00:15 / 28.03.2020
2 690

Vadim Abramov: Xalqaro sahnadagi o‘yinlarni qachondan boshlab o‘tkazishni FIFA hal etadi

Vadim Abramov: Xalqaro sahnadagi o‘yinlarni qachondan boshlab o‘tkazishni FIFA hal etadi
Koronavirus tufayli yurtimizda ham fuqarolarning o‘ta zarurat bo‘lmagan holatda uydan chiqmasligi borasida qat’iy ravishda ogohlantirishlar berib borilmoqda. Natijada aksariyat fuqarolar hozirda karantin sababli o‘z uylarida qolmoqdalar. Bu borada O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda “Bunyodkor” klubi bosh murabbiyi Vadim Abramov ham asosiy vaqtini uyda o‘tkazmoqda. Albatta, yuz bergan bunday holat tufayli murabbiy sifatida uning ham rejalarini tubdan o‘zgartirib yubordi.

Holbuki, vakillarimiz ushbu oyda jahon chempionati saralashi doirasida Yamanga qarshi o‘yinni o‘tkazishlari lozim edi. Vaziyat o‘zgarib ketgani sababli barcha o‘yinlar to‘xtatilgan. Futbolchilar esa o‘z uylarida individual tarzda mashg‘ulotlar olib borishmoqda. Vadim Karlenovich bilan o‘zaro suhbatimiz davomida shunga o‘xshash masalalar va terma jamoamizning keyingi rejalari xususida gap bordi.

- Vadim Karlenovich, ayni paytda futbolsiz o‘zingizni qanday tasavvur qilyapsiz?
- Ha, bu nafaqat men, balki hamma uchun og‘ir hamda murakkab vaziyatdir. Albatta, ishsiz qolish yaxshi emas. Kishining bunga ko‘nikishi esa og‘ir bo‘ladi. Lekin inson har narsaga moslashar ekan. Qolaversa, shunday ko‘rsatmalar berilgan, biz fuqarolarning burchimiz esa buni bajarishdir.

- Bunday paytda futbol hech kimning hayoliga ham sig‘may qoladi. Shunday bo‘lsa-da, “Bunyodkor”dagi shogirdlaringiz bilan gaplashib turibsizmi? Ularga yakka tartibda shug‘ullanish uchun topshiriqlar bergandirsiz?
- Karantin davrida futbolchilarga individual tarzda shug‘ullanishlari uchun kerakli ko‘rsatmalarni berganmiz. Tabiiyki, “Bunyodkor” ham Superliganing boshqa klublari singari bizga berilgan ko‘rsatmalar asosida yo‘l tutgan. Toshkentdan bo‘lmagan vakillarimiz, kimdir Farg‘onada, yana kimdir boshqa viloyatda o‘ziga topshirilgan ko‘rsatmalar asosida individual tarzda shug‘ullanishyapti. Umid qilamizki, o‘yinchilarimiz o‘zlariga topshirilgan bunday vazifani bajarmoqdalar. Ha, biz murabbiylar futbolchilar bilan tez-tez bog‘lanib, kerakli yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalarni berib boryapmiz.

- Hammasi ortda qolib, chempionat o‘yinlariga yana ruxsat berilganida futbolchilaringizning ortiqcha vazn bilan qaytishlaridan xavotirda emasmisiz?
- O‘ylaymizki, o‘yinchilarimiz shuningsiz ham haqiqiy professional sifatida hammasini to‘g‘ri tushunib, to‘g‘ri bajarishga harakat qilmoqdalar. Albatta, ayni chog‘da o‘z uylarida bo‘lib turgan yigitlarimiz kerakli tarzda jismoniy holatlarini bir maromda ushlab turish ustida ishlayotgan bo‘lsalar kerak. Keyinchalik vaziyat iziga tushib, o‘yinlar boshlashga ruxsat berilsa, bir hafta, maksimum ikki hafta ichida hamma ishni yo‘lga qo‘yib olish mumkin.

- O‘zingiz hozirgi jarayondagi karantinni qanday o‘tkazyapsiz?
- Aftidan, klubimiz a’zolari ham hamma qatori o‘z uylarida o‘tirgan bo‘lsalar kerak. Jumladan bizda ham shunday. Kerakli narsalarni sotib olish uchun ba’zi-ba’zida tashqariga chiqib turibman xolos.

- Afsuski, terma jamoadagi rejalaringiz ham butkul o‘zgarib ketdi. Endi vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarishini kutishdan boshqa chora yo‘q. Shunday ekan, qanday yangi rejalar tuzmoqchisiz?
- Hozircha biz reja xususida taxminan gaplashib olganmiz. Shu asnoda rejadagi Armaniston va Yaman terma jamoalariga qarshi o‘tkaziladigan o‘yinlarni mos ravishda iyun oyining 4- va 9-kunlariga ko‘chirganmiz. Lekin baribir hammasi umumiy vaziyatning qanday tus olishiga bog‘liq ekanligini alohida ta’kidlashim kerak. Axir bu butun dunyo hamjamiyatini qattiq tashvishga solib qo‘ygan murakkab holatdir. Xalqaro sahnadagi o‘yinlarni qachondan boshlab o‘tkazishni FIFA hal etishi kerak bo‘ladi. Shundan so‘ng OFK bu masalada bir to‘xtamga kelib olishini unutmaslik kerak.

- Hozir adashmasam birgina Belorussiya chempionati davom etyapti. U yerda esa hamyurtimiz Jasur Yaxshiboyev o‘zini ko‘rsatishni boshladi. Futbolchimizni kuzatishni boshlagandirsiz-a?
- Ha, so‘zsiz Yaxshiboyevning faoliyati qanday kechayotganini legioner maqomida bo‘lgan boshqa vakillarimiz qatori diqqat bilan kuzatib boryapmiz. TV orqali uning o‘yini namoyish etildi. Yaxshiboyevning maydondagi hatti-harakatlari menga yoqdi. Ha, u O‘zbekiston terma jamoasiga nomzodlardan biri bo‘lib qolishda davom etaveradi. Asosiysi, Yaxshiboyevning ishlari joyida ekanligidan biz murabbiylar xursandmiz.

- Endi hammasi juda tig‘iz grafikka tushib qoladi. Chunki chempionatni davom ettirish, bu yoqda esa terma jamoamizning o‘yinlari...Bunday paytda esa sizga yanada mashaqqatli bo‘lishi turgan gap.
- Ha, men bunga dastlabki kunlardanoq tayyor edim. Shuning uchun bu borada biror murakkab vaziyat yuzaga kelgani yo‘q. Hozircha klubda ham, terma jamoada ham ishlamayapmiz. Qachon ishlashni boshlasak, qarshimizda keyinchalik qanday yo‘l tutish borasida hammasi oydinlashadi. Yana qaytaraman: hammasi umumiy vaziyatning qanday tus olishiga bog‘liq.

- Shuningdek, uchinchi turdan keyinoq chempionatimizda iste’folar ham boshlandi. Murabbiy sifatida bunga qanday qaraysiz?
- Murabbiylar iste’fosining mavsum boshidanoq yuz berishimi?

- Ha, shunday. Aytaylik, Aleksandr Xomyakov “Andijon”ni rasman tark etdi...
- Bundan taajjubga tushish yaramaydi. Qolaversa, iste’fo murabbiyning qismatiga aylanib ulgurgan. Murabbiylarning ishini esa rahbariyat baholaydi. Menga ma’lum bo‘lishicha, Xomyakov o‘ziga begona bo‘lmagan jamoaga qaytadi. Lekin uning nima sababdan ishdan bo‘shaganligini o‘zidan, klub mutasaddilaridan so‘rab bilgan ma’qul. Chunki vaziyatdan voqif emasman. Tabiiyki, rahbariyat klub oldiga qandaydir vazifalarni qo‘ygan, bu vazifa bajarilishi ilk turlardanoq so‘roq ostida qolgani bois ham yuqoridagilar shunday to‘xtamga kelgan ko‘rinishadi. Futbolda uzoq yurgan mendek kishi uchun bunday ishlarning yuz berib turishi g‘ayrioddiy holatdek ko‘rinmaydi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov: Xalqaro sahnadagi o‘yinlarni qachondan boshlab o‘tkazishni FIFA hal etadi