16:41 / 17.07.2020
2 356

«Bunyodkor» FK rahbari Yevropadan takliflar, G‘iyosovning Koreyadan qaytishi va kimda koronavirus aniqlangani haqida

«Bunyodkor» FK rahbari Yevropadan takliflar, G‘iyosovning Koreyadan qaytishi va kimda koronavirus aniqlangani haqida
So‘nggi haftalarda «Bunyodkor» klubi yarimhimoyachisi Jasur Jaloliddinovning transferi mish-mishlari, Xurshid G‘iyosovning Koreyadan qaytishi mumkinligi hamda Superligadagi ilk koronavirus holati futbolimiz ayvonidagi asosiy voqealardan bo‘lib turibdi. Bu borada aniq ma’lumot olish uchun Kun.uz sayti «Bunyodkor» bosh direktori Ulug‘bek Mirzayevdan intervyu oldi.

Jamoa rahbari suhbat davomida Jasur Jaloliddinovga Yevropadan bo‘layotgan takliflar, transfer puli, Xurshid G‘iyosovning Koreyadan qaytish imkoniyatlari hamda qaysi futbolchining koronavirus yuqtirib olganini ochiqladi.

«Bunyodkor»ning qaysi futbolchisida koronavirus aniqlandi? Klubdagi vaziyat qanday?
- 7 iyul kungi Superliga doirasidagi «Navbahor» bilan o‘yin oldidan futbolchilarimizdan birida harorati ko‘tarilib, isitma kuzatildi. Lekin o‘yinga 2 kun qolganida futbolchi o‘zini yaxshi his qilayotganini murabbiylar shtabiga aytdi, shaxsan o‘zim ham gaplashdim. Shu bois u «Navbahor»ga qarshi o‘yinda maydonga tushdi. Gap jamoamiz himoyachisi Islomjon Qobilov haqida ketayapti.

O‘yin yakunidan keyin baribir test topshirish kerakligi haqida qarorga keldik va 9 iyul kuni Islomjon Qobilov test topshirdi. 12 iyul kuni esa test javobida uning virus yuqtirib olgani ma’lum bo‘ldi. Shunga qaramay, shifokorlar va infeksionistlar klub qarorgohida bo‘lib, futbolchimizni tekshiruvdan o‘tkazishdi va ularning aytishicha bu virus olib yuruvchi shaxs emas. Qobilovdagi virus alomatlari juda yengil ekanligi tufayli isitmasi ham pasaygan. Futbolchiga 4-5 kun davolanish tavsiya qilindi.

Shunga qaramay, klub va qarorgohimizdagi jami 65 nafar kishini test topshirishga undadik. 20 nafar futbolchimiz bo‘yicha javoblar ma’lum bo‘ldi, ulardan hech birida virus alomatlari yo‘q. Tez orada xodimlarimizning ham topshirgan test javoblari beriladi. Umid qilamanki, hech kimda infeksiya aniqlanmaydi. Hammasi yaxshi bo‘lsa, biz bu ma’lumotlarni PFLga taqdim etamiz. Ruxsat berilgach, Superliga doirasidagi «Metallurg»ga qarshi o‘yinga tayyorgarlikni boshlaymiz.

Koreya klubini tark etgan Xurshid G‘iyosov «Bunyodkor»ga qaytadimi?
- Xurshid «Anyang» jamoasiga borib qo‘shilganidan buyon doimiy aloqadamiz. Chindanam, u jamoasi bilan shartnomasini bekor qildi. Alohida qayd etish kerakki, Koreya klubi o‘z majburiyatlari asosida Xurshidga tovon pullarini to‘lab bergan. Hozirda futbolchi hali ham Koreyada bo‘lib turibdi. Sababi u yerda yana 10 kun transfer oynasi ochiq bo‘ladi. G‘iyosovni aytishicha, hozirda unga Koreyaning quyi ligasidan ikkita klub qiziqayapti. Ular bilan futbolchining agenti muzokara olib bormoqda. Xurshidning yana «Bunyodkor»ga qaytishi muzokaralarning qanday tugashiga bog‘liq. U koreyslar bilan kelishuvga erisha olmasa, biz uni xursandchilik bilan kutib olishga tayyormiz. Uning o‘tgan yilgi 10-raqamli futbolkasi ham bo‘sh turibdi. Qaytsa, u yana shu raqamda to‘p surishi mumkin bo‘ladi.

«Jasur Jaloliddinov transferi bo‘yicha «Lokomotiv» va «Beshiktosh»dan rasmiy taklif oldik, Ispaniya, Belgiya klublaridan esa qiziqish bor»
- Jasur Jaloliddinov transferi bo‘yicha Moskvaning «Lokomotiv» klubi bilan muzokaralar davom etayapti. Futbolchimiz ushbu klubga o‘tish ehtimoli katta. Hozircha transferni rasmiylashtirish ishlari oxiriga yetkazilgani yo‘q. Muzokarani so‘nggi bosqichi davom etayapti. Barchasi muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda ham, hozirgi pandemiya sharoitida uning Moskvaga yetib borish masalasi oson bo‘lmaydi.

Jasurga Turkiyaning «Beshiktosh» klubidan ham rasmiy taklif bo‘ldi. Shuningdek, taklif bo‘lmasa-da, Belgiyaning «Anderlext» klubidan, Moldovaning yetakchilaridan, Ispaniya va BAA klublaridan qiziqish mavjud. Ammo ular bilan faqat og‘zaki murojaat bo‘ldi, rasmiy taklifni esa «Lokomotiv» Moskva hamda «Beshiktosh»dan oldik. Jasurning o‘zi «Lokomotiv» klubida to‘p surishga qaror qilgani tufayli, uning istaklarini inobatga olgan holda hozirda Rossiya klubi bilan muzokaraning yakuniy bosqichini olib borayapmiz. Barchasi tez orada hal bo‘ladi.

Jasur Jaloliddinovning transfer narxi qanchani tashkil etadi?
- Transfer narxini yashirib o‘tirmayman. Bugungi kunda «Lokomotiv» klubi Jasur Jaloliddinovni umumiy 350 ming yevro miqdoridagi transfer puli evaziga sotib olayapti. Futbolchimiz 18 yoshga to‘lganligi uchun ular ham xarajatga yarasha Jasur bilan ko‘p yillik shartnoma tuzishsa kerak. Har holda masalan, biz ham birorta yosh futbolchini katta pulga sotib olsak, shunday yo‘l tutamiz. Moskva klubi ham o‘zbekistonlik futbolchi bilan kamida 5 yillik shartnoma imzolasa kerak.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Bunyodkor» FK rahbari Yevropadan takliflar, G‘iyosovning Koreyadan qaytishi va kimda koronavirus aniqlangani haqida