10:30 / 10.06.2020
1 990

Brunu Fernandesh — jahon futbolining navbatdagi yulduzi. Nega?

Brunu Fernandesh — jahon futbolining navbatdagi yulduzi. Nega?
Foto: Goal
Angliya Premer Ligasini muntazam kuzatib boradigan mutaxassis va muxlislarni «Manchester Yunayted» 2020 yil yanvarida kelib qo‘shilgan portugaliyalik hujumkor yarim himoyachi Brunu Fernandeshning o‘yinlari hayratda qoldirdi.

Darhaqiqat, u jamoada paydo bo‘lishi bilan, jamoa darhol ketma-ket o‘yinlarda g‘alaba qozona boshladi. Brunu «qizil iblislar»ning o‘yiniga o‘zgacha bir go‘zallik va nafislik olib kirdi. U maydonda birdaniga bir nechta vazifani bajaradi — himoyada ham, hujumda ham birdek foydali o‘yinchi.

Aynan Brunu Fernandesh kelajakda (Messi va Ronaldu erasidan keyin) jahon futboli yulduziga aylanishi mumkin. Tabiiyki, ko‘pchilikda nega degan savol tug‘ilishi mumkin. Xo‘sh, u nimasi bilan boshqalardan ustun? Quyida uning haqiqatan ham jahon futboli yulduzi bo‘lishi mumkinligini tasdiqlovchi bir nechta dalillar keltiriladi.

Doimiy ravishda yugurishi
Brunu hech qachon bir joyda turmaydi, u aql bovar qilmas darajada chidamli futbolchi. U doimiy ravishda sheriklaridan to‘pni so‘raydi, bo‘sh zonalarga ochiladi raqibdan to‘pni olib qo‘yadi va hokazo. U to‘psiz harakat qilish borasida istalgan futbolchiga dars bera oladi. U maydonning har bir qarichi uchun kurashadi. Tayanch yarim himoyachisi vazifasini bajargan holda, himoyada ham yordam beradi, ba’zida esa ikkinchi hujumchi rolini bajarishi ham mumkin. Zamonaviy futbolda bu juda muhim mahorat hisoblanadi. Tezkor va shiddatli futbolda aniq zarbalar va tezlik bilan qaror qabul qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Brunu Fernandeshda esa bu borada muammolar yo‘q.

Taktik jihatdan to‘g‘ri o‘yinchiligi
Bu yigitchaning taktikasi yuqori darajada. Buni payqash uchun uning o‘yinlarini kuzatishning o‘zi kifoya. U butun maydonni hamda o‘yinni nazorat qiladi. Brunu to‘p unga kelguniga qadar nima qilishini oldindan aniqlab oladi. Uning har bir to‘p uzatishi va harakati chuqur taktik ahamiyatga ega. Ba’zan Brunu birgina uzatmasi bilan raqibning bir nechta chiziqlarini kesib tashlashga qodir. U — judayam aqlli o‘yinchi. Brunu har bir jamoaning asosiy o‘yinchisi bo‘la oladi. Bunday o‘yinchi har bir jamoaga kerak!

Texnikasi
Uning texnik qobiliyatlari haqida ham faqat yaxshi gaplarni aytish mumkin. Brunu to‘pni qabul qilganida, uni tanasi yordamida raqibdan yopadi va butunlay boshqa tomonga uzatadi. Portugaliyalik iste’dodli futbolchi tezlikda bir vaqtning o‘zida bir nechta raqib jamoa o‘yinchilarini aldab o‘tishi mumkin. Uning zarbalari ham alohida e’tibor qaratishga loyiq — ular deyarli har doim aniq va kuchli, bu esa raqib jamoa darvozabonlari uchun qiyinchiliklarni tug‘diradi.

Yoshi
Hozir u atigi 25 yoshda (1994 yilda tug‘ilgan). Shunga qaramay, «Udineze», «Sampdoriya», «Sporting» kabi klublarda harakat qilishga ulgurgan. Endi esa u «Manchester Yunayted»da. Butun faoliyati davomida 288 ta uchrashuv o‘tkazgan va 60 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan. U yana 8-9 yil bemalol yuqori darajada o‘ynay oladi.

Hali Brunu Fernandesh o‘zining eng yorqin o‘yinlarini ko‘rsatganicha yo‘q. Shunday ekan, agar bor kuch-quvvatini sarflasa, jarohatlar va boshqa holatlar xalaqit bermasa, u albatta, jahon futboli yulduziga aylanishga mumkin. Brunu har qanday nufuzli klubning yulduziga aylana oladi. U markaziy o‘yinchi — jamoaning miyasi bo‘lib, butun o‘yinni o‘z nazoratida ushlab turadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Brunu Fernandesh — jahon futbolining navbatdagi yulduzi. Nega?