20:13 / 02.06.2020
2 190

«Paxtakor» eshiklarini qattiq yopishni xohlamayotgan Masharipov bilan suhbat

«Paxtakor» eshiklarini qattiq yopishni xohlamayotgan Masharipov bilan suhbat
Muxlislar ko‘p yillardan buyon o‘zbek futbolining yorqin yulduzi Jaloliddin Masharipov Yevropaga ketishi kerakligi haqida gapirishadi. Unga nihoyat aniq taklif bo‘lgan. Oddiy klubdan emas, jahon futbolida o‘z o‘rniga ega turk futbolining ayni damdagi eng kuchli jamoalaridan bo‘lgan «Trabzonspor»dan. Turkiya superligasida yetakchilik qilayotgan klub Masharipovga og‘iz solgan, ammo «Paxtakor»ning belgilagan 6 million yevro narxi turklarni «qo‘rqitib yuborgan».

Muxlislari «chempionni biz aniqlaymiz» deydigan «Trabzon»dek klub chindan Masharipovga qiziqish bildirganmi? «Paxtakor» nega uni qo‘yib yuborishni xohlamagan? Mana shu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Jaloliddin Masharipov bilan suhbat uyushtirdik.

– Jaloliddin, oldingizga so‘nggi kunlarda tarqalgan xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida keldik. Ya’ni, sizga Turkiyaning «Trabzonspor» klubidan taklif tushgan...
– Bu qiziqishga karantin sabab bo‘ldi, desa ham bo‘ladi. Shota Arveladze karantin davrida Turkiyada bo‘ldi. U yerda jurnalistlarga intevyular berganda «Paxtakor» haqida gapiraturib meni ham tilga olgan.

– Intervyuda shunchaki aytib o‘tganmi yoki tavsiya qilganmi?
– Tavsiya qilgan. O‘zim bilan gaplashganda ham «Sen Turkiyada bemalol o‘ynay olasan» derdi. Keyin turklar o‘yinlarim videolavhalarini ko‘rishdi. Turk jurnallarida ham men haqimda yozishdi. Lekin narxga kelganda kelisha olishmadi.

– Transfer narxingiz qancha va uni kim belgilagan?
– Narxni kim belgilaganini aniq bilmayman. Transfer narxim 6 million yevro ekanini o‘zi ham turk gazetalaridan bildim.

– Bu juda qimmat-ku?
– Ha, men ham hayronman. Avvallari 2 million yevro deb aytishgandi. Balki turklar jiddiy qiziqish bildirgach, oshirib yuborishgandir.Transfer narximni o‘zim kutganimdan-da yuqori belgilashibdi. Qanday o‘ynashingizdan qat’i nazar O‘zbekistonda o‘ynayotgan o‘zbek futbolchilarini hech kim 6 millionga olmaydi. 3 millionga olsa ham xursand bo‘lish kerak. Shomurodovdek Rossiya klublarida o‘ynab, o‘zingizni ko‘rsatgan bo‘lsangiz unda boshqa gap.

– Real narxingiz qancha deb o‘ylaysiz?
– Men tufayli «Paxtakor» qancha ko‘p pul topsa, shuncha xursand bo‘laman. Lekin real narxim 2 million yevro bo‘lsa ham yetarli, menimcha.

– «Trabzonspor» bunga qanday munosabat bildirdi?
– Narximni eshitgach, qiziqishini pasaytirdi, deb eshitdim. 6 millionga Yevropadan ham yaxshi o‘yinchi sotib olishi mumkin. Jahon chempionatida yoki xorij klublarida o‘ynamagunimizcha hech kim bizga bunday pul to‘lamaydi.

– Boshqa takliflar ham bormi?
– Aslida maqsadim – Yevropaga ketib, qolgan o‘zbek futbolchilari uchun eshiklarni ochish. Arab jamoalaridan takliflar juda ko‘p. Lekin ularga e’tibor bermayapman. Chunki hozir arab klubiga o‘tsam, muxlislar «Yevropada o‘ynayman der eding, pulga qiziqibsan-da», deyishadi. Lekin ko‘pchilik nimalar bo‘layotganini tushunmaydi, yakunda shunga majbur bo‘lib qolishim ham mumkin.

– Demak, gap pulda emas?
– Ha, men yuqori darajali chempionatlarda o‘ynab keta olaman, deb o‘ylayman. Menga motivatsiya kerak.

– Agentingiz German Tkachenko bunga qanday munosabatda?
– U ham biroz hayratda. «Menga narxingni boshqacha aytgan eding-ku» dedi. U ham «Paxtakor» qo‘yib yuborgisi kelmayotganini tushundi.

–Klubga qanday maqsadlar uchun kerakman deb o‘ylaysiz?
– Chempionlar Ligasi uchun. Maqsadimiz finaligacha yetib borish.

– Jamoada o‘rningizni bosadigan o‘yinchi yo‘q. Klubni tushunish mumkinmi yoki vaqt boy berilyaptimi?
– Vaqt boy beriladi. Chunki sentabrda 27ga to‘laman. Masalan, 22-23 yosh bo‘lganimda edi, «Paxtakor»da yana kamiga 2 yil o‘ynab berardim.

– Darajangiz ham O‘zbekiston chempionatidan o‘tib ketdi…
– Hamma shunday deydi. Chempionatimiz yomon emas. Lekin vaqti kelganda futbolchilarimizni qo‘yib yuborish ham kerak.

Xudo xohlasa, yaqinda rahbariyat bilan gaplashamiz. Ular meni to‘g‘ri tushunishadi, deb o‘ylayman. 10 yoshimdan shu klubdaman. Jamoamni juda yaxshi ko‘raman. Tekinga ketishni istamayman, transferimdan klub foyda olishini xohlayman. Eshikni qattiq yopib ketgim kelmayapti. Chunki vaqti kelib, faoliyatimni «Paxtakor»da yakunlamoqchiman.

– «Paxtakor» bilan amaldagi shartnomangiz qachon tugaydi?
– 2021 yil oxirida.

– Klubdan nimani so‘ragan bo‘lardingiz?
– Meni to‘g‘ri tushunib, qo‘yib yuborishlarini so‘rardim. Vaqti keldi. Hatto ota-onamni ko‘rganlar «O‘g‘lingiz qachon xorijga ketadi?» deb so‘rashyapti. O‘zimni ko‘rganda ham har bir muxlis shuni so‘raydi.

Meni qo‘yib yuborishsa, klubga bir tomonda yaxshi bo‘ladi. Chunki o‘rnimda o‘ynashi mumkin bo‘lgan iste’dodli yoshlar bor. Ketishim ularni ilhomlantiradi. Masalan, o‘zim ham Odil akaga havas qilib xorijda o‘ynash maqsadini qo‘yganman.

– Jaloliddin, chindan siz Superligamiz darajasidan o‘tganingizga ancha bo‘ldi. Rahbariyat bilan kelisha olishingizga umid qilamiz. Chunki «Trabzonspor»dek jamoadan har kuni ham taklif bo‘lavermaydi.
– Rahmat.

Bobur Akmalov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Paxtakor» eshiklarini qattiq yopishni xohlamayotgan Masharipov bilan suhbat