16:07 / 27.07.2020
660

Superliga yana to‘xtatildi. 15 avgustga qadar futbol musobaqalari o‘tkazilmaydigan bo‘ldi

Superliga yana to‘xtatildi. 15 avgustga qadar futbol musobaqalari o‘tkazilmaydigan bo‘ldi
Foto: PFL
O‘zbekistonda 15 avgustga qadar futbol musobaqalari o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. Bu haqda Professional futbol ligasi (PFL) matbuot xizmati xabar bermoqda.

«27 iyul kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi respublikada karantin talablari 15 avgustga qadar uzaytirilganidan kelib chiqib, mana shu muddat davomida futbol uchrashuvlarini o‘tkazmaslik bo‘yicha tavsiya xatini taqdim etdi. Ya’ni, terma jamoalar uchun mas’ul tashkilot ham futbolchilar salomatligi masalasini birinchi planga olib chiqdi.

O‘z navbatida O‘zPFL ham mavjud holat, qolaversa, futbolchi va murabbiylar bilan bog‘liq sharoitlar, mamlakatimizda hukm surayotgan karantin davri hamda undagi murakkabliklarni inobatga olib, barcha futbol musobaqalarini 15 avgustga qadar qoldirdi. Barchamiz uchun sog‘ligimiz birinchi o‘rinda», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, musobaqaning qay tariqa tiklanishi, taqvim va format qay ko‘rinishda bo‘lishi masalasiga keyinroq oydinlik kiritiladi.
Avvalroq Coca-Cola Superliga bahslari markazlashgan holda 3 avgust sanasidan davom ettirilishi haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, biroz muddat oldin «Buxoro»ning sakkiz nafar, «Paxtakor»ning besh nafar, «Surxon»ning ikki , «Bunyodkor» va «Navbahor»ning bir nafardan o‘yinchisi koronavirusga chalingani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, Pro-Ligada qatnashadigan Samarqandning «Dinamo» klubining uch nafar futbolchisida koronavirus infeksiyasi borligi gumon qilinib, 15 iyul kuni «Xorazm»ga qarshi o‘tkazilishi kerak bo‘lgan bellashuv ham bekor qilingandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)