16:50 / 04.07.2020
1 949

12ta jamoalik Superliga. Bu sizga ma’qulmi?

12ta jamoalik Superliga. Bu sizga ma’qulmi?
Kecha PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev "Sport" telekanali mehmoni bo‘lib bir qator savollarga javob qaytardi.
Shulardan ko‘proq e’tiborimni tortgan jihat Superligani 12ta jamoa ishtirokidagi musobaqaga aylantirish haqidagi gap bo‘ldi. Faraz qilamiz, Superliga 2018 yildagi kabi yana 12ta jamoalik musobaqaga qaytdi. Bu bizga nima beradi? Chempionat nufuzi shu bilan ortib qoladimi? Quyida shu haqda ba’zi fikr-mulohazalarni yuritamiz.

Maqsad baribir futbol rivoji bo‘lishi kerak
Avvalo har bir mamlakat Professional futbol ligasi o‘z imkoniyati va darajasidan kelib chiqib ichki chempionat formati bilan o‘tkazish tartibini ishlab chiqadi. Va bundan ko‘zlangan birlamchi maqsad futbol nufuzini oshirish bo‘lishi shart. Tan olaylik, 2018 yilgi 12ta jamoalik format bir qator qiziqishlarga sabab bo‘ldi. Ko‘plab qiziq o‘yinlar kuzatildi. Faqat ikkita davra o‘tib bo‘lganidan so‘ng klublarning oltitadan ikki guruhga bo‘linishi hamda "oltin ochkolar" hisoblanishi ba’zi savollarni keltirib chiqardi.

Aytaylik, 2022 yildan boshlab yana shunday tizimga qaytishimiz mumkinmi? Shunisi aniqki, 2021 yilda Superligani 12ta jamoalik musobaqaga aylantirish imkoni bo‘lmaydi, chunki 2020 yil uchun chiqarilgan reglamentda chempionat chkunida 14-o‘rinni egallagan jamoa Proligaga tushib ketishi hamda Superliganing 13-jamoasi Proliganing 2-o‘rindagi jamoasi maydonida o‘tish o‘yinida ishtirok etishi yozib qo‘yilgan. Demak, bu o‘rinda reglamentga zid ravishda ish tutish mantiqsiz bo‘lib qoladi.

To‘g‘ri, 2017 yilning kuz oylarida reglamentga mos ish tutilmadi. Hech qanday besabab 5-o‘rinni egallagan "Mash’al" quyi ligaga tushirib yuborilganini juda yaxshi eslaymiz. Keyin esa birdaniga 12ta jamoalik formatga o‘tildi. Lekin endi qonun va qoidalar ishlashi lozim bo‘lgan jamiyatda yashayapmiz, shu bois avvalo reglamentni hurmat qilishimiz kerak.

Proliga uchun 8ta jamoa kam
Mana yaqinda Proliga bahslariga start berildi. Bunda har turda 4tadan o‘yin o‘tkaziladi. Bu esa juda kam. Chunki jamoalar soni kam. Atigi 8ta. Juda ko‘p mamlakatlarda Oliy ligaga nisbatan birinchi ligada jamoalar soni ko‘proqni tashkil etadi. Ammo bizda teskarisi. Bizda shuningdek, birinchi liga ham bor. Bu Proligadan keyingi musobaqa hisoblanadi.

Birinchi ligada 14ta klub bahs olib boradi. Aytaylik, musobaqani uchga bo‘lmasdan Superliga va Proligaga ajratsa qanday bo‘ladi? Ya’ni birinchi ligadagi jamoalarni ham Proligada o‘ynaydigan qilib qo‘ysa? Bu ham tortishsa bo‘ladigan mavzu.

Diyor Imomxo‘jayevning gapida jon bor. Bizga avvalo sifat kerak. Son bilan futbol rivojlanmasligini yillar davomida ko‘rib keldik. Proliga uchun 8ta jamoa kamligini aytdik. Buni qanday ko‘paytirsa bo‘ladi? Ikkita yo‘l bilan. Birinchisi, Superligani qisqartirish orqali. Ikkinchisi esa Birinchi ligadan ko‘proq jamoani yuqoriga tortish orqali. Diyor Imomxo‘jayev kecha Superliga ishtirokchilarini qisqartirish haqida so‘z yuritdi. Bu o‘rinda gap Superligani va Proligani bir xil 12ta jamoalik formatga o‘tkazish haqida boryapti.

Shunda 8ta jamoa qatnashayotgan musobaqaga Superliganing 2ta jamoasi qo‘shiladi va Birinchi ligadan ham 2ta jamoa olinadi. Natijada har ikki musobaqa bir xil songa ega bo‘ladi. Birinchi liga esa 12talik qolishi yoki bo‘lmasa qaysidir jamoalar qo‘shilsa 14, hatto 16ta bo‘lishi ham mumkin.

Murabbiylar nega 16ta jamoani xohlaydi?
Ko‘pchilik murabbiylar bilan gaplashganda oliy ligada 16ta jamoa qatnashgani ma’qul degan gaplarni eshitamiz. Albatta, qancha ko‘p bo‘lsa har turda o‘yinlar ham ko‘proq bo‘ladi. Lekin bu bilan sifat oshib qoladimi? Hozirgi kunda buning iloji yo‘q. Chunki Proligada yuqoriga astoydil intiladigan jamoaning o‘zi ko‘rinmayapti. Qolaversa juda ko‘p klublar litsenziya talablariga javob bermaydi. Litsenziyalash talabini bajarish esa birdaniga bo‘lib qolmaydi, bunga yillar davomida bosqichma bosqich erishib boriladi.

Ba’zi murabbiylarning oliy ligada ko‘proq jamoa bo‘lishini xohlayotgani sababi ularning qaysidir klubga ishga kirib olishi. Shu yo‘l bilan ular ishli bo‘lib oladilar. Hozirgi kunda Pro litsenziyasiga ega 40dan ziyod murabbiy ishsiz bo‘lsa kerak. Oliy ligada jamoalar soni ko‘payishi avvalo ishsiz yurgan murabbiylarning ish topib olishiga zamin yaratadi. Lekin klublar o‘rtasidagi raqobat oshishiga hech kim kafillik bermaydi.

Superliga ishtirokchilarini ikkitaga kamaytirish futbol rivojiga to‘siq bo‘lib qolishi mumkin. Chunki hech bir homiy Proligada o‘z jamoasiga Superligadagi kabi e’tibor bermaydi. 14ta jamoa qatanashayotgani hozirgi Superliga uchun eng ma’qul variant bo‘lib ko‘rinyapti. Bu o‘rinda hech qanaqa uchinchi davraga hojat yo‘q. Ikkita davrali musobaqaning o‘zi yetadi. PFL yaxshisi Proliga klublari sonini ko‘paytirishni o‘ylashi lozim. 16ta jamoalik oliy ligaga ham tayyor emasmiz. Bunga malakali murabbiylar bilan kuchli futbolchilar yetmaydi.

Proligani kuchaytirish uchun aytaylik, jamoalar sonini 12taga yetkazib olish uchun Superligadan 2ta klubni olib tashlagan bilan ish bitmasa kerak. Yaxshisi, birinchi ligadan ko‘proq jamoani yuqoriga tortishni o‘ylagan ma’qul.

Mayli, Superligadagi 14ta jamoadan ikkitasi Proligaga tushib ketsin, kerak bo‘lsa 12-o‘rindagi jamoa Proliganing uchinchi jamoasi bilan o‘tish o‘yinida qatnashsin, ammo Superligani 12ta jamoalik formatga qaytarish o‘zbek futboliga foydali bo‘lmasa kerak taxmindaman.

Undan ko‘ra, birinchi ligadan to‘rtta kuchli jamoani tortib Proligani 12ta jamoalik turnirga aylantirgan yaxshiroq. Chunki 8ta jamoa ishtirokidagi to‘rt davrali musobaqa hadeb bir-biri bilan o‘ynayverib zerikarli bo‘lib qoladi.

Muallif: Xayrulla Xoliqov

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » 12ta jamoalik Superliga. Bu sizga ma’qulmi?