22:47 / 12.05.2020
3 907

Xayrulla Hamidov FIFA qaroridan nega norozi?

Xayrulla Hamidov FIFA qaroridan nega norozi?
Yurtimizda koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan karantin sekin-asta yumshatilmoqda. Birin-ketin virusdan forig‘ bo‘lgan viloyatlarda hayot avvalgidek bo‘la boshlayapti. Bu esa futbol bahslari ham ozgina vaqtdan so‘ng boshlanib qolishini anglatadi.

Ayrim davlatlar ligalarni to‘xtagan holatida tugatmoqda, ba’zilar mavsumni yakunlab qo‘ymoqchi va hokazo. Xo‘sh bizdachi? Bizda bu jarayon qanday kechadi? Endigina boshlangan Superliga ma’lum vaqt muxlislarsiz o‘tishi aytildi xolos.

Qolgani taxminan qanday bo‘lishini bilish maqsadida mutaxassislarga yuzlandik. “Futbol” TV telekanali sharhlovchisi Xayrulla Hamidov savollarimizga javob berdi.

- Karantindan keyin o‘zbek va xorij futbolini qanday tasavvur qilasiz? O‘zgarishlar bo‘lishi mumkinmi?
- Katta ehtimol yilning oxirigacha futbol muxlislarsiz o‘tadi. Bunday o‘yinlarda zavq kamayadi. Biroz bo‘lsa ham shavqi tushgan uchrashuvlarni tomosha qilishga majburmiz. Ammo boshidagi muxlislarsiz o‘tgan bellashuvlar bilan karantindan keyingi tomoshabinlarsiz o‘yin farq qiladi. Chunki futbolni sog‘inganimiz uchun shu o‘yinlar ham chiroyli ko‘rinadi.

Maydonda o‘zgarishlar sezilib turadi. Dastlabki 2-3-4 tur davomida futbolchilarni holdan toygani bilinadi. Birga mashg‘ulot olib bormagani, zaxirada o‘tirganlar, murabbiylar “maska” taqib turgani o‘z so‘zini aytadi. Futbol jamoaviy o‘yin bo‘lgani uchun bir-yuiriga bog‘liqligini kamaytiradi. Masofa saqlanayotganini ko‘rsatib beradi. Juda ko‘p o‘zgarishlar kuzatilishi turgan gap.

O‘yinchilar salomlashishmaydi va 5 ta futbolchilarni almashtirish millionlar o‘yinida yetarlicha o‘zgartirishlar kiritishi mumkin. Bunga murabbiylarning ayrimlari qarshi, ba’zilari yoqlamoqda. Chunki 5 ta futbolchisi maydonga tushib, o‘yinni o‘zgartirib yuboradigan jamoalar bor. Buning aksi bo‘lgan klublar qiynaladi. Mana shu qaror tarkibida kuchli futbolchilari bor jamoalarning yanada kuchayishiga sabab bo‘lmoqda. Shuni bekor qilishdi, deb o‘ylayman.

Bizda o‘zgarishlar bo‘lmasa kerak. O‘yinlar biroz sekinlashib, futbolchilar o‘zlarini ehtiyot qilishi turgan gap. Uchrashuvlarda muxlislarning tashrifi kamayib ketayotganidan xulosa qilsak, o‘zbek futbolida unaqa o‘zgarishlarni ko‘rmayapman. Faqatgina O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzodlarni jiddiy kuzatishga urinib ko‘raman.

- Superligani endi qanday o‘tkazishni taklif qilasiz?
- Hozirgi stadionlarni, klublarning imkoniyatlarini u qadar yaxshi bilmaganim uchun bir jo‘yali fikr ayta olmayman. Ammo ko‘pchilik ilgari surayotgan gapga qo‘shilaman. Ya’ni Toshkent va Toshkent viloyatidagi stadionlardan foydalangan holda Superligani bitta joyda o‘tkazib yuborish tarafdoriman. Agarda karantin muddati cho‘zilmaydigan bo‘lsa yoki koronavirus tugasa, chempionatni eski tartibda o‘tishining tarafdoriman.

Lekin to‘xtab qolmagan ma’qul. Tezroq bir maskanda bittadan o‘yin o‘tkazib, g‘oliblarni, OCHL yo‘llanmasiga ega bo‘ladiganlarni va Pro ligaga tushib ketadigan jamoalarni aniqlab olish kerak. Bu o‘zbek futbolini, Superliganing davomi uchun emas, balki terma jamoaning formada turishi uchun zarur.

- Yevropada futbol chempionatlarining davom etishi ko‘proq pulga bog‘liqmi yoki chempionni aniqlashga?
- Hammasida har xil. Biroq pulga bog‘liqlik jihat ko‘proq. Ba’zilarda chempionni aniqlab olish darkor. Misol uchun, APLda ikkalasiga ham. Angliyada 1-o‘rin sohibi deyarli aniq. 30 yillik armonda yashayotgan “Liverpul”ning mana shu mavsumda chempion bo‘lmay qolishi, APL natijalarining bekor qilinishi daxshatli voqea bo‘lsa kerak.

Italiyada hissiy tomondan tezroq boshlab olishmoqchi. Ammo italiyaliklar bu mavsumni o‘tkazishlariga ko‘zim yetmayapti. Ya’ni boshlab olishadi, lekin yana koronavirus kuchayib ketishining hisobiga A seriyani to‘xtatishsa kerak. Bu yomon taxmin emas. Real voqelikdan, hissiyotga boy xalqligidan kelib chiqib aytdim.

Ispaniyada esa “Real” hamda “Barsa” o‘rtasidagi kurash ayni avjiga chiqqan edi. Shuning uchun bu yerda chempionatning davom etishi puldan ustunroq, deb o‘ylayman.

- Chempionatlarda chempionni kay tarzda aniqlash kerak, deb xisoblaysiz?
- Janubiy Koreya ligani boshladi. Qolganlar ham tezroq o‘tkazishadi. Lekin bizda Superliga endi boshlanganligi uchun yuqoridagi taklif jo‘yaliroq, nazarimda. Neytral maydonda bittadan o‘yin bilan birinchilikni tugatish va shu bilan eski taqvimga yetib borish imkoniyatimiz bor.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xayrulla Hamidov FIFA qaroridan nega norozi?