08:30 / 28.05.2020
2 439

Shota Arveladze: Adebayor so‘ragan mablag‘, Derdiyokning "Paxtakor"dagi maoshi, Van Gal haqida

Shota Arveladze: Adebayor so‘ragan mablag‘, Derdiyokning "Paxtakor"dagi maoshi, Van Gal haqida
Rus bloggerlari "Paxtakor" bosh murabbiyi Shota Arveladzedan intervyu oldi.
Umuman olganda buni o‘qib chiqib, murabbiyning haqiqatdan ham so‘z boyligi juda ham katta ekanligiga, berilgan savollarga dangal, ro‘y-rost javob beradigan insonligiga yana bir bor amin bo‘ldik. Yevroklublardagi 15 mavsum ("Trabzonspor", "Ayaks", "Reynjers", AZ va "Levante") davomida Shota Arveladze 265 bora raqiblari darvozasiga gol urib, sovetorti mamlakati futbolchilari orasida Yevropada eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylanib olgandi.

Futbolchilikni yakunlaganidan keyin Arveladze murabbiylikka qo‘l urdi. Avvaliga u AZda Van Galga yordam berdi, keyinchalik u Kiyevda PRO-litsenziyaga o‘qib, o‘zi mustaqil faoliyatini boshladi. 7 yil davomida Arveladzening rezyumesida "Qaysarispor", "Qosimposhsho", "Trabzonspor" va Tel-Avivning "Makkabi" jamoalari paydo bo‘ldi. 3 yil oldin u Osiyo va O‘zbekistonda futbolni top-darajaga olib chiqish uchun "Paxtakor"ga keldi.

Quyida Shota Arveladze bilan suhbatning kichik mazmuni bilan tanishishingiz mumkin:
• Van Gal borasida ajablantiruvchi savollar;
• "Paxtakor"dagi Derdiyokning maoshi;
• "Zenit"ga qarshi o‘yindan keyin "Makkabi"ning kiyim almashtirish xonasi;
• Rossiyadan tushgan takliflar;
• Gruziya fuqarosining ambitsiyalari;
• reklamalarda suratga tushishga berilayotgan rad javobi.

- Murabbiy bo‘lishni qachon o‘ylay boshlagansiz?
- Bolaligimdan maydondagi faollardan biri bo‘lganman: murabbiylar bilan tortishardim, futbolchilarga baqirardim - umuman olganda boshqalardan ko‘ra ko‘proq futbolni tushunardim. Albatta hazil. 30 yoshdan o‘tganimdan keyin murabbiylik haqida o‘ylashni boshladim. AZda Lui van Galni uchratgunimga qadar u bilan juda yaxshi munosabatda bo‘lganman, u boshqacha ishlardi. U Kroyff kabi futbolni falsafalarga bo‘lib tashlagandi. Van Gal futbolchilarning eng kuchli tomonlarini ochish uchun ularga kuchli savollar berardi.

- Van Gal yana nimalari bilan yodda qolgan?
- Birinchi bo‘limda yaxshi o‘ynasak ham u tanaffusda yomon o‘ynayotganimizni aytardi. Hozirgacha ham tanaffusga qadar qilingan xatolarni 15 daqiqa ichida xotirjam aytib bergan murabbiyni ko‘rmaganman. Murabbiylar asosan ko‘p baqirardi, albatta, biz olayotgan pulimizga yarasha bo‘lishimiz kerak edi. Agarda ular doim baqirishsa, bu ishlashga ham xalaqit qiladi.

- "Trabzonspor"da siz afsona bo‘lgansiz. U yerga murabbiy sifatida qaytish qanday bo‘lgan?
- Bizni qayerda sevishsa, o‘sha yerda bo‘lishni istaymiz. Trabzonda meni, ukam Archil va oilamni qattiq hurmat qilishadi. Bir tomondan bu - yuqori motivatsiya, boshqa tomondan esa katta mas’uliyat. Muxlisga esa doimo natija kerak. O‘sha paytda klubda juda katta moliyaviy muammolar bor edi: futbolchilar oldidagi qarz 800 ming dollarga yaqinlashib qolgandi. Afsuski, natija ko‘rsatishning imkoni bo‘lmadi. Shukurki, u yerda unchalik omadli ishlay olmagan bo‘lsam ham, ketayotganimda odamlar aeroportga men bilan xayrlashgani chiqishgandi. Hozirgacha ham ular klubni qo‘llab-quvvatlay olmagani uchun bizdan uzr so‘rashadi.

- "Paxtakor" murabbiyisiz. Bu qanday amalga oshdi?
- Alisher Usmonov orqali men "Paxtakor" egasi Bobur Shodiyev bilan tanishib qoldim. Toshkentga uchib bordim va barchasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Shunga amin bo‘ldimki, bu yerda futbolda ishlash va uni rivojlantirish uchun yetarlicha sharoitlar yaratilgan. Ular bilan bir necha bora uchrashdim va shartnoma imzoladik.

- Bu siz uchun ortga tashlangan qadam bo‘lmadimi?
- Ortga qadam tashlash - motivatsiyani yo‘qotish degani. Murabbiy ishlashni istagani - siz uchun yomon ishdek ko‘rinadimi? Asosiysi - o‘z qobiliyatingni yaxshilab, oldinga qarab intilaverish kerak. Shunday o‘ynaganman va shunday ishlayman. "Paxtakor"da ishlash mening ishtiyoqimni o‘ldirayotgani yo‘q. "Barselona" yoki "Real"ni boshqarsam ham shunday katta ishtiyoqda ishlayman.

- Qishda klub Eren Derdiyok bilan shartnoma imzoladi. Bunga qanday erishdingiz?
- U bilan yaxshi tanish bo‘lsam-da, ko‘p gaplashishga to‘g‘ri keldi. Birinchi navbatda u o‘z oilasidan tashvishlandi: unga va oilasiga har tomonlama qulay bo‘lishi kerak edi. Turkiyada u so‘nggi paytlarda deyarli o‘ynamayotgandi. Shunday paytda futbolchi bir qarorga kelishi kerak: u yoki futbolchi yoki shunchaki pul uchun kelgan biznesmen yo‘lini tanlashi lozim bo‘ladi.. U termasiga qaytishni, Yevropa va jahon chempionatlarida o‘ynashni istadi. Menimcha "Paxtakor"ga o‘tish va Osiyo chempionlar ligasida o‘ynash - yaxshi imkoniyat.

- Derdiyok yiliga 1,5 mln yevro maosh olar ekan. Abedayorning transferi qay tariqa barbod bo‘ldi?
- Aslida Derdiyok 2 baravar kam maosh oladi. Adebayor aynan shuncha so‘ragani uchun u bilan kelisha olmadik. Dekabr oyida uning qizi yashaydigan joyda u bilan Londonda ko‘rishgandim. Emmanuelni Toshkentga olib kelib, o‘z ko‘zi bilan ko‘rishiga ham kelishib olgandik. Biroq ayrim paytlarda puldan-da muhimroq narsalar bo‘ladi: futbolchining yashashi, mashg‘ulot qilishi va o‘ynashi... Yakunda kelisha olmadik - u ko‘p uchishni yoqtirmas ekan, ba’zida bundan qo‘rqishini ham aytgandi.

- "Paxtakor"ning maqsadlari qanday?
- Osiyo Chempionlar ligasini yutishni va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘ynashni istaymiz. O‘zbek futbolchilari Yevropaning top-klublarida ko‘rinish berishi tarafdorimiz. Bularga erishish uchun doimo klubning asosi baquvvat bo‘lishi kerak, biz ham shunday xalqaro jamoa tuzmoqchimiz. Men bilan Turkiya, Gretsiya, O‘zbekiston va Gollandiyadan kelgan murabbiylar ishlashmoqda. Biz o‘zimizning playbook - yangicha falsafamizni yaratyapmiz.

- Uch yilda bronza, kumush, o‘tgan mavsumda esa 20 ochkolik farq bilan oltin medallarga ega chiqdingiz. Nima sababdan jamoa hali ham pik holatida emas?
- Nima, pik holatda bo‘lish uchun doim sovrinlar yutish kerakmi? Ha, ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritdik, ammo hakamning final hushtagidan keyin o‘yin arxiv bo‘lib qoladi. Klubning asosi endi yaxshilanmoqda: yangi stadion, baza, akademiya qurilmoqda. Dunyoning ko‘plab top-klublari bilan hamkorlik qiladigan Belgiyaning "Double Pass" kompaniyasi bilan shartnoma imzoladik. Klubning o‘sishi uchun ularga katta mablag‘ to‘layapmiz.

- Oldinroq siz o‘zbek futbolchilari orzu qilishni bilishmaydi degandingiz.
- Nima uchun ular top-klublarda o‘ynashni orzu qilishmaydi? Ular orzu qilishmaydimi - demak o‘ynashmaydi ham. Agarda Gruziyada yosh bolakayga qaysi jamoada o‘ynashni istayotganini so‘rasang, u Yevropaning top-klubi nomini aytadi. O‘zbekistonda shunday savol bersang - arab mamlakatlari yoki Osiyoning qaysidir jamoasi nomini eshitasan. O‘zbekistonda 35 million aholi bor, ularning birortasi Yevropaning top-klubida o‘ynamaydi. So‘nggi 3 yilda futbol darajasi o‘sdi, ko‘plab iqtidorli futbolchilar paydo bo‘ldi. Rossiyadagi eng yaxshi hujumchi o‘zbek bo‘lib turgani bo‘layotgan ishlar samarasi deb o‘ylayman.

- O‘zingizning orzuyingiz qanday?
- Yaqindagina Yangi yil arafasidan oldin... Nima deyapman, hozir may, u endi yaqindagina emas... Hayot bizdan 2 oyni tortib oldi, birini qarzga berdik - u qachondir buni qaytaradi.

Futbolchining orzusi qanday ushalgandi: Tbilisining "Dinamo"sida, Gruziya termasida, Yevropada faoliyat olib borish. Gollar, rekordlar va hokazo. Murabbiy sifatida hozircha o‘zimga biror orzu qilganimcha yo‘q. Menimcha bunga hali erta. Buning uchun juda ko‘p ishlash kerak.

- "Zenit"ga qarshi o‘yin sizga dahshatli tushlar bermadimi?
- Bunaqasi doim ham bo‘lavermaydi: 3:0 hisobida oldinda borayotgandik, 20 daqiqadan keyin 3:4 bo‘ldi. "Makkabi" Yevropa ligasining guruh bosqichida 3 marta o‘ynagan, shularning birini mening qo‘l ostimda o‘tkazgandi. Yaxshi o‘ynagan bo‘lsak-da, biroz xafa bo‘lgandim. Shunchaki bir necha kunlar davomida qilingan mehnatni osongina boy berdik.

O‘yindan keyin futbolchilar unchalik ham xafa bo‘lishmaganini sezdim. Barcha muxlislar "Zenit" bizni osonlik bilan mag‘lub etadi deb o‘ylashgandi, biroq hisob ular o‘ylaganichalik bo‘lmadi. Kiyinish xonasiga kirganimda barchaning qo‘lida telefon: instagram, rasmlar. Ertasi kuni esa futbolchilarga bu borada tushuntirishlar berdim, menimcha bu ularga dars bo‘lishi kerak edi.

Uchrashuv yakunlanganidan so‘ng Luchesku faoliyatida bunday holat bo‘lmaganligini aytgandi. Menda ham. Yodimda Trabzonda "Fenerbaxche"ga birinchi bo‘limdan keyin 4ta gol urdik, o‘yin esa 4:3 hisobida yakunlangandi. o‘yindan keyin tribunalarda ideal tozalikni ko‘rdim: barcha axlat bizning tomonga uchgandi. Garchi g‘alabaga erishgan bo‘lsak-da, muxlislarga ikkinchi bo‘limda o‘yin bobida yutqazganimiz yoqmagan.

- 2010 yili Dik Advokat sizni Rossiya termasidagi faoliyatida yordam berishga chaqirgandi. Siz esa o‘shanda: "Bizning davlatlarimiz o‘zaro juda ko‘p bir-biriga og‘riq bergan", deb rozilik bermagandingiz. Hozir shunday taklif bo‘lsa nima qilardingiz?
- Hozir ham yo‘q deyman. Yerlarimizni bizga qaytarib berishmagan. 2008 yili oilam Tbilisida, bolalarim Batumida bo‘lishgandi. Yodimda, juda ham qo‘rqinchli hayot kechirgandik. Buni unutib bo‘lmaydi. Klubda ishlash - bu boshqa narsa, terma esa umuman o‘zgacha. Men siyosatni o‘z hissiyotlarim bilan adashtirmayman, bu tanlovni tanlashda xalaqit qiladi.

Hatto jahon chempionatiga bora olmaganman. Gruziya uchun viza shart emas, Rossiyaga esa kerak. Oldimizda ko‘plab hujjatlarni yig‘ish talab etilardi, elchixonama elchixona yugurish ko‘plab vaqtni olardi. Shunchaki chipta olish uchun ko‘p narsalarni rasmiylashtirish kerak bo‘lgandi. Biz esa mundialni ko‘rish uchun borishni istagandik.

2002 yildan buyon Moskvada bo‘lmagandim. Faqatgina fevral oyida "Spartak"ka qarshi o‘yinda u yerga bordim. Barchasi super bo‘ldi: Moskva ham, ob-havo ham. Mag‘lub bo‘lganimiz alamli bo‘ldi. Biroq 18 yil o‘tib u yerga tashrif buyurish va tug‘ilgan kunni nishonlash ajoyib holatga aylangandi.

- Faoliyatingiz davomida Rossiyadan necha bora taklif olgansiz?
- 2016 yili "Krasnodar" rahbariyati bilan uchrashganman. Shunchaki gaplashdik. Ular bir necha nomzodni ko‘rib chiqishayotgandi, biroq yakunda boshqalarning foydasiga qaror chiqarildi.

- Gruziya termasiga tez-tez chaqirib turishadimi?
- Bir necha bora takliflar bo‘lgan, biroq bunga rad javobini berganman. Birinchisi futbolchilik faoliyatimni yakunlaganimda bo‘lgan. O‘shanda termada ishlashni juda ham istaganman, ammo tajribam yo‘q edi. Shundan keyin Van Galga yordamchi bo‘lish taklifi kelib tushdi, undan ko‘p narsalarni o‘rgandim. Termada mening do‘stlarim o‘ynardi. Bunday sharoitda murabbiy bo‘lish to‘g‘ri qaror emasdi.

Ikkinchisi Sxadadze federatsiya bilan shartnoma imzolash borasida kelisha olmaganida kelib tushgan. Menga uning o‘rnini egallashni taklif qilishdi, ammo bu chiroyli holat bo‘lmasdi. Yakun yaxshi bo‘ldi: Vayssni chaqirishdi, u ko‘plab o‘yinlarda g‘alabaga erishdi. Umid qilamanki, u termani Yevropa chempionatiga olib chiqadi.

- Siz Gruziya termasi bosh murabbiyidan ko‘ra davlat bosh ministriga osonroq deb aytgan ekansiz.
- Albatta! Iqtisodiyot va siyosatda sening har bir qadamingni muhokama qilishmaydi, futbolda esa sen eng yaxshisi bo‘lishing kerak. Futbolchi gollar urishi kerak - murabbiyi bilan mushtlashishi emas. To‘p tepmasdan bir joyda o‘tirsam, kimning ko‘ziga ko‘rinaman?

- Sizda siyosiy ko‘nikmalar bormi?
- Yo‘q. Menda Gruziya fuqarosi ambitsiyalari bor: demokratik davlatda yashash, u yerning qonunlariga amal qilish, odamlarga hurmatda bo‘lish, o‘g‘rilik, qotillik qilmaslik kerak. Qo‘shni davlatlar: Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston va Turkiya bilan hamjihatlikda yashash. Davlatni bizdan oldin ko‘rganlar, bizdan keyin ham ko‘rishlarini istaymiz. Buning nimasi qiyin? Gruziyaning aholisi 4 millionga ham yetmaydi. Biz o‘z davlatimizni jannatmakon qilishimiz kerak, siyosat bilan shug‘ullanadigan odamlar yetarlicha.

- Do‘stingiz Kaxa Kaladze ham siz aytgan ishlarni qila oladimi?
- U juda iqtidorli, xarizmatik, yuqori ambitsiyalarga ega siyosatchi. U juda ko‘p narsalarga erishgan va ayni damda Gruziyaning eng yaxshi siyosatchilaridan biri. U futbolchiligida ham xarakterli va tartibli bo‘lgan. Odamlar futbolchilar katta hayotda hech nimaga erisha olmaydi deb o‘ylashadi, biroq bu inkor qilinayotganini ko‘rish juda yoqimli.

Lekin yolg‘iz inson hech nimani eplay olmaydi. "Roz revolyutsiyasi"dan keyin ko‘p narsa o‘zgardi. Yangi hokimiyat qonunlarni qayta qabul qilayotgan paytda butun davlat ularga yordam bergan. Shundan keyin qulayliklar paydo bo‘ldi: katta-katta binolar qurildi, Yevropaning istalgan nuqtasidan osongina borish mumkin bo‘ldi, vizasiz rejim ish boshladi. Natija - yiliga 9 million turist Gruziyaga tashrif buyurmoqda.

Bularning barchasi bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Mayya Panjikidze (Gruziyaning 2012-2014 yillardagi premer-ministri) Yevroittifoq bilan vizasiz rejim borasida kelishuvga imzo chekdi. 5 yil oldin Gruziyani banan respublikasi sifatida ko‘rishardi, hozir esa biz Yevropaning eng oldi davlatlaridan biri bo‘lib oldik.

- Gruziyaga tez-tez borib turasizmi?
- Kam. Asosiy vaqtimni ishga sarflayman. Kichik ta’til olsam, Istanbulga oilamni ko‘rgani boraman. Turkiyaga endi ko‘chib borgan paytimizda bolalarim maktabga chiqishgandi. O‘sha vaqtlarda Tbilisida xalqaro maktablar yo‘q edi. Shu boisdan u yerda qolishni istamadik. Istanbulda esa ko‘p narsalarni ko‘rdik. Yangi yilda va yozda vaqtni Gruziyada o‘tkazishga harakat qilamiz.

- Istanbulda koronavirus borasidagi holat qanday?
- So‘nggi paytlarda barchasi yaxshi tomonga o‘zgaryapti: kasallanayotganlar kamayib, tuzalayotganlar soni oshmoqda. Tendensiya shunday davom etsa, may oyining oxirlariga qadar barchasi yakunlanishi mumkin. Garchi ko‘chalarda taqiq bo‘lsa-da, hozirda odamlar ko‘chada sayr qilishyapti.

- Karantinda vaqtni qanday o‘tkazyapsiz?
- Aqldan ozay deyapman. Barcha seriallarni tomosha qildim: bank o‘g‘riliklari, otishmalar, sevgi, ayriliq... O‘qiyapman, o‘g‘lim bilan tennis, futbol o‘ynayapmiz. Ko‘niga 400dan oshiq press qilyapman, hech nima o‘zgarmayapti. Qancha harakat qilsam qornim kattalashib ketmaydi? (kuladi)

- Ovqatlanishga katta e’tibor berish kerak ekan.
- Hozir kim bunga qarab o‘tiribdi. Bir yarim oydan buyon uydamiz. Oshxonaga kirib, istalgan narsani tanovul qilyapmiz. Oladi, quymoq, xachapuri... Yeyapmiz, yotyapmiz.

- Reklamada suratga tushish borasida tez-tez taklif tushadimi?
- Bekxem kabi ko‘p emas. Gollandiyada bir, Gruziyada ikki, Turkiyada 3 marta.

- Rad javobini bergan vaqtlaringiz ham bo‘lganmi?
- Asosan rad javobini beraman. Agarda birida suratga tushsam, ko‘p o‘tmay ularning ashaddiy raqobatchisidan ham taklif tushadi. Ularning pullarini olib, tirjayib suratga tushaverish ham yoqmaydi. Hamma gap prinsipda.

- Agarda buni Ivan Urgant o‘qiganida kulib yuborgan bo‘lardi.
- Vanya - ajoyib inson, unga mumkin. Uning kasbi meniki bilan farq qiladi. U ilk navbatda san’atkor, u uchun bu hayot: avvaliga bandit rolini o‘ynaysan, keyinchalik politsiyachi bo‘lasan. Agarda u "Apple" tashkillashtirgan konsertda qatnashsa, keyinchalik "Samsung" konsertida ham ishtirok etishi kerak bo‘lib qoladi. Bunga qanday qilib rad javobini berish mumkin?

- Amakingiz Vaxtang Kikabidzening ishlari qanday?
- Barchasi yaxshi. Olti yildan buyon u davolanayotgan bo‘lsa-da, konsert berishda charchamayapti. U Toshkentda konsert berganida ko‘zlarimdan yosh kelgandi. Ikki tomonlama faxrlangandim o‘shanda: u mening amakim, u mening vatandoshim...

Mirjalol Normatov tarjimasi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shota Arveladze: Adebayor so‘ragan mablag‘, Derdiyokning "Paxtakor"dagi maoshi, Van Gal haqida