21:25 / 12.07.2020
1 815

Diyor Imomxo‘jayev «Buxoro» — «Bunyodkor» o‘yini qoldirilgani haqida

Diyor Imomxo‘jayev «Buxoro» — «Bunyodkor» o‘yini qoldirilgani haqida
«Bunyodkor» klub futbolchisi koronavirus yuqtirib olganlikda gumon qilinganidan so‘ng Superliga 9-turi doirasidagi «Buxoro» — «Bunyodkor» uchrashuvi noma’lum muddatga qoldirildi.

Mazkur holatga PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev izoh berib o‘tdi.
««Bunyodkor» futbolchisi virus yuqtirib olgan bo‘lishi mumkin. Jamoaning qolgan a’zolari o‘zlarini yaxshi his qilmoqda. Ammo shunga qaramay, ular ham test topshirishiga to‘g‘ri keladi. Bu borada aniq ma’lumotlar chiqquniga qadar qolgan jamoalarning xavfsizligi nuqtai nazaridan «Bunyodkor» ishtirokidagi uchrashuv o‘tkazilmaydi.

Hozircha vahima qilish o‘rinsiz. Taqvimdan «Bunyodkor»ning qoldirilgan o‘yini uchun joy topib berishning hozircha imkoni bor. Qolgan uchrashuvlar esa davom etadi
», — deydi Imomxo‘jayev.

Shuningdek, mutasaddi liganing keyingi taqdiri haqida fikr bildirar ekan, Rossiya Premer Ligasida «Rostov» klubi bilan bo‘lgan holat kuzatilmasligini ma’lum qildi.

«Biz uchun qolgan 13 jamoaning uchrashuvlarga shay holatda bo‘lishi juda muhim.
«Rostov» bilan bo‘lgan voqea sabab Rossiya futboli butun dunyo uchun mavzu bo‘ldi. Biz Rossiya futboli bosib o‘tgan yo‘ldan maksimal darajada o‘rnak olmaslikka harakat qilamiz. Bizning o‘z yo‘limiz bor, agar gap jahon tajribasi haqida ketsa, futboli va umuman boshqa sohalari rivojlangan mamlakatlar yo‘lini o‘rganishimiz mumkin.

PFL uchun birinchi navbatda futbolchilar va umuman aholi salomatligi muhim, undan keyingina futbol. Biz futbol uchrashuvlarini davom ettirish yo‘lida maksimal darajada harakat qilyapmiz va bu borada barcha futbol klublaridan gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishni so‘raymiz
», — deydi Imomxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida «Rostov»ning olti nafar o‘yinchisida koronavirus infeksiyasi mavjudligi aniqlanib, butun jamoa va murabbiylar shtabi ikki haftalik karantinga olingandi. «Rostov» esa «Sochi»ga qarshi o‘yinda o‘rinbosarlar va 17 yoshli futbolchilar bilan o‘ynashga majbur bo‘lgan va 1:10 hisobida yutqazgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Diyor Imomxo‘jayev «Buxoro» — «Bunyodkor» o‘yini qoldirilgani haqida