12:13 / 07.08.2020
2 168

Jaloliddinov xuddi Messiday o‘ynaydi!

Jaloliddinov xuddi Messiday o‘ynaydi!
Rossiya premer-ligasi yangi mavsumi oldidan mutaxassislar transfer bozoridagi yangiliklar, klublar tomonidan taklif etilgan futbolchilarning imkoniyatlari, legionerlarning o‘ziga xos xususiyatlar, o‘yin uslubi, turli taktik sxemalar va statistikalarni tahlil qilishga kirishib ketdi.

Xususan, Rossiya futboli mutaxassislarini qamalib chiqqanidan keyin faoliyatini yuqori bosqichga ko‘tarish uchun “Spartak”ga kelgan Aleksandr Kokorin , Argentinadan to‘purarlik uchun 8,5 million yevroga SSKAga jalb qilingan Adolfo Gaych, “Rubin”da yetakchilik mas’uliyati yuklangan Oleg Shatov, “Tambov”ning qirqni qoralab qo‘ygan yangi darvozaboni Sergey Rijikov, Angliya chempioni sifatida “Zenit”ga qo‘shilgan Deyan Lovren, “Ufa”da hammani o‘ziga qaratib “Spartak”ga o‘tgan Oston O‘runov va “Lokomotiv”ning “sirli futbolchisi” Jasur Jaloliddinov nomzodlari jiddiy qiziqtirmoqda.

Biz muxlislarni rossiyalik ekspertlarning har ikki futbolchimizga bergan ta’rifi bilan tanishtiramiz.

Jasur Jaloliddinov
18 yoshli Jasur “Bunyodkor”dan 1 million yevro atrofidagi mablag‘ evaziga “Lokomotiv” tarkibiga qo‘shildi va moskvaliklar bilan besh yillik shartnoma imzoladi. U yangi klubida 23 raqamda to‘p suradi.
Premer-liga futbol ekspertlari Jasur Jaloliddinov haqida fikr yuritganda uni mashhur hujumchi Lionel Messiga qiyoslashmoqda.

Jasur Jaloliddinovga “Lokomotiv” qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgach, Rossiya ommaviy axborot vositalari uni “o‘zbek Messisi”, deb bong ura boshladi. Jasur haqiqatan chapaqay va u “Barselona” sardori kabi o‘ng qanotdan hujum uyushtirishni yaxshi ko‘radi. Hamma maqtayotgan bu hujumkor futbolchi “Lokomotiv”da o‘zini ko‘rsatishi kerak.

Moskvaliklar “o‘zbek Messisi” yaqin kelajakda “Loko” yetakchisi Aleksey Miranchukning o‘rnini to‘liq bosishini kutmoqda. Miranchukning o‘zi Yevropani zabt etishga bel bog‘lagan. U jamoada qolgan taqdirda ham, Joau Mariu va Jefferson Farfan kabi mashhur futbolchilaridan ayrilgan jamoa uchun iste’dodli yosh legioner hech ortiqchalik qilmaydi. Zotan, u kelajakni ko‘zlab olib kelindi.

Oston O‘runov
Oston garchi “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi bo‘lsa-da, futbolchi sifatida “Navbahor”da shakllandi. Namanganlik futbol muxlislari uni jangovar o‘yinchi sifatida hurmat qiladi. Keyin Toshkentning “Lokomotiv” jamoasiga o‘tgan 19 yoshli futbolchi poytaxtda ham uzoq ushlanib qolmadi. “Ufa” iqtidorli yarim himoyachi uchun 200 ming yevro to‘ladi.

Shamil Gazizovning “Spartak”dagi bosh direktorligi vaqtida ilk transferlaridan biri uning sobiq klubi futbolchisi Oston O‘runov bo‘ldi. Ma’lumotlarga qaraganda, “Spartak” bu transfer uchun 1,5 million yevro xarajat qilgan. Oston yangi jamoasida yaxshi niyat bilan jahon chempioni Andre Shyurlle o‘ynagan 20-raqamni tanladi.

Bu futbolchi milliy chempionatning ikkinchi qismida “Ufa”ga kelib yarq etib porladi. Ufaliklar tarkibida atiga 10 marta maydonga tushgan futbolchi o‘zining yorqin o‘yini va takrorlanmas harakatlari bilan qisqa fursatda jamoasi yetakchisi va Rossiya premer-ligasidagi barcha top-klublar orzusiga aylandi.

Hozircha, “Spartak” bosh murabbiyi Domeniko Tedesko universal futbolchilar toifasiga kiradigan Oston O‘runovni qaysi pozitsiyada o‘ynatish bo‘yicha yakuniy qarorga kelgani yo‘q. Buni mutaxassisning o‘zi ham alohida ta’kidladi.

- Eng muhimi, biz yosh futbolchi bilan shartnoma tuzdik. Hozir bir birimizni o‘rganish uchun vaqt kerak. U oxirigi uch hafta mehnat qilmadi. Koronavirusdan davolandi. Hozirgi vazifamiz uni ehtiyot qilish va himoyalash. Unga vaqt berishimiz kerak. Yaxshi o‘yinchilar bir necha pozitsiyada o‘ynay oladi. O‘runov ana shunaqa yaxshi futbolchi.

U yosh va juda iqtidorli, bizning sxemamizda 8-raqam vazifasini bajarishi mumkin yoki ikkinchi hujumchi, qanot himoyachisi, tayanch yarim himoyachisi, hatto markaziy himoyachi o‘rnida ham o‘ynashga qodir. U kuchli futbolchi. Hozircha uni qaysi pozitsiyasida o‘ynatish bo‘yicha bir qarorga kelmadim, lekin yaxshi futbolchiga doimo joy topiladi
, - dedi Tedesko.

Xullas, o‘zbekistonlik futbol muxlislarining Rossiya chempionatiga e’tibori har qachongidan ham kuchaygan. Yuqorida nomi tilga olingan futbolchilardan tashqari, “Rostov” to‘purari Eldor Shomurodovning ishtiroki ham hamyurtlarimiz diqqat markazida turibdi. Biz esa, ularga faoliyatlari davomida ulkan muvaffaqiyat va ko‘p g‘alabalar tilaymiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jaloliddinov xuddi Messiday o‘ynaydi!