19:10 / 02.06.2020
2 434

"Nasaf"ning bosniyalik futbolchisi: Cheranning natijasini takrorlash qiyin

"Nasaf"ning bosniyalik futbolchisi: Cheranning natijasini takrorlash qiyin
O‘zingizga ma’lum, uzoq tanaffusdan so‘ng Superligaga qaytadan start berilmoqda. Qarshining "Nasaf" jamoasi ham O‘zbekiston professional futbol ligasining ruxsati bilan, karantin qoidalariga amal qilgan holda mashg‘ulotlarni boshlab yubordi.
Klub matbuot xizmati mashg‘ulot jarayonida jamoaning yangi a’zosi bosniyalik Dilaver Haris bilan suhbatlashdi.

- Yurtimizga va jamoaga hush kelibsiz Dilaver. O‘zingizni qanday his qilmoqdasiz?
- Avvalambor barchaga assalomu alaykum. Yurtingizda va ushbu jamoada ekanligimdan xursandman. Bu yerda barcha narsa meni qoniqtirmoqda. Shahringizda oilam bilan birgaman. Shundan bo‘lsa kerak hech qanday muammo bo‘lgani yo‘q.

- Taxminan uch oydan so‘ng futbol maydonlarimizga qaytmoqda. Bu haqida o‘z fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
- Men umrimning asosiy vaqtini futbol bilan o‘tkazdim va o‘tkazmoqdaman. Futbolsiz qiyin lekin, avvalambor insonlarning salomatligi birinchi o‘rinda turadi biz buni to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak. Shunday bo‘lsada uzoq vaqtdan so‘ng futbolni qaytayotgani bizni xursand qilmoqda.

- Endi qisqacha "Nasaf"ga kelib qo‘shilishingiz haqida gaplashsak, bu qanday ro‘y berdi?
- “Nasaf” bu – katta oila. Bu yerda kuchli murabbiy qo‘l ostida ajoyib jamoa yig‘ilgan va ular meni o‘z oilalariga qabul qilishdi. Bu yerda men o‘zimni yaxshi his qilmoqdaman. Klub vakillari agentim bilan bog‘langan va ular meni jamoada ko‘rishni xohlayotganlarini bildirishgan. Ko‘rib turibsizki, shu yerdaman.

- Jamoaga kelib qo‘shilishdan oldin o‘zbek futbolini o‘rgandingizmi?
- Ha albatta, jamoaga qo‘shilishdan oldin uning Superligadagi ishtiroki hamda o‘zbek futboli haqida qisqacha tasavvurga ega bo‘lgan edim.

- Bu yerga kelishdan oldingi tasavvuringiz qanday edi va bu qanchalik o‘zini oqladi?
- Jamoaga qo‘shilishdan oldin uning OCHL dagi o‘yinlarini ko‘rgandim. Ko‘rdimki jamoa ajoyib stadion va sevimli muxlislariga ega. Chempionatdagi ilk uchrashuv esa fikrlarimni tasdiqladi. Afsuski, karantindan so‘ng futbol uchrashuvlarini muxlislarsiz o‘tkazish achinarli. Futbol muxlislar uchun. Biz ularni sog‘inib qolamiz. O‘ylaymanki, tez orada hammasi o‘z o‘rniga tushadi. Men jamoamiz g‘alabalariga o‘z hissamni qo‘shib, jamoani yana OCHL da ko‘rishni xohlardim.

- Qarshi shahri haqida qanday fikrdasiz?
- Shahar menga ma’qul. Men muborak Ramazon oyini oilam bilan birgalikda bu yerda o‘tkazdim. Klub bazasida ham chempionatga tayyorgarlik ko‘rish uchun barcha sharoitlar yetarli. Men yoz fasli va quyoshni yaxshi ko‘raman shuning uchun bu issiq ob-havo meni cho‘chitmaydi.

- "Nasaf" ishtirokidagi 3 o‘yinda maydonga tushishga ulgurdingiz. Bu haqida taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
- Xaqiqatdan ham men Superliganing 3 turida maydonga tushdim. Bu men uchun yangi chempionatdagi ilk uchrashuvlarim edi. Ligadagi har bir uchrashuvning yuqori darajada tashkillashtirilishi tahsinga sazovor.

- "Nasaf"ga taklif qilingan legionerlar nafaqat jamoa muxlislari balki, butun o‘zbek futboli e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Hozirgi kunda Toshkentning “Paxtakor” jamoasini himoya qilayotgan Dragan Cheran ham o‘z vaqtida qarshiliklar sharafini himoya qilib, to‘purarga aylangan edi. "Nasaf" muxlislari ham sizdan aynan shunday natijani kutib qolishadi. Bunga tayyormisiz?
- Ilk bor Toshkentga Marko bilan kelganimda Dragan bilan ko‘rishgan edik. U nafaqat yaxshi futbolchi balki, yaxshi inson ham. U Superligada ko‘plab gollar kiritgan va “Nasaf” uchun ham albatta. Uning natijasini takrorlash qiyin bo‘ladi. Lekin, bunga harakat qilaman. Har bir uchrashuvda bor kuchim bilan harakat qilib, jamoamiz zafarlariga o‘z hissamni qo‘shishga harakat qilaman.

- Jamoadoshlaringiz orasida kimning salohiyatini yuqori baholaysiz?
- Jamoada iqtidorli futbolchilar ko‘p. Men ular orasida aynan kimnidir ajratib ko‘rsatmoqchi emasman. Men ularning futbolchilik faoliyatlarida yuqori cho‘qqilarga erishishlarini tilab qolaman.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Nasaf"ning bosniyalik futbolchisi: Cheranning natijasini takrorlash qiyin