13:51 / 03.07.2020
2 456

Vadim Abramov bosh jamoani qanday shakllantirayotgani va boshqa qiziqarli mavzular haqida intervyu berdi

Vadim Abramov bosh jamoani qanday shakllantirayotgani va boshqa qiziqarli mavzular haqida intervyu berdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda “Bunyodkor” klubining bosh murabbiyi Vadim Abramov hamma vaqt jurnalistlarning murojaatlarini yerda qoldirmasdan, labbay deya javob qaytarib keladi. U mamlakatimizning bosh jamoasini boshqarayotgani bois hamisha unga beriladigan savollar yetarlicha topilaveradi. Boz ustiga qanday maqsad uchun kurashayotganimizni ham barcha biladi. Chempionatimiz doirasida “Bunyodkor” klubining Andijonga tashrifidan foydalangan holda Vadim Abramov bilan uchrashuv belgiladik. O‘zaro suhbat davomida esa bir qator qiziqarli mavzularni qamrab oldik.

- Vadim Karlenovich, ko‘pchilikni pandemiya tufayli yuzaga kelgan vaziyatga ko‘ra, terma jamoamizning o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rish rejasi qanday ekanligi qiziqtirmoqda. Bu boradagi rejalar bilan o‘rtoqlashsangiz?
- Pandemiyaga qadar Armaniston terma jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish yuzasidan kelishuv bor edi. Koronavirus sabab chempionat o‘yinlari ham to‘xtatilgani bois terma jamoaning o‘rtoqlik bellashuvida qatnashish masalasi o‘z-o‘zidan barham topdi. Chunki o‘z klublarida o‘ynayotgan futbolchilarni bir joyga bunday holatda jamlashning umuman iloji yo‘q edi. Karantin o‘z nomi bilan karantin bo‘lib, bunday vaziyatda hamma o‘z-o‘zini cheklash bilan mashg‘ul bo‘lishi darkor.

Biz uchrashuvlarni o‘tkazishga rasman ruxsat berilishini kutdik. Bundan boshqa ilojimiz ham qolmagandi. Rejaga muvofiq terma jamoamiz endi faqat oktabr va noyabr oyida o‘yin o‘tkazishi mumkin. Shuningdek, sentabr oyida yig‘in tashkil etishni maqsad qilib qo‘yganmiz. Bu yig‘in 29 sentabrda boshlanib, 8 oktabrga qadar davom etadi. Bu yig‘in uchun ikkita o‘rtoqlik maqomidagi o‘yinni o‘tkazish rejalashtirilgan. Biri Tojikiston, ikkinchi raqib kim bo‘lishi yuzasidan hozirda muzokaralar ketmoqda. Ehtimol, bo‘lajak raqib Eron bo‘lishi ham mumkin. Lekin eronliklar muayyan talablarni qo‘ymoqdalar.

Shunday ekan, eronliklar bilan olib borilayotgan muzokaralar hozir boshlang‘ich nuqtadan hali siljigani yo‘q. Aytishim kerakki, kuni-kecha shunday ma’lumot paydo bo‘lib, unda BAA terma jamoasi vakillarining biz bilan kuch sinashish maqsadida ekanligi bayon qilingan. Nima bo‘lgan taqdirda ham, yaqin kunlar ichida ikkinchi raqib kim bo‘lishini bilib olamiz. Shundan so‘ng baribir hammasi pandemiya bilan bog‘liq vaziyatga aloqador bo‘lib qolaveradi. Bunday holatda oldindan nimanidir rejalashtirish juda qiyin masala. Rasmiy o‘yin o‘tkazish oktabrga belgilangan. Buning uchun o‘rtoqlik maqomidagi sparring-raqiblar bilan kelishib olish kerak bo‘ladi.

- Tojikiston bilan o‘yin Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Ehtimoliy raqib – BAA bilan ham uchrashuv poytaxtimizda tashkil qilinadimi?
- Bu masalada BAA bilan bog‘liq holat yuzasidan muzokaralar boshlangan. Ular Toshkentga kelish o‘rniga bizni amirliklarga chorlashga moyil bo‘lib turibdilar. Eronliklar talablarni qo‘yayotgan bo‘lsalar-da, o‘zaro kuch sinashishdan hali butunlay voz kechganlaricha yo‘q. Shunchaki, ularning muayyan talablari bizlarni qoniqtirmay turibdi xolos.

- Tojikiston terma jamoasini hurmat qilgan holda aytmoqchimanki, ularga qarshi o‘tkaziladigan o‘rtoqlik o‘yini bizga nima bera oladi?/b]
- Bu borada faqat shuni aytishim mumkinki, rasmiy uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rish asnosida kim bilandir o‘rtoqlik o‘yinida kuch sinashishimiz kerak edi. Tojikiston terma jamoasini nazar-pisand qilmaslik yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi, garchi qog‘ozda bu terma O‘zbekistonga nisbatan kuchsiz ko‘rinsa-da. Qolaversa, Tojikiston o‘smirlar terma jamoasi jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqqan. Bu ham ularning qo‘l chalmashtirib o‘tirmaganligidan dalolat qiladi. Ustiga-ustak bu Markaziy Osiyo derbisi. Muxlislar uchun qo‘shnilarga qarshi to‘p surish hamma vaqt qiziqarli bo‘lgan.

Bunday mahalda u yoki bu termaning FIFA reytingida qanday o‘rinni egallab turgani umuman ahamiyat kasb etmasdan qoladi. Agar e’tiborni Yevropaga qaratadigan bo‘lsak, Daniya Belgiyadek kuchli bo‘lmasa ham ushbu yurt termasining yon qo‘shni Niderlandiyaga qarshi uchrashuvi hamma vaqt qizg‘in kurashlar ostida kechib kelgan. Derbi o‘z nomi bilan derbidir. Qolaversa, Germaniyadek kuchli termaga Niderlandiyaga qarshi kurash har doim qiyin kechgan. Nima demoqchiman, derbi chog‘ida muxlislar turli reytinglarni unutishadi va butun e’tiborlarini o‘yinga qaratadilar. Derbi esa har qachon va har doim murakkab kurashlar ostida kechadi.

[b]- Bundan chiqdi, Tojikiston bilan uchrashishimizdan ko‘nglingiz to‘lyapti ekan-da?

- So‘zsiz. Chunki bunday o‘yinda ko‘p jihatlarga oydinlik kiritib olishimiz mumkin. Shundan so‘ng, Eronga qarshi o‘tishi mumkin bo‘lgan uchrashuvdan umid qilamiz. Ehtimol, Eron o‘rniga BAA varianti tanlanar. Nima bo‘lgan taqdirda ham bular jiddiy raqiblardir. Shunday raqiblarga qarshi bellashuvda qanday maqomda ekanligimizni bilib olamiz. Lekin o‘sha uchrashuvlarda legionerlarimiz qatnashish yoki qatnasha olmasligi bilan bog‘liq masala meni biroz o‘ylantirib qo‘ygan. Chunki vaziyat taqozosiga ko‘ra yakuniy so‘zni FIFA aytadi. Bunday holatda OFKning qarashi e’tiborsiz qolishi turgan gap. Xullas, bo‘lajak bellashuvlarga chet elliklarimiz kela olishadimi yoki yo‘qmi, buni bilmayman. Qo‘shimchasiga o‘sha paytga borib pandemiya bilan bog‘liq holat qanday bo‘lishi ko‘p masalaga oydinlik kiritib beradi.

- Kasb taqozosiga ko‘ra, ishqibozlar bilan ko‘p muloqot qilamiz. Ularning aksar qismi Abramov klubda va terma jamoada ishlar ekan, ikkisiga bir xil yondashishi qiyin, yaxshisi asosiy e’tiborni milliy jamoaga qaratsa bo‘lardi, degan fikrni ilgari surishadi. Bu masalada o‘zingiz nima degan bo‘lardingiz?
- Ayni paytda bu borada nimadir deyish mushkul. Chunki chempionat bahslari tanaffusdan keyin endi boshlandi. Nima bo‘lgan taqdirda ham shuni aytishim mumkinki, terma jamoada eng munosiblar o‘ynashadi. Kim kuchli bo‘lsa, marhamat, uning uchun terma jamoa eshiklari ochiq. Ilgari ham shunday bo‘lgan, bundan keyin ham shundayligicha qolaveradi. Terma jamoaga har tomonlama tayyor holatdagi o‘yinchi chaqiriladi. Klubdagi ishim terma jamoadagi faoliyatimga qattiq xalaqit beradi, deb o‘ylamayman. Bundan terma jamoa jabr chekadi, deyish noto‘g‘ri bo‘lsa kerak. Albatta, bu kabi gap-so‘zlar menga ham tez-tez yetib keladi.

Faqat ko‘pchilik bir narsani tushunishga urinmayotgandek tasavvur uyg‘onmoqda. Klubdagi faoliyatim tufayli doimo ish ustida ekanligim, o‘z navbatida terma jamoaga foyda keltirmasdan qolmaydi. Qolaversa, men barcha o‘yinlarni o‘tkazib yubormasdan kuzatishga harakat qilyapman. Bunda “Bunyodkor”dagi ishim menga qo‘l kelmoqda. Hozir siz bilan Andijonda gaplashib o‘tiribman ekan, keyin AGMK-Nasaf uchrashuvini tomosha qilishga borishni rejalashtirib qo‘yganman. Xabaringiz bo‘lsa, bunga qadar Namanganga borib, “Navbahor”ning o‘yinini ham bevosita stadionda kuzatganman. “So‘g‘diyona”ning “Paxtakor” bilan qanday kuch sinashganini Jizzaxda kuzatdim.

Shukrki, iloji boricha uchrashuvlarni stadionda tomosha qilish uchun imkoniyat bor. Basharti u yoki bu bahsni ko‘ra olmasam, uning videoyozuvini tomosha qilishni kanda qilmayman. Sababi, terma jamoaga nomzod bo‘lgan futbolchilar doim ko‘z oldimda turadi. Bundan tashqari, Belorussiya, Janubiy Koreya yoki boshqa mamlakatdagi legionerlarimiz ishtirokidagi o‘yinlarni ham imkon topib kuzataman. Gohida buning iloji bo‘lmasa, shu ishni yordamchilarimdan biriga topshiraman. Bir so‘z bilan aytganda, terma jamoada potensial o‘ynashi mumkin bo‘lgan futbolchilarni doim kuzatib kelaman.

- Jurnalist sifatida boshqa mutaxassislar kabi sizning faoliyatingizni ham diqqat bilan kuzatib kelaman. Ma’lumki, o‘z vaqtida omadingizni Qozog‘iston chempionatida sinab ko‘rmoqchi bo‘lgansiz. Afsuski, buning iloji bo‘lmagan. “Ostona” klubini boshqarishingiz mumkin edi. Aytmoqchimanki, faoliyatingiz davomida sizda xorijda ishlash uchun yana boshqa imkoniyat bo‘lganmi?
- Meni “Ostona”ga klub prezidenti taklif qilgandi. U yerga yetib bordim, oradan bir hafta o‘tganidan keyin esa prezident ishdan ketdi. Shu boisdan “Ostona”ni boshqarish imkoniyati bo‘lmagan. Men shunday insonmanki, o‘zimni taklif qilgan kishiga hurmat saqlab qolishga odatlanganman. Vaholanki, o‘shanda Qozog‘istonda qolib, yangi prezident bilan ham jamoani boshqarish masalasida kelishib olish mumkin edi.

Qisqasi, meni taklif qilgan rahbarga hurmatni saqlagan holda ortga qaytishni maqsad qilganman. Agar kimgadir bu qiziqarli bo‘lsa, biz avvalgi prezident bilan “Ostona”ning yig‘inini amirliklarda tashkil etganmiz. Holbuki, bungacha klub xorij yig‘inini chetda tashkil etmagandi. Dubaydan so‘ng Turkiyaga uchish rejalashtirilgandi. Nima bo‘lgan taqdirda ham ortga qaytib to‘g‘ri ish qilganman, deb o‘ylayman.

Shunisi qiziqki, biz qaytganimizdan beri “Ostona” muntazam ravishda chempionga aylanmoqda (kuladi). Vaholanki, bungacha “Ostona” biror marta ham shohsupaga ko‘tarilmagandi. Buning o‘ziga yarasha ijobiy tomoni ham yo‘q emas, nazarimda. Ortga qayrilishni yoqtirmayman. Bo‘lar ish bo‘lib o‘tdi. Umid qilamanki, menda keyinchalik albatta xorijda ishlash imkoniyati bo‘ladi. Kishi faqat oldinga qarab yurmog‘i kerak. Agar chin dildan ishlar ekansan, senda yangi imkoniyat eshiklari ochilaveradi. Yaratgan o‘z navbatida buni taqdirlab, bandasiga shunday imkoniyatlarni beradi. Hozircha bizning oldimizga eng asosiy vazifa sifatida O‘zbekiston terma jamoasini saralash bosqichining navbatdagi qismiga olib chiqish vazifasi qo‘yilgan.

Agar nasib qilib, keyingi bosqichga ham chiqadigan bo‘lsak, shunda nimadir deyish mumkin bo‘ladi. Albatta, menda omadimni chet elda sinab ko‘rish xohishi ham yo‘q emas. Faqat shunisi borki, negadir xorij davlatlarda o‘zbekistonlik murabbiylarga bo‘lgan talab yuqori emas. Afsuski, yurtimizdagi murabbiylar orasida chetda ishlayotganlari barmoq bilan sanalarli darajada. Shuning uchun men ham shu soha vakili sifatida nafaqat o‘z salohiyatimni, balki o‘zbekistonlik murabbiylarni xorijda binoyidek ishlay olishlari mumkinligini isbotlashga harakat qilaman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

- Juda dolzarb masalani ko‘tardingiz. Men ham shuni aytmoqchi edim: o‘zbekistonlik futbolchilar xorijda yetarlicha topiladi-yu, bunga qarama-qarshi ravishda nega murabbiylarimiz ularchalik ko‘p emas? Masalan, Usmon Toshev Tojikiston terma jamoasini boshqaryapti, Samvel Babayan esa Xitoyda ishlayapti...
- Bu masalada biror narsa deyish qiyin. Yodingizda bo‘lsa, 1994 yili O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘lganida Rustam Akramov xorijga yo‘l olgandi. Uning u yerda qanday natijalarga erishgani menga qorong‘u. Qaysidir ma’noda murabbiylarning faoliyati ham futbolchilarnikiga o‘xshashib ketadi. O‘yinchilar muvaffaqiyat qozonishar ekan, chetdagilarning e’tiboriga tushadilar. Murabbiylar bilan bog‘liq masala ham xuddi shunday. Yodingizda bo‘lsa, Akramovdan so‘ng Inileyev ham ma’lum vaqt Qozog‘istonda ishlab qaytgan.

Afsuski, Rauf Talgatovichning qozoq yurtidagi ishlari ko‘ngildagidek kechmagan. Yana shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, biz o‘zbekistonlik murabbiylar ega bo‘lgan Pro litsenziyasi bilan xorijda ishlash bilan bog‘liq masalada muammolar yuzaga keladi. Ayniqsa, Yevropa davlatlari bilan bog‘liq masalada. Litsenziyalar bilan bog‘liq muammolarni hal qilish kerak. Agar OFK ham bu masalaga jiddiy e’tibor qaratsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. O‘zingiz ko‘rib turibsiz, yevropalik mutaxassislarni Osiyoda yetarlicha uchratish mumkin. Bunga qarama-qarshi ravishda osiyolik murabbiylar soni qo‘hna qit’ada juda oz.

Buning asosiy sababi bizdagi litsenziyaning Yevropa mamlakatlarida o‘tmasligidir. Bularning asosiy qismi shunday huquqni beruvchi litsenziya bilan bog‘liq. Agar terma jamoamizni jahon chempionatiga olib chiqsak, albatta bizni ham xorijda ishlash uchun taklif qiladiganlar topiladi. O‘zbekiston terma jamoasining mundialga yo‘l olishi yurtimizdagi mutaxassislarga keng imkoniyat eshiklarini ochishi tayin. Yashirishdan nima naf: shu kungacha bizning mutaxassislarni chetdagilar yetarlicha baholamasdan keladilar. Bu mening shaxsiy fikrim.

- Xitoyga yo‘l olgan Samvel Babayanning faoliyatini kuzatib borasizmi? Bu ham muxlislar uchun juda qiziq...
- Albatta, yurtimizdagi murabbiyning ishlash uchun xorijga yo‘l olishi har qanday kishini quvontirmasdan qolmaydi. Men ham o‘zbekistonlik ishqibozlar singari unga Xitoydagi faoliyatida omad yor bo‘lishini tilab qolaman xolos. Axir u bizning vatandoshimiz. Axir vatandoshlarning qaysi sohada bo‘lmasin, xorijda ish yuritishi shu yerda qolganlarni quvontiradi xolos. Agar Babayan Xitoyda o‘zini yaxshi tomonlama ko‘rsatsa, xorijliklarning o‘zbek murabbiylariga bo‘lgan qarashlari tubdan o‘zgarishi tayin. Mabodo, buning aksi bo‘lsa, umumiy holat salbiyligicha qolaveradi. O‘zbekistonlik har bir ishqiboz kabi men ham buni umuman istamagan bo‘lardim. Chunki o‘z vaqtida Samvel Babayan milliy terma jamoamizni boshqargan. Umid qilamanki, Babayan bizni uyaltirib qo‘ymaydi.

- Bilamizki, Usmon Toshev bilan o‘rtangizda do‘stona munosabat yuzaga kelgan. Uning Tojikiston milliy terma jamoa ustozi sifatidagi ishini kuzatib boryapsizmi?
- Albatta. Qolaversa, Toshev bunga qadar Tojikiston olimpiya terma jamoasini ham boshqargan. Murabbiyning salohiyatini ko‘pincha rahbarlar belgilaydi. Ko‘rib turganingizdek, tojik futboli rahbariyati Usmon Toshevga ishonch bildirishda davom etyapti ekan, demak uning faoliyatidan mutasaddilar qoniqish hosil qilmoqdalar. O‘z navbatida biz ham Toshevning Tojikistondagi faoliyati ko‘ngildagidek kechayotganidan xursandmiz. Chunki Usmon Qudratovich o‘zbek futboli salohiyatini xorijda munosib namoyon etib kelmoqda. Uning Tojikiston terma jamoasida ish olib borishini kuzatish menga yoqyapti. O‘rtoqlik o‘yini o‘tkazilgach, Toshev boshchiligidagi tojikistonlik futbolchilarning qanday kuchga ega ekanliklarini yaqindan bilib olish mumkin bo‘ladi.

- Yaqinda “Navbahor”ning rossiyalik legioneri Igor Golban O‘zbekiston fuqaroligini oldi. Shundan keyin muxlislar o‘rtasida uning tez orada milliy terma jamoamizdan chaqiruv olishi mumkinligi qizg‘in muhokama qilinishga tushdi. Nima demoqchiman: chempionatimizda to‘p surayotgan legionerlardan qaysi birini terma jamoamiz libosida ko‘rishni istardingiz?
- Bu savol bilan nima demoqchi ekanligingizni tushundim. Meni “Paxtakor” safida o‘ynayotgan Dragan Cheran ko‘proq qiziqtiradi. U “Paxtakor”ning yetakchi futbolchisi darajasiga ko‘tarilgan. Qolgan jamoadoshlarining o‘yini unga bog‘liq. Qo‘shimchasiga Cheran unchalik uzun bo‘yga ega emas. Shuning evaziga maydonda juda epchillik bilan harakatlanadi. Bunday ijrochi terma jamoamizga ortiqchalik qilmasdi. Ayniqsa, milliy termamiz keyingi bosqichga chiqsa, saralashning hal qiluvchi uchrashuvlarida mana shunday ijrochiga ega bo‘lish ayni muddao bo‘lardi. Boz ustiga Cheran anchadan beri O‘zbekistonda to‘p suryapti, demak unda ham o‘zbek fuqaroligini olish imkoniyati bor. Agar shunday voqea yuz bersa, Draganni darhol termaga chaqirgan bo‘lardim. Bunday ijrochi tufayli milliy termada raqobatni o‘stirish mumkin.

Biz murabbiylar shuningdek, Golban kabi baland bo‘yli himoyachilarga extiyoj sezamiz. Asosiysi, unda anchadan beri O‘zbekistonda o‘ynab kelayotgani bois bizning futbolni yaxshi tushunadi. Igor allaqachon o‘zbek futboliga moslashib ketgan. Golbanning mentalitet jihatidan bizga o‘xshashib qolganini intervyularidan birida o‘qish orqali yanada chuqurroq tushunib yetdim. Bu yigitni anchadan beri yaxshi bilaman. Ammo u terma jamoadan chaqiruv olishi uchun albatta o‘zini har tomonlama ko‘rsatishi kerak bo‘ladi. Shunda biz uning boshqa himoyachilardan qanchalik kuchli ekanligini legionerlarsiz tashkil etishni ko‘proq istardim. Agar nasib qilib, jahon chempionatiga chiqadigan bo‘lsak, bizda bu borada hech qanday muammo bo‘lmaydi. Hozircha bizga g‘oliblarga xos mentalitet yetishmayapti. Ko‘ramiz, ishlar yurishib ketadigan bo‘lsa, bu masalada ham muammo qolmasa kerak.

- Cheranning terma jamoamizda o‘ynashi uchun imkoni bor, deb o‘ylaysizmi?
- Gap-so‘zsiz. Lekin buning barchasi bevosita Dragan Cheranning xohish-istagiga bog‘liq bo‘ladi. Agar biz saralashning yakuniy bosqichiga yo‘l oladigan bo‘lsak, Cheranni o‘zbeklashtirish yuzasidan o‘ylab ko‘rish ayni muddao bo‘lardi. Ustiga-ustak, Cheranning yoshi kelgusi jahon chempionatiga borish imkonini bermaydigan holatga yetgan. Uning o‘zi bilan shu masala yuzasidan gaplashganmanmi? Ha, gaplashganman. Quvonarlisi, Cheran bunga moyilligini bildirgan.

- Sizni terma jamoaga jonkuyar muxlislar qaytargan. O‘z navbatida rahbariyat buni inobatga olgan. Basharti bir-ikkita mag‘lubiyat kuzatiladigan bo‘lsa, sizga bo‘lgan ishonch susayib ketishidan qo‘rqib, o‘zingizni katta bosim ostida qoladigandek his qilmaysizmi?
- Futbolda shunday yozilmagan qoida bor: yutsa jamoa yutadi, yutqazsa, faqat murabbiy yutqazadi. Men buni tushunaman. Ustiga-ustak, shu sohada birinchi kun ishlayotganim yo‘q. Albatta, fursatdan foydalangan holda nafaqat men, balki butun terma jamoamiz uchun qayg‘urayotgan muxlislarimizdan minnatdor ekanligimni bildirmoqchiman.

Ularga faqat shuni aytishim mumkin: bosh murabbiy sifatida zimmamga qanday mas’uliyat yuklatilganligini doim his qilib turaman va vazifani bajarish uchun borimni berishga tayyorman. O‘z navbatida ishga bo‘lgan munosabatimni terma jamoadagi futbolchilar tasdiqlashlari mumkin. Nega deganda, milliy termaga chaqirilgan har bir ijrochiga individual tarzda alohida munosabatda bo‘laman. Axir hammamiz faqat bir ishni – O‘zbekiston terma jamoasini nihoyat jahon chempionatiga olib chiqishni amalga oshirmoqchimiz. Bu yo‘ldagi sa’y-harakatlarimiz qanday samara berishini birgina Alloh biladi. Eng muhimi, barchamiz mas’uliyatni teran his qilgan holda shu orzuni ro‘yobga chiqarish uchun ishlamoqdamiz.

Bu yo‘lda bizni qo‘llab-quvvatlab turganlardan faqat minnatdor bo‘lishimiz mumkin xolos. 34 milliondan ziyod aholiga ega bo‘lgan O‘zbekistonni jahon chempionati yo‘llanmasi bilan xursand qilishga bel bog‘laganmiz. Buning uchun hamma ishni qilishga tayyormiz. Axir to‘rt yillikning ulkan futbol bayramida hamma ishtirok etishni istaydi. Lekin bunday imkoniyat barchaga birdek nasib etavermaydi. Futbol shunday o‘yinki, unda ko‘p narsa arzimasdek ko‘ringan jihat tufayli ham birdaniga o‘zgarib ketishi mumkin. Yaratganning inoyati bilan tanlanganlar qatoridan joy olishga harakat qilamiz.

- Sentabr oyi oxiriga rejalashtirilgan yig‘iningizda terma jamoada yangi nomlarni ko‘rishimiz mumkinmi?
- Nima uchun yo‘q?! Qolaversa, biz bir qancha yigitlarni sinchiklab kuzatib kelyapmiz. Asosiysi, pandemiya tufayli chempionatda yuzaga kelgan tanaffus nihoyasiga yetib, uchrashuvlar boshlab yuborildi. Biz esa o‘yinlarni kuzatgan holda terma jamoaga nomzod futbolchilarni yaqindan kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lib turibmiz. Tanaffusdan keyin bir qator uchrashuvlar o‘tkazib bo‘lindi. Sentabrdagi yig‘ingacha hali ancha bor.

Yuqorida aytganimdek, bir qancha ijrochilarni o‘sha yig‘inda sinab ko‘rmoqchimiz. Doim ta’kidlab kelganimdek, kim munosib bo‘lsa, o‘sha terma jamoada to‘p suradi. Bungacha u yoki bu futbolchining termada to‘p surgan yoki to‘p surmaganining men uchun hech qanday ahamiyati yo‘q. Qo‘shimchasiga xorijda o‘ynayotgan legionerlarimiz o‘sha paytga kelib to‘liq safimizga qo‘shilmasligi mumkin. Yana hammasi pandemiya bilan bog‘liq masalaga borib taqalmoqda.

- O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga chiqa olmasdan kelayotgani bois har safar saralashlardagi muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng ishqibozlar orasida doim shunday gap yuradi: “Birinchiligimizning saviyasi pastligi uchun ham yana mundialsiz qoldik”. Sizningcha, Superligamizning bugungi darajasi talabga javob beradimi?
- Chempionatimizning saviyasi nolimaydigan darajada. Agar e’tibor bilan kuzatayotgan bo‘lsangiz, hozir oldingidek turli janjal-nizolar kuzatilmayapti. Ko‘pincha bunday tortishuvlar hakamlik masalasi bilan yuzaga kelardi. Menimcha, o‘zbek futboli ancha tozalanib, biz to‘g‘ri yo‘lga chiqib oldik. Shu ruhda davom etsak, maqsadlarimiz ro‘yobga chiqishi muqarrar.

- Koronavirus pandemiyasi tufayli uch oy davom etgan tanaffusdan so‘ng klublarda o‘ynayotgan futbolchilarning holati yuqori ekanligi sizni hayron qoldiryaptimi?
- Buning hech hayron qoladigan joyi yo‘q. Chunki hamma karantin tufayli uzoq hordiq chiqardi. Bunday hordiqdan keyin futbolchilar o‘zgacha zavq-shavq, shijoat bilan o‘yinlarda ishtirok etmoqdalar. Ammo kuz oyi oxiriga borib, o‘yinchilarning qanday holatda ekanligi yuzasidan muayyan xulosaga kelishi mumkin bo‘ladi.

Boisi, shu paytga kelib chempionat o‘yinlaridan tashqari Kubok doirasidagi bellashuvlar ham har uch-to‘rt kunda o‘tkazilishga tushadi. Pandemiyadan keyin o‘tkazilgan dastlabki uchrashuvlardanoq bu masalada shoshilinch xulosa chiqarish yaramaydi. Qo‘shimchasiga iqlimiy shart-sharoitni inobatga olish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki bizda chilla boshlanmoqda. Qolaversa, birinchi davra va ikkinchisi o‘rtasida tanaffus bo‘lmaydi.

Shunday ekan, oldinda bizni turli qiyinchiliklar kutib turibdi, deya baralla fikr bildirish mumkin. O‘z o‘rnida biz shuni inobatga olgan holda futbolchilarni o‘yinlarga tayyorlab bormoqdamiz. Oktabr va noyabr oylarida terma jamoamiz, bunga qo‘shimcha ravishda “Paxtakor”ning OCHLda ishtirok etishini yoddan chiqarmaslik kerak. Chunonchi, terma jamoaga nomzod futbolchilarning deyarli 80 foizini “Paxtakor” a’zolari tashkil etishadi.

- Yosh futbolchi Jasur Jaloliddinovning “Bunyodkor”dan “Lokomotiv” (Moskva)ga ko‘chib o‘tishi haqida gapirilmoqda. Nima deb o‘ylaysiz, u Rossiyaga ketishga tayyormi?
- Bunisi faqat futbolchining o‘ziga bog‘liq. Agar shu ko‘chib o‘tish yuz beradigan bo‘lsa ham ko‘p narsa o‘yinchining butunlay yangi shart-sharoitga ko‘nikma hosil qilishiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Faqat shuni aytishim mumkinki, Jaloliddinov iqtidorli yigit. U kelajakda terma jamoaga ko‘p foyda keltirishi mumkin. Shunday yigitning “Lokomotiv”ga ketishi milliy termamizga ham foydali bo‘lardi. Umid qilamizki, bu voqea yuz beradigan bo‘lsa, vakilimiz rus klubida o‘ynab keta oladi. Milliy terma jamoa ustozi sifatida o‘zim boshqarayotgan klubdagi o‘yinchiga chetdan qiziqish borligini bilish meni xursand qildi. Xuddi Cheranga umid qilayotganimizdek, keyinchalik Jasur Jaloliddinovga ham suyanishimizni kutib qolaman. Axir u o‘zbek futbolining istqibolli yosh ijrochilaridan biridir.

- Oxirgi savol: yaqin-yaqingacha O‘zbekiston Urugvay, Marokash va Senegal singari kuchli raqiblar bilan bellashgandi. Terma jamoaning bugungi bosh murabbiyi sifatida O‘FAdan bizga Yevropadagi kuchli termalardan biri bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish imkonin beringlar, deb so‘rashingiz mumkinmi?
- Bu masala yuzasidan ham doim maslahatlashib turamiz. Vaziyatni taqvimning tuzilishi murakkablashtirib yuboradi. O‘zimga qolsa, sentabrda Braziliya bilan kuch sinashgan bo‘lardim. Biroq FIFA xalqaro taqvimni tuzish chog‘ida OFK tasarrufidagi mamlakatlarning terma jamoalarini ajratib qo‘yadi. Qolaversa, yevropaliklarning o‘rtoqlik o‘yinlari o‘rnini bosishga mo‘ljallangan UYEFA millatlar ligasi turniri bor.

Shu sabab FIFA kunlarida qo‘hna qit’adagi terma jamoalar bilan uchrashish deyarli ilojsiz ishdir. Chunki hatto futbol darajasi ancha kuchsiz bo‘lgan termalar bilan shunday paytda o‘rtoqlik bahsini o‘tkazishning umuman ilojini topa olmaysiz. Shukurki, shunda ham vaziyatdan chiqib, Belorussiya bilan o‘yin o‘tkazishga ulgurdik. Armaniston bilan bog‘liq vaziyat haqida yuqorida to‘xtalib o‘tdik. Bugungi kunda Yevropadagi terma jamoalardan biri bilan o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazish yuzasidan kelishish juda mushkul ish.

Shuning uchun butun e’tiborni bunga qaratish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Vaziyatdan kelib chiqqan holda rahbariyatdan iloji boricha kuchli raqib topishni so‘rashdan boshqa choramiz yo‘q. Agar o‘sishni maqsad qilgan ekanmiz, demak kuchli raqiblar bilan bellashishimiz kerak bo‘ladi. Baxtga qarshi vaziyat taqozosiga ko‘ra, bizga kuchliroq raqiblarni topishning iloji bo‘lmayapti. Qolaversa, bunday ishlarda moliyaviy masala muhim ahamiyat kasb etmasdan qolmaydi. Shu sababdan ham butun e’tiborimizni o‘z o‘yinimizni kuchaytirishga qaratib, O‘zbekiston terma jamoasini JCHga tayyorlab boramiz.

Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov bosh jamoani qanday shakllantirayotgani va boshqa qiziqarli mavzular haqida intervyu berdi