13:39 / 05.08.2020
1 569

Ozarbayjonda tug‘ilib, afg‘on urushida qatnashib, O‘zbekistonda qadr topgan Abramov bugun 58 yoshga to‘ldi

Ozarbayjonda tug‘ilib, afg‘on urushida qatnashib, O‘zbekistonda qadr topgan Abramov bugun 58 yoshga to‘ldi
Bugun, 5 avgust sanasida futbol sohasida faoliyat yuritayotgan bir necha hamyurtlarimiz o‘z tavallud kunlarini nishonlashyapti.
Ular orasida futbolimiz tarixida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan Osiyo Kubogida eng yaxshi natijani qayd eta olgan tajribali murabbiy Vadim Abramov ham bor. Karlenovich bugun 58 yoshga to‘ldi.

Vadim Abramov - 1962 yilning 5 avgust kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida dunyoga kelgan. Millionlar o‘yiniga bo‘lgan qiziqish oilaviy muhit ta’sirida yuzaga kelgan. Otasi ham havaskor jamoalarda to‘p tepgan. Xatto xarbiy xizmatni o‘tayotgan chog‘ida Ukrainaning "Tomer" klubi to‘purari bo‘lgan. Kichik Abramov 8 yoshida Bokuning "Neftchi-2" jamoasida murabbiy Eduard Oganesov qo‘l ostida futbol o‘ynashni boshlagan.

- Ozarbayjonda oddiy oilada tavallud topdim, - deya eslaydi yoshlik yillarini bugungi qahramonimiz. - Onam rus millatiga mansub, otam arman. Ularning ikkisi ham Bokuda tavallud topishgan. Sakkiz yoshimda onamdan futbol maktabiga olib borishini so‘raganman. "Neftchi-2" jamoasida Eduard Oganesov qo‘l ostida millionlar o‘yini sir-asrorlarini o‘rgana boshladim. 1976 yil Ozarbayjon o‘smirlar terma jamoasi safiga qabul qilindim. 1979 yilgacha o‘smirlar va yoshlar terma jamoalarida o‘ynadim.

1981 yil 100 nafar askar bilan Qobulga uchdim. Afg‘onistonda 1979 yili urush boshlangan, men borgan paytda esa urush ancha qizigan edi. Ikki yil davomida harbiy xizmatni o‘tadim. Katta-kichik ordenlarga ega bo‘ldim. Uyga qaytganimda 85 kg vaznga ega edim. Harbiy xizmat davomida bir marotaba Toshkentga ham kelgandim. O‘shandayoq menga O‘zbekiston yoqib qolgandi. Shu sababli o‘zimga O‘zbekistondan jamoa qidira boshladim. 1984 yili tanishim orqali Evgeniy Valitskiyga qo‘ng‘iroq qildim. U kishi "Narimonov" jamoasi bosh murabbiyi edi. Menga "O‘zbekiston" mehmonxonasiga kelishimni aytdi.

Mehmonxonaga keldim, maoshim ham zo‘r edi. Bunday maoshni oliy liga futbolchilari olishmasdi. Jamoaning "Ikarus" rusumdagi avtobusi bor edi. Toshkentga kelgan kunimning ertasiga mashg‘ulotga borish uchun ko‘chaga chiqsam, avtobusimizni o‘g‘irlab ketishibdi (kuladi). Keyin uni Chinozdan topib kelishdi. O‘g‘rilar Chinozgacha haydab borib, u yerda avtobus ichidagi qimmatbaho narsalarni yechib olishgan ekan. Shundan keyin haydovchimiz tunni ham avtobusda o‘tkazadigan bo‘ldi. Debyutim "Selinograd" jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tdi. Ular Qozog‘istonda birinchi o‘rinni olgan edilar. Biz 2:0 hisobida g‘alaba qozondik. Balki ishonmassiz, lekin o‘sha yili meni "Paxtakor"ga chaqirishdi. Shunda murabbiyim "Vadim, bilasanmi, to‘g‘ri "Paxtakor" oliy liga jamoasi, lekin sen bizda 500 so‘m maosh olasan, mukofot pulimiz ham bor. "Paxtakor"ga borsang 160 so‘m. Farqini ko‘ryapsanmi?", - degandi.

Vadim Abramov Xorazmning "Narimonov" klubidan keyin Tojikistonning "Leninobod", Aktobedagi mahalliy jamoa hamda "Sohibkor" sharafini himoya qildi. Grigoriy Seytlin qo‘l ostida futbolchilik faoliyatiga yakun yasadi. 1987 yili "Paxtakor" vitse-prezidenti lavozimiga tayinlandi. Keyinroq klub ma’muri bo‘lib ishladi. "Paxtakor" oliy ligaga chiqqanidan keyin uni Yuriy Sarkisyan "Neftchi"ga chaqirgan. To‘rt yil davomida O‘zbekiston oliy ligasida chempionlikka erishgan.

Abramov 2000 yilda murabbiy sifatida mustaqil faoliyatini boshlagan. "NBU-Osiyo" bosh murabbiyi etib tayinlangan Abramov bir yil ichida klubni 1-ligaga olib chiqadi. 2003 yilda Toshkentning "Traktor" klubini qabul qilib olgan. Abramov boshchiligidagi "Traktor" O‘zbekiston kubogi finalida o‘ynadi, chempionatda kuchli to‘rtlikdan joy oldi. 2007 yilda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi, keyin olimpiya terma jamoasiga ustozlik qildi. 2010 yili esa milliy terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangan. 2011 yili Qatar yashil maydonlarida o‘tgan Osiyo Kubogi nafaqat Vadim Abramov, balki milliy terma jamoamiz tarixidagi hozirgacha eng yaxshi natija bo‘lib qolyapti.

- Albatta, 2011 yilgi Osiyo Kubogi faoliyatimda alohida sahifa, - deya qit’a chempionatini eslaydi Abramov. - Bunga qadar men O‘zbekiston olimpiya terma jamoasida ishlaganman. O‘sha tarkibdagi ko‘plab futbolchilar keyinchalik milliy terma jamoaning yetakchilariga aylanishgandi. Qatardagi Osiyo Kubogida 90 foiz futbolchi men bilan birga olimpiya terma jamoasida ham ishlagandi. O‘sha musobaqaga ketishdan oldin men Osiyo Kubogini qo‘lga kiritish uchun ketyapmiz, deb aytgandim. Ko‘pchilik bunga ishonmagandi. Biroq yaxshi ishtirok etishimizga negadir ishonch bor edi. To‘g‘risi, birinchi marta O‘zbekiston olimpiya terma jamoasini menga topshirishganida, biroz ikkilanish bo‘lgan. Ammo ertasi kuni ishonch paydo bo‘lgan.

Bilasizmi, o‘tgan asrning 90-yillari men tadbirkor bo‘lib ishlagan paytlarda O‘zbekiston terma jamoasiga yordam berardim. To‘g‘ri, hech qayerda ro‘yxatda bo‘lmaganman, ammo safarlarga borardim, moliyaviy jihatdan yordam berardim, homiylarni topib berardim. O‘shanda terma jamoa tarkibiga qarab turib "agar menga milliy terma jamoani topshirsangiz, Jahon chempionatiga olib chiqaman, agar buni uddalay olmasam "Mersedes" rusumli mashinam sizlarga" degandim. Ammo o‘shanda hech kim menga ishonmagandi, oradan 15 yil o‘tib baribir terma jamoa bosh murabbiyiga aylandim. Bu taqdir bo‘lsa kerak.

Ha, Vadim Abramov haqida uzoq gapirish mumkin. Shunchaki, ajoyib inson. Bir guruh hamkasblarimiz bilan birga 2011 yili Qatardagi Osiyo chempionatini yoritish uchun borganmiz. O‘shanda terma jamoadagi muhit, murabbiyning futbolchilar bilan qanday suhbatlashayotganini ko‘rib, ochig‘i Abramovning mahoratiga tan bergandim. Hozirda Vadim Karlenovich "Bunyodkor" jamoasini muvaffaqiyatli tarzda boshqarmoqda.

Fursatdan foydalanib, Vadim Abramovni bugungi tavallud kuni bilan saytimiz xodimlari va o‘quvchilari nomidan muborakbod etamiz.

Manba: championat.asia
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)