20:08 / 22.06.2020
1 793

Abramovning ajablantirmaydigan ammo xavotirli natijasi, "Navbahor"dan o‘xshash hisoblar, murabbiyi bor yoki yo‘q bo‘lgan "Andijon"

Abramovning ajablantirmaydigan ammo xavotirli natijasi, "Navbahor"dan o‘xshash hisoblar, murabbiyi bor yoki yo‘q bo‘lgan "Andijon"
19 – 21 iyun kunlari Coca Cola Superligasida 5-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Bellashuvlarda bir qator kutilmagan natijalar va voqeliklar kuzatildi. Quyida biz ana shu jihatlarga e’tibor qaratamiz.

“Qizilqum” aftidan tub o‘zgarishlarga muhtoj. Oldinroq, klubda katta o‘zgarishlar bo‘ldi, keyinroq, yana avvalgi tarkib ishlamoqda qabilidagi xabarlar yangradi. Jamoada nima bo‘layotganini tushunish qiyin. Chunki bir qarasang Hamidjon Aktamov ketaman, deydi, keyingi tur ko‘rsangiz murabbiylik kursisida yoki rahbarlik lavozimlaridan birida bo‘ladi.

“Qizilqum” o‘rtamiyona jamoalar safiga kirmaydi, klub chempionatda jon saqlab qolsa bo‘lgani. Mavsum oxirlarida ozgina harakat qilib ochko jamg‘ariladi xolos. Yaqqol misol, navoiyliklarning hozirgi holati – chempionatning dastlabki 5 turida bitta durang qayd etilgan.

“Qo‘qon-1912” “Qizilqum”ni ilk bor yirik hisobda dog‘da qoldirdi – 4:0.

Vadim Abramov kutilmagan qarorlar va huddi shunday mag‘lubiyatlar bilan yodda qoladigan murabbiy. Katta o‘yinlarda shunday hisobda imkoniyatni boy berib qo‘yishi hech gap emas, bundan ajablanmaymiz. Ammo Abramov O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham bosh murabbiy ekanligi bois qo‘rquvga tushasan kishi. “Bunyodkor” Toshkent derbisida “Paxtakor”ga qarshi o‘yinlarda ilk bor 5:0 hisobida tor-mor keltirildi (Karlenovichning jamoalari bunday hisoblarga munosib bo‘lmasa-da, shunday natijalar qayd etib turadi!). Avvalgi yirik mag‘lubiyat ham aynan “Paxtakor”dan qabul qilingandi – 4:0.

"Navbahor" Namangandagi ikkinchi o‘yinda 2:0 hisobida zafar quchdi. 2-turda “Lokomotiv” ham 2 ta to‘p farqi bilan mag‘lub etilgandi.

“Buxoro”da “Qizilqum”dagi kabi vaziyat. Jamoa 5 turki g‘alaba nimaligini bilmayapti. Liganing eng “kamtar” jamoasi. Buxoroliklar 2 marta gol urib, o‘z darvozalaridan 13 bor to‘p olib chiqishdi. Mehmonda esa gol ura olmayapti.

“Lokomotiv” shu ketishda o‘rtamiyonalar qatoriga kirib qolsa ajab emas. “Temiryo‘lchilar” karantindan keyingi o‘yinlarda mag‘lubiyatga uchramoqda. E’tiborlisi, Andrey Fyodorov shogirdlari o‘z uylarida mag‘lub bo‘lmoqda. Tarkib yomon emas, bunday natijalarning yaxshirog‘iga munosib. Demak, murabbiyda bir gap bor.

Ulug‘bek Baqoyev o‘tgan yilgi natija tasodif emasligini ko‘rsatish uchun harakat qilmoqda. “So‘g‘diyona” futbolchilari murabbiyning ko‘rsatmalarini yaxshi bajarmoqda. Jizzaxliklar karantinda yaxshi dam olib, kerak paytda shug‘ullangan shekilli, jamoa 4, 5-turda g‘alabalarga erishdi. Aftidan “oq bo‘rilar” Baqoyev aytganidek, bu mavsum ham OCHL yo‘llanmasi uchun kurashadi.

AGMKning ko‘rsatkichlari yomon emas. Mirjalol Qosimov endi o‘z jamoasini tuzayotgan va uslubini kiritayotgan ko‘rinadi. Olmaliqliklar 3 g‘alaba, 2 durang qayd etishdi. Bu yil jamoadan raqobat kutarmiz, balki?

“Surxon” oxirgi daqiqalardagi gol qurboni bo‘ldi. Termizliklar yaxshi o‘ynab, imkoniyatni boy berishdi. Jamoa shu bois so‘nggi o‘rinlarga tushib ketmoqda. Natija jihatdan olib qaralganda, o‘sish kuzatilmayapti. O‘yin esa yomon emas.

“Metallurg” shu ketishda davom etsa, chempionatda xalqaro musobaqa yo‘llanmasi uchun yaxshigina raqobat hosil qiladi. Andrey Shipilov shogirdlari hozircha yo‘lidan chiqqan raqibni olib tashlamoqda. Qarshisida “Lokomotiv” bo‘lsa ham.

“Metallurg” karantindan keyin gol o‘tkazib yubormadi. Bekobodliklar joriy yil safardagi ketma-ket ikki uchrashuvda darvozalari daxlsizligini saqlab qolishdi.

“Buxoro” safarda gol ura olmayotgan bo‘lsa, “Andijon” o‘z uyida ekran qarshisidagi muxlislariga gol tortiq eta olmayapti. Bosh murabbiy masalasini hal etmagan andijonliklar muhim ochkolardan mosuvo qolmoqda. Bu yakunda qimmatga tushishi mumkin.

“Mash’al” voha derbisida “Nasaf” bilan durang o‘ynadi. Muborakliklar hamshaharlarini muhim ochkolardan benasib qoldirdi. O‘zi esa duranglar iskanjasida. Musobaqa debyutanti oxirgi 3 o‘yinda murosa ko‘chasini tanlamoqda.

Bekzod Isayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abramovning ajablantirmaydigan ammo xavotirli natijasi, "Navbahor"dan o‘xshash hisoblar, murabbiyi bor yoki yo‘q bo‘lgan "Andijon"