00:31 / 30.03.2020
3 488

Isroil Madrimov haqida jahonning eng mashhur nashri tomonidan ajoyib maqola chop etildi

Isroil Madrimov haqida jahonning eng mashhur nashri tomonidan ajoyib maqola chop etildi
Hamyurtimiz Isroil Madrimovni O‘zbekistonda tanimagan inson bo‘lmasa kerak. Albatta, u havaskor boksda o‘zining ajoyib harakatlari, natijalari bilan barchamizni birdek xursand qilib kelgan. Uning professional boksdagi faoliyati yanada yorqinroq ko‘rinish olmoqda va bu davomiy bo‘lishini chin dildan xohlar edik. Bu borada esa, Isroilga ishonamiz. Chunki uning salohiyati bundanda yuksak natijalarni qayd eta olishiga ishonchimiz komil!

Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, u professional yo‘nalishda ajoyib natijalar qayd etishda davom etmoqda. 5 ta jang va 5 ta nokaut!

Uning mag‘lubiyatsiz seriyasi, jang olib borish uslubi, o‘ziga xos zarbalari jahon professional boks ommasining hayratiga va e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. U to‘g‘risida jahon professional boks olamining ko‘zga ko‘ringan shaxslari tomonidan bildirilayotgan iliq fikrlar esa, yurtdoshimizning kuchiga, iste’dodiga berilgan munosib bahodir. Jumladan, Eddi Xirnning “Monstr” deb atashi ham bunga misol bo‘la oladi. Xirnning ayni kunda, jahon professional boks hamjamiyatidagi nufuzi esa barchaga ma’lum... Shuningdek, professional bokschilarimiz orasida horij matbuotining eng ko‘p e’tiboriga tushayotgan ham Isroil Madrimovdir.

Kecha, butun dunyoga mashhur, ESPN nashri yurtdoshimiz haqida ajoyib maqolani chop etdi.
Ushbu maqolani siz bilan baham ko‘rishga qaror qildik...


- FRISKO, Texas shtati. 29 fevral Ford Center at The Star majmuasida markaziy jangi Mayki Garsiya hamda Jessi Vargas o‘rtasida bo‘lgan, bir qator iste’dodlarga boy bo‘lgan boks oqshomi bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, ushbu jang kechasida bir qator chempionlik janglari, xususan, yarim yengil vazn toifasida WBC chempionlik kamari uchun Xulio Sezar Martines Jeyem Xarrisga qarshi, mazkur vazn toifasida WBA chempionligi yo‘lida “Slava” zalining kelajagi Roman “Chocolatito” Gonsales esa Xalid Yafai bilan to‘qnash keldi.

Butun e’tibor ushbu uch qarama-qarshilikka qaratilgan bir vaqtda anderkardda bir qator umidli yosh bokschilar ringga ko‘tarilar edi. Jumladan, 25 yoshli Isroil Madrimov tajribali Charli Navarroga qarshi WBA chempionlik kamari yo‘lidagi saralash jangida ishtirok etdi.

O‘sha vaqt jahonning yosh va umidli bokschilari qatorida e’tirof etilayotgan Madrimovni Timoti Bredli, Lukas Matisse, Ruslan Provodnikovlar bilan ishlagan, Joel Dias aka-ukalari Antonio va Xulio bilan birgalikda shug‘ullantirayotgandi.
Joel Madrimovni o‘zi uchratgan bokschilarni ichidagi eng yaxshi tabiiy mahorat egasi, deb atadi.

Navvaro bilan ringga ko‘tarilgan Madrimov o‘zbekistonlik bo‘lib, mag‘lubiyatsiz odimlayotgandi. Charli ustidan g‘alaba Madrimovni WBA "regular" kamari sohibi Erislandi Lara yoki IBF va WBA super titullari egasi Xeyson Rozariolarga qarshi chempionlik jangiga yaqinlashtirardi...

Jang haftasi davomida ESPN bokschining tayyorgarlik jarayoni, hususan jamoaviy ovqatlanish, kechki mashg‘ulotlar, vazn o‘lchash va "Ford Center"dagi jangi kuzatib borildi.
Chorshanba
15:27

Jangga bag‘ishlangan media-tadbir. Madrimov o‘zining ajoyib kostyumi sabab "Matchroom Boxing" promouterlik kompaniyasi rahbari Eddi Xirndan iliq so‘zlarni qabul qilib olmoqda.
18:59
Dias va Madrimov mashg‘ulot o‘tkazish uchun fitnes-markazda uchrashishdi. Bu safar vazn haydashda Madrimov u qadar qattiq ishlagani yo‘q. Diasning aytishicha, bokschi ushbu haftaga kelib o‘zining o‘rta vazniga tushib olgan. Ushbu kechki mashg‘ulotlar formani ushlab turish va tanada yig‘ilgan suv massasini tushirishga mo‘ljallangandi.

Dias Madrimovning Cybex mashinasida o‘tirganida Madrimovning qo‘lini ushlab olgan. Bokschining menejerlaridan biri Alik Frolov esa bu vaqtda yugurish yo‘lakchasida shug‘ullanardi.
Isroil Madrimovning kuch va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiyi Ben Ernandes unga yordam bermoqda.
19:47
25 daqiqalik mashg‘ulotdan so‘ng Madrimov Dias bilan ishlash uchun o‘z qo‘lqoplarini kiymoqda. Murabbiy unga jang vaqtida qay tarzda nafas olish lozimligini tushuntirmoqda.
"Navarro uzun, u asosan chap tomondan harakatlanadi", - deydi Dias. Ular ma’lum kombinatsiyani takror va takror ishlashardi.

Madrimov ishlayotganida Diaz bokschini Gennadiy Golovkin va Vasiliy Lomachenkoga qiyosladi. Uning aytishicha, Madrimov oldinga borganida murabbiyni "yeb qo‘ymoqda". "Lapa" ushlaganda hech qachon boshqa bokschi bilan bunday holat yuzaga kelmagandi.

Madrimov yakka o‘zi ishlab, orada raqs ham tushib qo‘yyardi. Bu bir necha raund davom etdi. Kayfiyat shu darajada ediki, Madrimov o‘zining "tashrif qog‘ozi"ga aylanib ulgurgan saltoni ham amalga oshirardi.
"U gimnastika bilan shug‘ullangan", - dedi Dias.

Ushbu seans yarim soatlik chigalyozdi mashg‘ulot va Ernandes boshchiligida Madrimovning mushaklariga kuch beruvchi bilan yakunlandi
Birinchi kun yakunlandi.
Payshanba.
9:25.

Madrimov mashg‘ulotni yugurish yo‘lakchasidagi 30 daqiqalik yugurish bilan boshladi.

Uning jamoasi esa bir kun oldingi mashg‘ulot jarayonini tahlil qilardi. Bu orada menejer Alik va murabbiy Ben Ernandes o‘zaro bahslashib qolishdi. Hazil tariqasidagi ushbu "spor"dan so‘ng boshqa bir murabbiy Fernandes Madrimovning oldiga kelib, ertalabki chigalyozdi mashg‘ulotlarni bajarishiga yordamlashdi.
10:40
Jamoa a’zolari mehmonxonadagi o‘z xonalariga yo‘l olishdi. Imkoniyatdan foydalangan Dias esa o‘zining jangovar hususiyatlarini namoyon etdi.

Siz jang vaqtida Diazni burchakda ko‘rganingizda, alohida belgilar orqali darhol tanib olasiz. U cho‘ntaklari ko‘p kiyimda va orqasiga "Joel Diasning mashg‘ulot lageri" degan kiyimda bo‘ladi. Aslida o‘sha kiyim konchilarga mo‘ljallangan.

"Men qayerda nima borligini juda yaxshi bilaman", - deydi Dias paxtadan tortib, dorilarni ko‘rsatar ekan. Dias ushbu kiyimiga shu qadar o‘rganib ketganki, jang vaqtida qaysi cho‘ntakdan nima olish kerakligini tezkorlik bilan hal qila oladi. Ya’ni, cho‘ntak ko‘pligiga qaramay narsalarini izlab o‘tirmaydi.

"Xonamdan chiqib ketar ekanman, barcha narsa yonimda ekanligiga ishonch hosil qilishim lozim", - dedi u.

Uning yana bir narsasi bor: Fasol uchun mo‘ljallangan "Frito Lay" bankasi. Unga ushbu bankani afsonaviy Chak Bodak sovg‘a qilgan. Muz bo‘laklari jang vaqtida bokschining yuzida muammolar maydo bo‘lmasligi uchun yaxshigina foyda beradi. Uning aytishicha, ushbu idish alyumindan tayyorlanganligi uchun, muzlarni eritmay saqlab qoladi. Bu esa juda muhim.

Bodak Diasga ishni tashkil etish bo‘yicha ko‘p narsa o‘rgatgan. Dias jangga yo‘l olar ekan, uning kiyimi ham o‘zi bilan birga harakatlanadi. Cho‘ntagidagi buyumlarni yo‘lda tushirib qo‘yish yoki yo‘qotib qo‘yishga uning umuman haqqi yo‘q.
18:02
Kunning asosiy qismida dam olgan Madrimov va uning jamoasi "Omni" mehmonxnasidagi "Cobalt Room"ga yetib borishdi. U yerda DAZN vakillari bokschilar bilan muloqot qilib, translyatsiya paytida foydalanish uchun kerak bo‘ladigan ma’lumotlarni olishmoqda.

Madrimov esa yuqoriga intilishda davom etishni istayotganini ta’kidlaydi.
"Men chempionlik jangi sari harakatlanayotganimizdan xursandman. Rosarioga qarshi jang qilishni judayam istagandim".

Intervyu bir necha daqiqa davom etdi. Bu esa translyatsiya jamoasi uchun shu vaqt yetarliligi, Madrimov hozircha uzoq yo‘lning boshida ekanligini bildiradi. Lekin hali shunday vaqt keladiki, u ishtirokidagi intervyular, uchrashuvlar uzoq vaqt davom etadi.
19:03
Madrimov mashg‘ulot zaliga yetib bordi. Yugurish yo‘lakchasida esa uning oldida bunday jarayonni prof boksda 50 martadan ko‘p boshidan o‘tkazgan "Chocolatito" turardi.

"Men bu yerda bo‘lishim shart emas. Shunchaki murabbiy bo‘lganim va bu yerda bo‘lishim kerakligi uchun shu yerdaman. Isroil borasida boshqalardek havotir olmasam ham bo‘laveradi", - deydi Dias.

Madrimov yerga yotdi. Ernandes massajyor bilan, Frolov esa bokschi tanasining boshqa qismlari bilan ishlab, unga yordam berishdi. Bu esa mashg‘ulot yakuniga yetayotganidan darak berardi.
Shundan so‘ng barcha tarqaldi.

Juma
9:27

Madrimovning jamoasi bokschining mehmonxonadagi xonasida yig‘ilmoqda. Bokschining divanida esa o‘ziga tegishli WBA International kamari yotardi.
Och qizil rangdagi bir-hil liboslarni kiyib olgan jamoa a’zolari pastga tushib ketishdi. Vazn o‘lchash oldidan ular ushbu mavzu borasidagi bir qancha masalalarni muhokama qilishdi.
10:04
Madrimov 153,2 funt vazn qayd etdi. "Bu baquvvat nonushtadan so‘ng", - deydi Frolov.

Madrimov 147 funt vaznni ham amallay oladi. Lekin, uning jamoasi ushbu diviziondagi siyosiy muammolarni yaxshi tushunadi va chempionlik kamarini qo‘lga kiritish uchun birinchi o‘rta vaznni eng ma’qul variant deb hisoblaydi.
Dias "Star Ballroom"dan qaytgunicha, Frolov o‘zi bilan olib kelgan salatni Madrimovga berayotgandi. Orada bir necha muxlislar u bilan suratga tushgani kelishdi.
16:14
Deyarli yarim kun vaqt o‘tdi. Bokschilar tarozidan o‘tib bo‘lganliklariga qaramay, "Ford Center"dalar. DAZN o‘z tadbirlarini yakunlab olmagunicha, ular xech qayerga keta olmaydilar.
18:34
Kayfiyat joyida, barcha endi xotirjam. Jamoa kechki ovqatni tanovvul qilmoqda. Ovqatdan so‘ng Madrimov va uning jamoasi arena atrofini aylanishdi. Bunday vaqtda odatda ko‘pchilik dam olishni ma’qul ko‘radi. Ammo qon aylanishi kamaymasligi uchun Isroil faolroq bo‘lishga intiladi.
21:15
Madrimov xonasiga qaytdi. Unga mevali salat olib kelib berishdi. Vazn o‘lchash marosimi ertalab o‘tib bo‘ldi, shu sababli bokschilar kun davomida istaganlaricha narsalar yeyishligi mumkin.

"Bu kun davomida yeyilgan ovqatlarni hazm qilishga yordam beradi. Bokschilar bir necha hafta davomida qiynalib vazn tashlaganlari uchun, tarozidan so‘ng ko‘p ovqat yeb yuboradilar. Bu esa oshqozon tizimida muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Biz ertalabgacha barchasi joyida bo‘lishini istaymiz.

Endi faqat bir narsa qoldi - jang qilish!
Shanba
15:27
Sokinlikda o‘tgan kunning birinchi yarmidan so‘ng Madrimov va uning jamoasi "Ford Center"ga yo‘l olmoqda. Ular brasletlar olish uchun borishdi. Bu orqali sportchilar arenaga kira olishlari mumkin.

Dias va Madrimov o‘zlari uchun belgilangan kiyinish xonasiga yetib kelishdi. Borishganida Diyego Pacheko endi yetib borgan ekan. Biroz o‘tib ularga Yafai va Xarris ham qo‘shildi. Dias u yerda o‘zlari uchun ma’qul joyni tanlab oldi.

Dias idishni muz bilan to‘ldirdi va bir necha shisha idishda suvlar oldi.
"Bizga o‘zimiz bilan muz va suvlarni olib kelishga ruhsat berishmaydi", - deya holatga izoh berdi Dias.

Murabbiy turli idishdagi suvlarni turli haroratda saqlardi. Ulardan biri maxsus muzlatilgandi. "Agar bokschim jarohat olsa, uni "uyg‘otib yuborish" uchun boshi va bo‘yniga qo‘yaman".
15:59
Madrimov - musulmon va kuniga bir necha marotaba ibodat qiladi. U o‘z joynomozini oldi va namoz o‘qishni boshladi.
Bir necha daqiqadan so‘ng nazoratchi qo‘lida ikkita bo‘sh idish bilan kelib, Madrimovdan doping tekshiruv uchun namunalar berishni so‘radi.
16:06
Dias Madrimovni tayyorlamoqda. Orqada esa Pachecho shug‘ullanmoqda. Madrimov jamoasining kayfiyati yaxshi.

Xonaga Texas sport komissiyasi plastik paketga solingan Grant qo‘lqoplari bilan kirib keldi. Madrimov jang vaqtida aynan ushbu qo‘lqoplardan foydalanadi. Dias ularga "qurollar" deb ta’rif berdi. Raqib ushbu qo‘lqoplarni bog‘lashayotgani haqida xabar berishganida, Dias ko‘rish uchun Navarroning kiyinish xonasiga yo‘l oldi.

16:18
Madrimov DAZN jurnalisti Klaudiya Trejesga intervyu bermoqda. Dias qaytdi va Navarroning qay tarzda qo‘li bog‘langani haqida Frolovga gapirdi.
16:33
Dias ehtiyotkorlik va diqqat bilan Madrimovni qo‘lini bint bilan bog‘lamoqda. Bu uzoq yillik tajribadan so‘ng san’at asariga aylanib bo‘lgandi. Bu vaqt ichida Dias ora-orada "Barchasi joyidami?" degan savolni berib qo‘yardi.

Ushbu jarayonni inspektor Arturo Martines va Navarroning vakili ham kuzatib turardi.
Qo‘l Diasdek tajribali murabbiy tomonidan bog‘langanida, u qurol kabi bo‘ladi. Ammo bu mas’uliyatli jarayon - har bir qadam qo‘lni himoyasini ta’minlaydi.
16:44
"Bizda yana 30 daqiqa qoldi", - dedi Dias.
16:49
"Bizda 20 daqiqa bor", - deya Dias xonadagilarni ogohlantirdi. Madrimov qizib olish mashqlarini boshladi, xonada sakray boshladi, temp va tezlikka ishladi.
17:06
Dias Frolov va Ernandesni chaqirib, ring burchagida bajariladigan ishlar bo‘yicha topshiriqlarni berdi. Unga ko‘ra Alik shvabrani oladi, Ernandes esa gongdan so‘ng stulni chiqarishga javobgar. Bu vaqtda Dias bokschining chap tomonidan ringga tushib oladi.
Frolov Madrimovning tanasiga yengil vazilin sura boshlaydi.
17:27
Madrimovni oldiga qo‘lqoplarni tekshirgani kelib ketishdi.
"Biz keyingisi", - dedi Frolov. Xonadagilar huddi bosim ostida edilar. Chunki, istalgan vaqt ularni ringga chaqirib qolishlari mumkin edi.
17:45
Dias Madrimov bilan tezkor harakatlar bo‘yicha ishlamoqda. Zarbalar natijasida chiqayotgan ovoz devorlardan aks-sado sifatida qaytib kelardi.
18:08
"Taxminan ikki daqiqadan so‘ng chiqamiz", - degan xabar keldi DAZN prodyuseridan.
Jamoa arenaga chiqish joyiga yetib keldi. U yerda kameralar va qo‘riqchilar turishardi. Madrimov esa o‘zi uchun belgilangan joyga o‘tib bordi.
18:20
Birinchi raund boshlandi. Madrimov harakatda. Oradan bir daqiqa o‘tib u chap qo‘l hujumga o‘ta boshladi. Navarroga zarbalar berildi.
"Good work" (Yaxshi ish) dedi Dias bokschi birinchi raunddan so‘ng o‘z burchagiga qaytib kelar ekan. Yodda tut - fint, fint va zarba.
18:39
Oltinchi raund oldidan Madrimov stulga o‘tirar ekan, Dias so‘radi: "O‘zingni yaxshi his qilyapsanmi?". Frolov esa unga quyidagi so‘zlarni yetkazdi: "U boshqa istamaydi. Zarbalarni ber. U boshqa urushishni istamayapti. Boshla Isroil. Tugatib qo‘y, kettik!".
Dias Madrimovga suvni berar ekan shunday dedi: "Ishga kirishamiz".
18:41
Madrimov oltinchi raundni chap qo‘l harakati va to‘g‘ri zarbalar bilan boshladi. Nihoyat raundga 55 soniya qolganida Navarro kuchli zarbani o‘tkazib yubordi. Og‘riq qanday bo‘lgani Navarroning yuzida aks etardi. Lekin, u oyoqqa tura oldi. Bir necha soniyadan so‘ng o‘tkazilgan keyingi zarbada esa u yiqildi va Ramos jangni to‘xtatdi.

Madrimov esa ring markaziga borib, o‘zining ajoyib saltosini ko‘rsatdi. Navarro Madrimovga tajriba to‘plashda yordam berdi.

Diasning aytishicha, bu Golovkin va Lomachenkoning kombinatsiyasi. Shuningdek, Terens Kroufordning uslubidan ham nimalardir bor. Bundan tashqari u Emanuel Avgustusni ham eslab o‘tdi.
18:51
Kiyinish zonasiga qaytgandan so‘ng, Dias Madrimovning qo‘lini bo‘shatdi.
Xonaga promouter Eddi Xirn kirib keldi va Madrimovni ushbu ajoyib chiqish bilan tabrikladi. U Isroilga yozda O‘zbekistondagi jang oqshomida, Murodjon Ahmadaliyevning himoya jangida ham ringga chiqishi mumkinligi haqida gapirdi.

O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Isroil Madrimov haqida jahonning eng mashhur nashri tomonidan ajoyib maqola chop etildi