11:53 / 24.07.2020
3 072

Isroil Madrimov va Erik Uoker jangi oldidan bildirilgan fikrlar yoxud bokschilar faoliyatiga nazar

Isroil Madrimov va Erik Uoker jangi oldidan bildirilgan fikrlar yoxud bokschilar faoliyatiga nazar
Xabar berib o‘tganimizdek, 15 avgust kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Talsa shahrida «Matchroom» kompaniyasi tomonidan katta boks oqshomi tashkil etilmoqda. Biz uchun ahamiyatli jihati ushbu kechada ikki nafar hamyurtimiz ringga ko‘tariladi. Rio olimpiadasi kumush medal sohibi Shahram G‘iyosov o‘ziga tegishli bo‘lgan super yengil vaznda WBA International kamarini Fransisko Roxadan himoya qilsa, super yarim o‘rta vaznda WBA Intercontinental chempioni Isroil Madrimov vaqtinchalik WBA jahon chempionlik kamari uchun amerikalik Erik Uokerga qarshi ringga chiqadi. Biz ushbu jang oldidan bokschilarning o‘tgan faoliyatiga va bo‘lajak jang oldidan bildirilgan sara fikrlarga e’tibor qaratdik.

Super yarim o‘rta vazn toifasida (69 kg) faoliyat olib borayotgan Isroil Madrimov shu kunga qadar, profescional boksda 5 ta jang o‘tkazib, (umumiy 25 raund) ularning barchasida g‘alaba qozongan va raqiblarini muddatidan oldin mag‘lubiyatga uchratgan (nokautlar bo‘yicha 100%). Uning debyut jangidan tortib, hozirgacha o‘tkazgan barcha janglari 10 raunddan iborat bo‘lgan. Madrimov ikkinchi jangidayoq vakant WBA Intercontinental kamarini qo‘lga kiritadi.

(Shu o‘rinda eslatma: Madrimov birinchi jangidayoq kamar uchun jang qilgan, ammo o‘sha vaqtda unda reyting bo‘lmaganligi sabab, keyinchalik WBA tomonidan kamar bekor qilingan va ikkinchi jangga vakant sifatida qayta qo‘yilgan). Madrimov oxirgi marta 2019 yil 29 fevralda WBA yo‘nalishida ikkinchi raqamli majburiy da’vogap bo‘lish uchun eliminator maqomidagi to‘qnashuvda Charli Navarroga qarshi ringga chiqib, raqibini 6-raundda nokaut evaziga mag‘lubiyatga uchratadi.

Xullas, qiziqarli jang bo‘lishi kutilmoqda. Muzokaralar o‘z yakuniga yetganidan so‘ng, Isroil Madrimov va uning jamoasi bo‘lajak jangga oid o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

"Men 15 avgust kuni Erik Uokerdek jiddiy raqibga qarshi jang qilishdan juda xursandman. Dunyo bo‘ylab barcha muxlislarimga qo‘llab-quvvatlaganlari uchun katta rahmat aytaman. Sizlar uchun yana bir shou tomoshasini namoyish etish ishtiyoqidaman",- dedi Madrimov.

"Dastlab biz sentabrda Isroilning navbatdagi jangini o‘tkazishni rejalashtirgan edik. Biroq, bu imkoniyat paydo bo‘ldi va biz hammamiz bu uning faoliyatidagi ulkan qadam bo‘ladi, deb qaror qildik. Uoker bilan jang, avvalgi raqiblardan ko‘ra, kattaroq sinov bo‘ladi",- dedi Madrimovning menejeri Vadim Kornilov.

"Bu Isroilning navbatdagi ajoyib chiqishi bo‘ladi. Uning mashhurligi tobora ortib bormoqda va biz «Matchroom» va DAZN bilan ishlashdan juda mamnunmiz. Isroilni aktiv holatda ushlash maqsadida 15 avgustdagi jang uchun oldinga yana bir qadam tashladik",- dedi «Mir boksa» promouterlik kompaniyasi rahbari Andrey Ryabinskiy.

Luizianalik Erik Uoker boksdagi faoliyatini tavakkal tarzda boshlagandi. U o‘smirlik davrida qamoqda boks tushishni o‘rgangan va keyinchalik o‘z faoliyatini profescional tarzda davom ettirgan. U shu kunga qadar, 22 jang o‘tkazib, (umumiy 114 raund) 20 ta jangda g‘alaba qozongan. Ulardan 9 tasida raqiblarini muddatidan oldin taslim etgan (nokautlar ko‘rsatkichi 41 %). Dastlabki mag‘lubiyatini 2017 yil 15 iyulda Partrik Deydan 10 raund yakuniga ko‘ra, ochkolar hisobida qabul qilib olgandi. 2018 yilning kuzida, 16 ta jangining 15 tasida g‘alaba qozongan bokschi sifatida Brandon Adamsga qarshi eliminator jangida ringga ko‘tariladi va bu safar ham imkoniyatni boy berib qo‘yadi.

Uoker 2019 yilning oxiriga qadar, ketma-ket Maykl Mur, Xose Antonio Abru, Demien Bonellini mag‘lub etgan. "Baby Faced Assasin" ( Kulib turuvchi jallod) taxallusiga ega Erik, Madrimovning mag‘lubiyatsiz yurishiga nuqta qo‘yishiga ishonmoqda.
Uoker (20-2, 9 KO) uchun Madrimovdek tez ko‘tarilishga erishayotgan bokschiga qarshi jang unga 37 yoshida ham hayotining yana bir qismini ringda va undan tashqarida yozish imkonini beradi.

"Madrimov havaskorda ajoyib faoliyat olib borgan, ammo u professional boksda juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yadi va men unga birinchi mag‘lubiyatini taqdim etuvchi odam bo‘laman. Pandemiya cheklovlariga qaramay, mashg‘ulotlar olib bordim va jismoniy holatim yaxshi darajada. Men may oyidan beri sport zalida mashg‘ulotlar bilan bandman. Sobiq jahon chempioni Shon Porter bilan sparring janglar o‘tkazdim. Bunday imkoniyatni kutgan edim va bu jangga jiddiy qaramoqdaman. 15 avgust kuni o‘z ishimni muvaffaqiyatli uddalashga tayyorman», - dedi Uoker.

"Erik Uoker Isroil Madrimov shu vaqtga qadar, duch kelgan eng yaxshi jangchi bo‘ladi. Erik hayotini o‘zgartirgan holda, faoliyatini qaytadan boshlagan. Qolaversa, u avvalgi davrning yulduzlaridan edi. 15 avgust kuni shiddatli jangni tomosha qilishni kutyapman",- dedi Erikning promouteri Lu DiBella.

Aslida, 15 avgust kuni markaziy jangda o‘ta yengil vazn toifasida WBC chempioni Xulio Sezar Martines Uilyams Arroyoga qarshi ringga ko‘tarilishi kerak edi. Biroq, Martinesning nafas yo‘llarida infeksiya aniqlanganligi tufayli, ushbu to‘qnashuv bekor qilindi va Madrimov-Uoker bahsi ushbu kechaga 2-asosiy jang sifatida qo‘shildi.
Endi, mazkur boks kechasining asosiy jangida yarim o‘rta vazn toifasida mag‘lubiyatsiz odimlayotgan mutloq jahon chempioni Kesilia Braxus (36-0, 9 KO) va super yengil vazn toifasidagi WBC va WBA chempioni Jessika MakKaskill (8-2, 3KO) to‘qnash keladi.

"Madrimov va Uoker to‘qnashuvi 15 avgustdagi shoumizga qo‘shimcha tarzdagi ajoyib jangdir. Isroil jahon boksidagi eng yaxshi iste’dodlardan biri bo‘lib, u 5-jangidan keyin jahon chempionlik unvoni va yuqori daromadli janglar arafasida turibdi. Ammo, 37 yoshli Erik o‘tgan janglari orqali hamon yuqori darajadagi bokschi ekanligini ko‘rsatdi va ishonamanki, u bor mahoratini ishga solib, Isroilga qiyin jangni taqdim etadi."- dedi «Machroom» raxbari Eddi Xirn.

Albatta, bu jang avvalidagi bildirilayotgan fikr va mulohazalardir… Voqealar rivoji qanday ko‘rinish olishini 15 avgustda bilib olamiz. Shu o‘rinda Isroil Madrimov va Shahram G‘iyosovga bo‘lajak janglarida omad yor bo‘lishini tilab qolamiz!

Jalol Ahmedov tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Isroil Madrimov va Erik Uoker jangi oldidan bildirilgan fikrlar yoxud bokschilar faoliyatiga nazar