16:50 / 30.06.2020
2 730

Superligada "Navbahor"ga o‘xshagan klub nega kam? Yoxud Islom Ahmedov 7-tur oldidan munosabat bildirdi

Superligada "Navbahor"ga o‘xshagan klub nega kam? Yoxud Islom Ahmedov 7-tur oldidan munosabat bildirdi
Coca-Cola Superliganing 7-tur bahslari ham yaqinlashmoqda. Pandemiyadan keyin ham jamoalar imkon qadar hujumkor, muxlislarga yoqadigan o‘yin namoyish etayotgani quvonarli, albatta.

Kutilgan va kutilmagan natijalar ham kishini o‘ziga jalb etmasdan qolmaydi. Shunday ekan, 7-turda ham bir-biridan qiziqarli juftliklar kutmoqda.

Yurtimizdagi tajribali mutaxassislardan biri Islom Ahmedov ham hozirda Superliga uchrashuvlarini sinchkovlik bilan kuzatib kelmoqda. Shuni inobatga olgan holda u 7-tur oldidan har bir juftlikka o‘z munosabatini bildirib, klublarning imkoniyatlarini baholadi.

“Lokomotiv” – “Qizilqum”
- “Lokomotiv” ham, “Qizilqum” ham oxirgi o‘yinlarda yutqazyapti. Shu bois ulardagi vaziyat qiyin. Koronavirus hammaga yomon ta’sir qildi. Kimdir bu holatdan yengil chiqyapti, yana kimdir og‘ir. O‘yinchilar ham har xil vaziyatda. Bilamizki, “Lokomotiv” har doim yuqori o‘rinlarda bo‘lgan. Hozir esa ularga ruhiy tomondan yanada qiyin bo‘lyapti. “Qizilqum”ning esa Navoiyda “Paxtakor”ga qarshi o‘yinini ko‘rdim, mezbonlar yaxshi taassurot qoldirishdi. “Loko” esa o‘yindan-o‘yinga pasayib bormoqda. Bu to‘qnashuvda imkoniyatlarni teng baholayman, durang bo‘lishi mumkin.

“Andijon” – “Bunyodkor”
- “Andijon”ga yaxshi murabbiy keldi, klub endi asta-sekin barqarorlikka harakat qilyapti. “Bunyodkor” esa har doim tavakkal qilib o‘ynayapti. Har bir uchrashuvda qo‘rqmasdan to‘p suryapti. Klubda esa iste’dodli yoshlar ko‘p. Bundan tashqari, u yerda qanday murabbiy ishlayotganini esdan chiqarmang. U katta rol o‘ynaydi. Abramov har bir futbolchisiga bemalol o‘zini ko‘rsatishiga imkoniyat beryapti. “Andijon” intizomli jamoa, borini o‘yinga beradi. “Bunyodkor” esa – bu o‘ynaydigan klub. Kutilmagan natijani ko‘rsatishi mumkin. Ochig‘i, ushbu uchrashuvda ham durang bo‘lishini taxmin qilyapman.

“Qo‘qon-1912” – “Mash’al”
- Qo‘qonliklar o‘yindan-o‘yinga juda ishonchli o‘yin ko‘rsatyapti. To‘g‘risi, mezbonlarning g‘olib chiqish imkoniyatini 80x20 baholayman. To‘g‘ri, “Mash’al” jamoaviy va jangovor klub. Lekin uchrashuv Qo‘qonda bo‘ladi va ular maza qilib futbol o‘ynashyapti.

“Paxtakor” – “Surxon”
- Agar “Surxon”ga Xomyakov keladigan bo‘lsa, jamoa o‘yinida intizom va taktik tomondan ham to‘g‘ri yo‘nalish bo‘ladi. Lekin ular ko‘proq himoyaviy o‘yin o‘ynashadi, ayniqsa, “Paxtakor” bilan bahsda. Lekin maydon egalarining imkoniyati yuqori. “Paxtakor” ham borgan sari o‘yinini kuchaytirmoqda.

“Navbahor” – “So‘g‘diyona”
- Ooo, bu juda kuchli o‘yin bo‘ladi. Ikkala jamoa ham ruhiy va intizom tomonidan kuchli. Lekin o‘yin Namanganda bo‘ladi va “Navbahor”ning g‘alabaga bo‘lgan imkoniyati 70 foiz. Superligada “Navbahor”ga o‘xshagan klublar kamdan-kam. Chunki o‘z maydonida juda boshqacha o‘ynaydi. Futbolchilari 100 foiz o‘yinga berilib harakat qilyapti. “Navbahor”da yaxshi tomonga o‘zgarishlar bo‘lyapti.

AGMK – “Nasaf”
- Bu ham qiziqarli uchrashuv bo‘ladi. “Nasaf” ushbu bellashuvda ko‘proq qarshi hujumda bo‘ladi. Chunki tarkibida yoshlar ko‘p va ular qarshi hujumda kuchli. Gapning ochig‘i, klublarning imkoniyatlari 50x50.

“Buxoro” – “Metallurg”
- “Metallurg” yutadi. Sababi, “Buxoro”da katta qiyinchiliklar bo‘lyapti. Bosh murabbiy xorijdan yaqindagina keldi. Qolaversa, legionerlarsiz o‘ynayapti. “Metallurg”ning esa “Lokomotiv”ga qarshi uchrashuvini kuzatdim. To‘g‘risi, bekobodliklarning bunday o‘yinini ko‘rmagandim. Juda chiroyli harakat qilishdi. Shu sababli mehmonlarning imkoniyati 70 foiz.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superligada "Navbahor"ga o‘xshagan klub nega kam? Yoxud Islom Ahmedov 7-tur oldidan munosabat bildirdi