16:39 / 02.06.2020
1 941

Mirjalol Qosimov Superliga restarti oldidan nimalar dedi?

Mirjalol Qosimov Superliga restarti oldidan nimalar dedi?
Xabaringiz bor, Superliga o‘yinlari 13 iyun sanasidan davom ettiriladi. Ko‘plab klublar qatori Olmaliqning AGMK jamoasi ham mashg‘ulotlarni boshlab yuborgan. Klub matbuot xizmati esa bosh murabbiy Mirjalol Qosimovdan intervyu oldi.

"Avvalo futbol jamoatchiligi va muxlislarni yana futbol qaytayotganligi bilan tabriklayman. Hukumatimiz futbol o‘yinlari va mashg‘ulotlarga ruxsat bergani nafaqat futbol jamoatchiligi, balki millionlar o‘yinini sog‘ingan ko‘plab muxlislarni ham xursand qildi, nazarimda. Muhimi, futbol jamoatchiligi hukumat tomonidan berilgan mazkur ishonch va imkoniyatni qadrlab, hozirgi pandemiya davrida har bir ishga mas’uliyat bilan yondashishi kerak. Karantin davrida asosiy vaqtni uyda oila davrasida o‘tkazdik. Bu davr ham qaysidir ma’noda ba’zi holatlar bo‘yicha kerakli xulosalarni chiqarishga yordam berdi.

Karantinda futbolchilarning holatini masofadan nazorat qilib, kerakli dasturlar asosida shug‘ullanishlarini belgilab berdik. Endilikda barcha mavjud tartib qoidalarga amal qilgan holda mashg‘ulotlarni tikladik. Quvonarlisi, futbolchilar karantin davrida o‘z ishlariga professional yondashib, imkon qadar o‘zlarining jismoniy holatlarini bir me’yorda ushlashga muvaffaq bo‘lishgan.

Mashg‘ulotda futbolchilar yashil maydonni, to‘pni va ayniqsa jamoaviy muhitda o‘zaro shug‘ullanishni juda sog‘inishgani ko‘rinib turibdi. Ya’ni ular ishga chanqoq. Bu esa qisqa fursatda restart oladigan Superliga o‘yinlariga ularni har taraflama tezroq sport formalarini optimal holatga keltirishga yordam beradi. To‘g‘ri, tanaffus uzoq cho‘zildi va jamoaning umumiy holatini qisqa fursatda optimallashtirish oson bo‘lmaydi.

Lekin fors-major holati barchani bir xil sharoitga qo‘yadi. Shu bois hozirgi asosiy diqqatni avvalo jamoaning jismoniy holatini tiklash va o‘yin tashkil etishda jamoaviy o‘zaro tushunchalarni tezroq yana shakllantirib olishga qaratamiz. Mashg‘ulotlar va o‘yin orasidagi interval qisqa bo‘lsada, chempionat boshlansa uchrashuvlar orqali jamoaning umumiy holatini tezroq tiklashga harakat qilamiz.

Muxlislarsiz futbol asosiy bezagini yo‘qotadi. Lekin hozirgi davrda eng maqbul yo‘l tomoshabinlarsiz o‘yin. Chunki salomatlik va xavfsizlik barcha narsadan ustun. O‘ylashimcha, garchi muxlislar stadionga tusha olishmasada, teleekran orqali katta qiziqish bilan o‘yinlarni tomosha qilishadi. Biz esa ularning qo‘llab-quvvatlovini his etgan holda maydonga bir maqsad — ishqibozlarimizni xursand qilish uchun chiqamiz. AGMK jamoasi olmaliqlik ishqibozlarimizni o‘zining chiroyli o‘yini va natijalari bilan xursand etishi uchun qattiq ishlaydi", - dedi Qosimov.

Ma’lumot uchun, AGMK 4-turni 13 iyun kuni Navoiyda "Qizilqum" jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirjalol Qosimov Superliga restarti oldidan nimalar dedi?