11:33 / 31.05.2020
1 941

Karantin rejimidagi Superliga — PFLning maxsus tartibi haqidagi bayonnoma

Karantin rejimidagi Superliga — PFLning maxsus tartibi haqidagi bayonnoma
COVID-19 pandemiyasi davrida cheklash tadbirlarini qo‘llanishi sharoitida professional futbol mashg‘ulotlari hamda musobaqalarini tashkil qilish to‘g‘risidagi vaqtinchalik sanitariya-gigiyena qoida va me’yorlari.

1-bob. Kirish
1.1. Ushbu vaqtinchalik sanitariya-gigiyena qoida va me’yorlari (keyinchalik sanitariya qoidalari) COVID-19 pandemiyasi tarqalishi bo‘yicha epidemiologik vaziyatning keskinlashuvi davrida futbolchilar va boshqa rasmiy shaxslar salomatligini himoya qilish uchun maqbul mexnat sharoitini va mexnat jarayonini tashkil etish bilan atrof muhitni hamda mehnatni muxofaza qilishga qaratilgan profilaktik tadbirlarini amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.
1.2. Ushbu sanitariya qoidalari O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar hamda musobaqalar uchun gigiyenik talablarni belgilaydi.
1.3. Sanitariya qoidalari texnik jixatdan tartibga solish sohasida me’yoriy xujjat hisoblanib, barcha futbol klublari tomonidan bajarilishi majburiydir.
1.4. Futbol klublari rahbarlari hamda bosh shifokorlari sanitariya qoidalariga rioya etish bo‘yicha shaxsan javobgar hisoblanadi.
1.5. Sanitariya qoidalarini buzganlik O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda intizomiy, ma’muriy va jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
1.6. Ushbu sanitariya qoidalariga rioya qilinishini nazorati Davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan amalga oshiriladi.

2-bob. Asosiy atama va tushunchalar
2.1. O‘quv-mashg‘ulot bazasi – mashg‘ulot uchun maydonlar hamda yopiq inshootlar, jamoalar vakillari istiqomat qilayotgan mehmonxonalar, rasmiy uchrashuvlar o‘tadigan maydonlar – bu futbolchilarning doimiy yoki ajratilgan vaqt (belgilangan ish vaqtida) mobaynida mehnat qilishi (yashashi) uchun mo‘ljallangan yopiq bino yoki qurilma.
2.2. Ish joyi – mehnat faoliyati jarayonida xodimning doimiy yoki vaqtinchalik bo‘lish joyi.
2.3. Ijtimoiy masofa – shaxslarning o‘zaro 2 metrdan kam bo‘lmagan masofada turishi.
2.4. Shaxsiy himoya vositalari (SHXH) – xodimga zararli ishlab chiqarish omili va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omili ta’sirining oldini olish yoki uni kamaytirish, shuningdek, ifloslanishlardan himoyalanish uchun foydalaniladigan texnik vositalar va boshqa vositalar. COVID-19 epidemiyasi paytida ishlatiladigan shaxsiy himoya vositalari (SHXV) - maxsus kiyimlar, maxsus poyafzal, yuvish va zararsizlantirish vositalari, texnik vositalar.
2.5. Jamoaviy himoya vositalari – xodimga zararli ishlab chiqarish omili va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omili ta’sirining oldini olish yoki uni kamaytirish, shuningdek ifloslanishlardan himoyalanish uchun foydalaniladigan texnik vositalar va boshqa vositalar.

3-bob. Mashg‘ulotlarni tashkil etish
3.1. Mazkur sanitariya qoidalari asosida har bir futbol klubi olib boriladigan mashg‘ulotlarda 40 kishidan ko‘p bo‘lmagan ishtirok etuvchilar ro‘yxatini shakllantiradi. Mazkur ro‘yxat klub rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
3.2. Mashg‘ulotlar uchun tanlab olingan barcha to‘plar, GPS tizimlari (Polar tizimi), fishkalar, darvozalar ustunlari hamda to‘rlari, barcha ekipirovkalar, umuman mashg‘ulotlar davomida foydalaniladigan barcha vositalar dezinfeksiya qilinishi shart. Bunda klub dislokatsiyasi hamda avtobusi mashg‘ulotlarga qadar to‘liq dezinfeksiya qilinishi, ular Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining barcha talablariga javob berishi kerak.
3.3. Mashg‘ulotlarga kirgan barcha personal karantin normalariga (shaxsiy himoya vositalariga) qat’iy rioya qilishi shart. Ularga tupurish, og‘iz chayqalgan suvni ommaviy joyga (ayniqsa futbol maydoniga) tashlash kabi sanitariya qoidalarini buzish taqiqlanadi (futbolchilar og‘iz chayishi hamda og‘izdagi suvni tashlashi uchun alohida idishlar, ya’ni, tufdon qo‘yilgan nuqtalarni tashkil etish tavsiya etiladi).
3.4. Futbolchilar yechinish xonalari, shuningdek, ular foydalanadigan avtobusni kvars lampalar (portativ kvars lampa) bilan jihozlash talab etiladi. Bunda kvars lampalardan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalarga qat’iy rioya qilinishi zarur.
3.5. O‘quv-mashg‘ulot bazasida bittadan ortiq futbol jamoasining mashg‘ulot o‘tkazishiga ruxsat etilmaydi.
3.6. Barcha futbolchilar uchun sochiq, suv idishlar va boshqa kerakli vositalar alohida bo‘lishi shart.
3.7. Mashg‘ulotlar davomida oraliq masofa konuslar yoki fishkalar bilan belgilab berilishi hamda futbolchilar ijtimoiy masofa saqlash normalariga rioya qilishi kerak.
3.8. O‘quv-mashg‘ulot bazasida alohida izolyator xonasi bo‘lishi va mazkur xona kushetka hamda stul bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Mazkur xona dezinfeksiya qilingan bo‘lishi shart. Undan karantin davrida boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
3.9. Ishlatilgan futbol liboslari hamda barcha inventarlar mashg‘ulotlardan keyin dezinfeksiya qilinishi shart.
3.10. Mashg‘ulotlar o‘tadigan maydonga tutash binolar ichi septodez (yoki uning o‘rnini bosuvchi vosita) bilan, futbol maydoni esa gipoxlorit (yoki boshqa xlorli eritmalar) bilan dezinfeksiyalanishi kerak.

4-bob. Musobaqalarni tashkil etish
4.1. Mazkur sanitariya qoidalari asosida har bir futbol klubi rasmiy uchrashuv uchun 35 kishidan ko‘p bo‘lmagan ishtirok etuvchilar (futbolchilar, murabbiylar shtabi, rahbariyat va hokazo) ro‘yxatini shakllantiradi. Mazkur ro‘yxat klub rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
4.2. Har bir mezbon futbol klubi uchrashuv uchun stadion ichida va tashqarisida xizmat ko‘rsatuvchi (to‘p uzatuvchilar, bayroq ko‘taruvchilar, stadion xodimlari va boshqalar) jami 50 nafardan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ro‘yxat shakllantiradi. Mazkur ro‘yxat stadion rahbariyati tomonidan tasdiqlanadi.
4.3. O‘FA hamda O‘zPFL, shuningdek, O‘zMTRK xodimlarining umumiy soni 20 kishidan ko‘p bo‘lmasligi talab etiladi va mazkur ro‘yxat uchrashuv komissari tomonidan shakllantiriladi.
4.4. Uchrashuv davomida stadiondagi barcha shaxslar O‘zPFL komissari ko‘rsatmalari asosida harakat qiladi.
4.5. Uchrashuvga 48 soat vaqt qolganida futbolchilar, murabbiylar va boshqa rasmiy personallar OAV vakillari hamda muxlislar bilan uchrashishi mumkin emas.
4.6. Uchrashuv uchun tanlab olingan barcha to‘plar, GPS tizimlari (Polar tizimi), fishkalar, darvozalar ustunlari hamda to‘rlari, barcha ekipirovkalar dezinfeksiya qilinishi shart. Bunda ular Sog‘liqni saqlash vazirligining sanitariya bo‘yicha barcha talablariga javob berishi kerak.
4.7. Uchrashuvlar o‘tadigan stadionlar dezinfektor qurilma bilan jihozlanishi kerak. Mazkur qurilmaga kirish oldidan har bir jamoa a’zosi pirometriya (tana haroratini o‘lchash) tekshiruvidan o‘tishi shart.
4.8. Uchrashuv davomida stadionga kiritilgan barcha personal karantin normalariga (shaxsiy himoya vositalariga) qat’iy rioya qilishi shart. Ularga tupurish, og‘iz chayqalgan suvni ommaviy joyga (ayniqsa futbol maydoniga) tashlash kabi sanitariya qoidalarini buzish taqiqlanadi (futbolchilar og‘iz chayishi hamda og‘izdagi suvni tashlashi uchun alohida idishlar, ya’ni, tufdon qo‘yilgan nuqtalarni tashkil etish tavsiya etiladi).
4.9. Futbolchilar va hakamlar yechinish xonalari, shuningdek, avtobuslar kvars lampalar bilan jihozlash kerak (portativ kvars lampa). Bunda kvars lampalardan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalarga qat’iy rioya qilinishi zarur.
4.10. Barcha musobaqalarning birinchi davrasi yakuniga qadar klublarga o‘yin davomida FIFA tavsiyasiga asoslanib, birinchi davra o‘yinlari yakuniga qadar 5 nafargacha futbolchi almashtirish uchun ruxsat etiladi. Ular bu o‘zgarishlarni uch imkoniyat davomida amalga oshirishlari kerak bo‘ladi. Ikkinchi davra o‘yinlaridan boshlab barcha jamoalar Musobaqalarni o‘tkazish reglamenti asosida futbolchi almashtiradi.
4.11. Stadion hududidagi barcha personallar shaxsiy himoya vositalaridan foydalanishi shart. Faqatgina o‘yin vaqtida maydonda harakat qilayotgan futbolchilar va hakamlarda maska bo‘lmaydi. Chigalyozdi mashg‘ulotlarida qatnashuvchilar ham maskalardan foydalanadi.
4.12. Uchrashuv oldidan ikki jamoa vakillari va hakamlarning o‘zaro qo‘l berib ko‘rishish tadbirlari taqiqlanadi.
4.13. Coca Cola brendi fonida jamoaviy rasmga tushishda futbolchilar ijtimoiy masofa saqlaydi hamda bir-biriga teginib turmaydi (zig-zag usulida).
4.14. Futbolchilar golni nishonlayotganda ijtimoiy masofa saqlaydi va golni jamoaviy nishonlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
4.15. Uchrashuvdan keyin bosh murabbiylar faqat teletranslyatsiya huquqini qo‘lga kiritgan kompaniya uchun ijtimoiy masofani saqlagan holda flesh intervyu beradi. Boshqa eksklyuziv intervyular stadion hududida amalga oshirilmaydi.
4.16. Karantin talablaridan kelib chiqib, matbuot anjumani o‘tkaziladi. Unda ishtirok etayotgan barcha karantin talablariga qat’iy rioya etishi shart.
4.17. Fotomuxbirlar ijtimoiy masofa saqlash hamda sanitariya qoidalariga, uchrashuv komissarining talablariga qat’iy rioya qilishi shart. 4.18. Matbuot anjumanida ishtirok etayotgan futbolchi va murabbiylar mikrofon, diktofon kabi vositalarga teginishi, ularni bir
joydan boshqa joyga surishi mumkin emas.
4.19. Uchrashuv stadioni, jumladan futbol maydoni o‘yin
boshlanishidan kamida 3 soat oldin gipoxlorit (yoki boshqa xlorli eritmalar) bilan dezinfeksiya qilinishi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi belgilab bergan antiseptik vositalar bilan ta’minlangan bo‘lishi shart.
4.20. Texnik zonaga barcha futbolchilar o‘yin formalarida chiqib keladi. Bunda bir formani boshqasi bilan almashtirish mumkin emas.
4.21. Texnik zonada joylashgan zaxira o‘rindig‘ida faqatgina bosh murabbiy, yordamchi murabbiy, shifokor hamda massajchiga ijtimoiy masofani saqlash sharti bilan ruxsat etiladi. Qolgan barcha personallar va zaxira futbolchilari ijtimoiy masofani saqlagani holda muxlislar tribunasidan joy oladi.
4.22. Uchrashuv stadioni alohida izolyator xonasi bo‘lishi va mazkur xona kushetka hamda stul bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
4.23. Uchrashuv o‘tadigan tutash binolar ichi futbolchilar kelishidan 2 soat avval septodez (yoki uning o‘rnini bosuvchi vosita) bilan dezinfeksiyalanishi kerak.
4.24. Respublika maxsus komissiyasi ruxsat berguniga qadar uchrashuvlar tomoshabinlarsiz o‘tkaziladi.

5-bob. O‘quv-mashg‘ulot bazasida yashashni tashkil qilish
5.1. Futbolchilar istiqomat qiluvchi mehmonxona yoki o‘quv-mashg‘ulot bazalari jamoa a’zolarining hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta’minlashi kerak.
5.2. Mehmonxona yoki o‘quv-mashg‘ulot bazalaridagi qabulxona, kutish zallari, yo‘laklar, zinalar, lift, sanitar-gigiyenik nuqtalari har 8 soatda hamda umumiy foydalanishdagi buyumlar (eshik tutqichi, lift tugmalari, kutish zalidagi stol, ro‘yxatga olish joyi stoykasi va undagi ruchkalar) har 2 soatda kamida 1 marotaba dezinfeksiya qilinishi kerak.
5.3. Umumiy foydalanishdagi ob’ektlar (lift, sanitariya-gigiyena nuqtalari, ovqatlanish joylari va boshqalar) antiseptik vositalari bilan uzluksiz ta’minlashi hamda qo‘lni davriy tozalab turish bo‘yicha o‘zbek va rus tillarida yozilgan ogohlantiruvchi yozuvlar bo‘lishi kerak.
5.4. Jamoa a’zolarining sonidan kelib chiqib, shaxsiy himoya vositalarining (niqob, qo‘lqop, antiseptik vosita va boshqalar) kamida besh kunlik zahirasi shakllantirilishi va doimiy mavjud bo‘lishi talab etiladi.
5.5. Umumiy joylarda, shu jumladan mehmonxonaga va restoranga kiraverishda qo‘lni zararsizlantirish uchun teri antiseptiklari bilan to‘ldirilgan dozatorlar o‘rnatiladi.
5.6. Profilaktik dezinfeksiyalash uchun mehmonxonalar va bazalar ko‘chma kvars lampa bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
5.7. Yashash xonalari har kuni shamollatiladi, ko‘rpa-to‘shaklar, mebel, gilam, pol changdan tozalanadi, pol va sanitariya qurilmalari dezinfeksiyalash vositalaridan foydalangan holda tozalanadi. Xonani shamollatish kuniga kamida 2 marta amalga oshiriladi.
5.8. Radiatorlar, deraza tokchalari, kiyim shkaflari har kuni tarkibida spirt bo‘lgan dezinfeksiyalash vositasi bilan artib tozalanadi va haftasiga bir marta yuvish vositalaridan foydalanib yuviladi. Dereza oynalarning ichki yuzasi har hafta tarkibida spirt tutuvchi dezinfeksiyalash vositasi bilan tozalanadi va oyiga bir marta yuvish vositalari bilan yuviladi. Ichki xojatxona kuniga bir marta yuvuvchi va dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalanib tozalanadi.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar
6.1. Mazkur qoidalarga amal qilmagan, ko‘rsatilgan talablarni bajarmagan futbol klublar yoki ularning personallari javobgarlikka tortiladi.
6.2. Mashg‘ulot o‘tuvchi maydon yoki uchrashuvlar o‘tadigan stadionlarda yuqorida ko‘rsatilgan tadbirlardan boshqa tadbirlar o‘tkazilishi man etiladi.
6.3. Stadion atrofida tomoshabinlar va boshqa shaxslarning to‘planishi mumkin emas.
6.4. Yuqorida ko‘rsatilgan talablardan farq qiluvchi fors-major holatlar O‘FA va O‘zPFL, shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan tartibga solinadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Karantin rejimidagi Superliga — PFLning maxsus tartibi haqidagi bayonnoma