib kelganingiz haqida gapirsangiz. Bu borada kimdir sizga turtki berganmi?
- Uyimizning oldida maktab bor. Maktabimiz stadioniga esa Amin Tursunov degan murabbiy kelgandi. Men esa futbolga qiziqishim tufayli uning mashg‘ulotlarida qatnasha boshlaganman. 2009 yili esa “Nasaf” klubining akademiyasi ochildi. Natijada 1997 yilda tug‘ilgan o‘yinchilarning ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. O‘shanda Umar Rahmatullayev bilan Sergey Petrovich bir qator bolalarning orasidan meni ham akademiyaga jalb qilishgan. Shu tariqa, futbol bilan yanada jiddiy shug‘ullanishni boshlaganman.

- Ota-onangiz sizning futbolchi bo‘lishingizga qanday qarashgan? Yoki boshida qarshilik qilishganmidi?
- Tan olaman, uyimdagilar boshida qiziqishmagan. Baribir futbolga bo‘lgan mehrim tufayli bu sport turiga kirib borganman va shundan so‘ng men tufayli uyimdagilarning ham qiziqish ortib borgan. Albatta, ular men uchun qo‘llaridan kelganicha yordam berishgan va doimo qo‘llab-quvvatlashadilar.

- “Nasaf” akademiyasiga qabul qilinganingizdan so‘ng u yerdagi hayotingiz qanday kechgan? Moslashish qiyin bo‘lmaganmi?
- U yerga moslashishim men uchun yaxshi bo‘lgan. Biz tengqurlarmiz, barchamiz yosh bo‘lganmiz va bir-birimizni hamisha qo‘llab-quvvatlab kelganmiz. Albatta, u yerda qiziqarli voqealar ham ko‘p bo‘lgan.

- U yerdagi eng yaqin do‘stlaringiz kim?
- O‘sha vaqtlarda ham akademiyadagi barcha yigitlar bilan yaqin munosabatda bo‘lganmiz. Ammo o‘shanda ko‘p do‘stlarim keyinchalik o‘zlariga boshqa kasbni tanlashdi. 2009 yildan beri esa mening ikkita do‘stim qoldi. Ya’ni, ular bilan bitta guruhda bo‘lib, birgalikda o‘ynab kelyapmiz. Ular – Bobir Abduholiqov bilan Jo‘rabek Mannonov.

- Akademiyadagi paytingizdayoq siz “Nasaf” ustozi Ro‘ziqul Berdiyevning e’tiboriga tushgandingiz. Ushbu mutaxassis bilan dastlab qayerda tanishgansiz?
- 2016 va 2017 yillari “Nasaf”ning birinchi ligadagi jamoasida o‘ynaganman. Keyin birinchi davra tugaganidan so‘ng meni asosiy jamoaning mashg‘ulotiga jalb qilgan.

- Shuningdek, “Nasaf” tarkibidagi debyut o‘yiningiz qachon va qaysi o‘yinda yuz bergan?
- 2018 yilda “Neftchi”ga qarshi uchrashuvda zaxiradan maydonga tushganman. O‘shanda juda xursand bo‘lgandim. Qolaversa, menda o‘ziga yarasha his-hayajon ham kuzatilgandi. Keyingi bellashuvni esa “Qizilqum”ga qarshi o‘tkazganmiz va o‘sha bahsda meni asosiy tarkibda maydonga tushirishgan. O‘sha onlar men uchun unutilmas bo‘lib qolgandi, barcha jamoadoshlarim meni qo‘llab-quvvatlashgan.

- Har bir futbolchining o‘ziga yarasha niyat hamda maqsadlari bor. Bu borada sizning orzuingiz qanday?
- Albatta, mening ham orzularim bor. Hamma futbolchi doimo yaxshi o‘yin ko‘rsatishni va muvaffaqiyatlar qozonishni istaydi. Lekin meni kamchiliklarim hali ko‘p. Shu bois avvalo o‘z kamchiliklarim ustida ko‘proq ishlashim kerak. Ana shunda yaxshi natijalarga erishsam, menga yanada yaxshiroq klublardan takliflar bo‘ladi. Bu esa meni xursand qiladi. Orzularim esa ko‘p. Ammo ulardan bittasi afsuski amalga oshmadi. Endi milliy terma jamoamiz bilan jahon chempionatida o‘ynash orzuim bor.

- Yanvarda Tailanddagi Osiyo chempionatida terma jamoamiz safida sizni kashfiyot futbolchi bo‘lganingizni ko‘pchilik e’tirof etishdi. Bu faoliyatingizda tub burilish yasagan deyish mumkinmi?
- Uzr, bu savolga javob bera olmayman. Bunday gaplarni hech qanday qizig‘i ham qolmagan. Chunki o‘sha Osiyo chempionatida biz o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifani bajara olmadik. Jamoamni ham muhim uchrashuvda qiyin ahvolga solib qo‘ydim. O‘sha holatlarni esa eslagim ham kelmaydi. O‘sha o‘yinlarni unutishga harakat qilib, oldimga boshqa maqsadlarni qo‘yyapman.

- Demak, Osiyo chempionatidan siz uchun alamli xotiralar qolgan...
- Ha, shunday.

- “Nasaf” bu yil asosan o‘z tarbiyalanuvchilari bilan chempionatga kirishdi. Jamoa esa mavsumni g‘alabalar bilan boshladi va dastlabki uchta o‘yinda uchta g‘alaba qozondinglar...
- Xudoga shukrki, biz mavsumni yaxshi boshladik. Nasib bo‘lsa, bundan keyin ham barchasi yaxshi bo‘ladi degan umiddaman. Murabbiylarimizning ko‘rsatmalariga to‘liq amal qilib harakat qilsak, ijobiy natijalarga erisha olamiz deb o‘ylayman.

- Endilikda koronavirus tufayli chempionatimiz vaqtincha to‘xtatilgan. Bunday paytda vaqtingizni qanday o‘tkazyapsiz?
- Ha, koronavirus tufayli ko‘plab chempionatlar to‘xtatilgan. Hozirgi paytda esa uyda o‘zim yakka tartibda shug‘ullanib turibman. Albatta, bu borada murabbiylarimiz bilan gaplashib turibmiz. Ular tomonidan berilgan vazifalarni esa uyda bajaryapmiz. Agar yakka tartibda mashg‘ulot o‘tkazib turmasak sport formasidan chiqib ketamiz va bu holat faqat o‘zimizning zararimizga ishlashi mumkin.

- Shuningdek, “Nasaf”ning bir qator iqtidorli o‘yinchilariga xorijdan takliflar bo‘layotgani haqida eshitib turamiz. Bu borada sizda ham variantlar bo‘lyaptimi?
- Agentlar har xil klublarning variantlari haqida aytishyapti. Lekin hali aniq bir yaxshi taklif bilan hech kim chiqqani yo‘q.

- O‘zingiz uchun yoqtirgan kumiringiz kim?
- Messi bilan Neymar.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Nasaf"ning yangi yetakchisi Oybek Bozorov bilan suhbat