10:01 / 24.08.2020
1 017

Dilshod Nuraliyev "Lokomotiv"ning mag‘lubiyati, futbolchilarning xatolari va tarkibda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi haqida

Dilshod Nuraliyev "Lokomotiv"ning mag‘lubiyati, futbolchilarning xatolari va tarkibda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi haqida
“Lokomotiv” klubida bosh murabbiy o‘zgartirilgani haqida yaqinda xabar bergandik. Andrey Fyodorov iste’foga chiqarilgach, Dilshod Nuraliyev vaqtincha jamoani boshqarib turadi. Bunga qadar u “Lokomotiv”ning U-21 jamoasiga ustozlik qilib kelayotgandi.

“Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyat haqida
Dilshod Nuraliyevning debyuti “Qo‘qon-1912” bilan o‘yinga to‘g‘ri keldi. Biroq o‘sha o‘yin arafasida vaqtincha bosh murabbiy deb e’lon qilingan mutaxassis jamoasi bilan mag‘lubiyat alamini tatib ko‘rishga majbur bo‘ldi. Aslida “Loko” hisobni ochgach, g‘alaba qozonishi mumkin edi. Ammo uchrashuv oxiriga qadar qo‘qonliklar ikkita gol urishdi. “Lokomotiv” darvozaboni Javohir Ilyosovning xatolari esa jamoasiga qimmatga tushdi.

- Mag‘lubiyatda birgina darvozabonni ayblab bo‘lmaydi, butun jamoa yutqazdi, - deya o‘sha o‘yinni esladi, Nuraliyev. - Mag‘lubiyatlar ko‘payib ketgani sababli o‘yinchilarimiz o‘zlariga bo‘lgan ishonchni yo‘qotib qo‘yishgan. Undan oldin AGMK bilan uchrashuvda 1:1 o‘ynab turib, o‘yin oxirida ikkita gol o‘tkazib yutqazishdi. Futbolchilarning jismoniy holati ham 90 daqiqaga yetmay qolyapti va uchrashuv davomida charchab qolishyapti. Bunday omillar esa pandemiyaga ham bog‘liq bo‘lib qolgan. Dam olish kunlari esa mashg‘ulot o‘tkazilmagan. Demoqchimanki, muvaffaqiyatsizliklarga bir emas, bir nechta omillar ta’sir ko‘rsatgan.

Klub rahbariyati jamoani menga ishonib topshirdi. Endi qo‘limdan kelganicha mehnat qilaman. Hech qachon mehnatdan qochgan inson emasman. Afsuski, “Qo‘qon-1912” bilan bahsda juda alamli mag‘lubiyatga uchradik. Kechagi o‘yinda ixtiyorimdagi bor futbolchilar bilan vaziyatni to‘g‘rilashga harakat qildim. Baribir xato qilib qo‘ydik. Alamlisi, oddiy vaziyatlarda xatoga yo‘l qo‘yyapmiz. Yana ustimizda ishlash bo‘yicha o‘ylanyapmiz. Oldimizda esa ikkita kuchli o‘yin turibdi. Jamoadagilar ham vaziyatni tushunib turishibdi.

Klubning qaddini ko‘tarishga harakat qilamiz. Tarkibimizdagi o‘yinchilar o‘ynashni bilishadi. Lekin jamoaga yangi qon quyish kerak. Lekin vaziyatni yaxshilash uchun tubdan burilishni tez fursat ichida amalga oshirish qiyin. “Paxtakor”ga jiddiy qarshilik ko‘rsatishga harakat qilamiz. Bu yog‘i Xudodan. Jamoani yuzimiz yorug‘ holatda qiyin vaziyatdan olib chiqib ketishga bor kuchimiz bilan urinamiz. Ikkinchi davraga tayyorgarlik uchun biroz vaqt bo‘ladi. Ayni paytda esa yaxshiroq tayyorlanish uchun vaqt ham yo‘q.

Mana shunday paytda vaziyatni to‘g‘rilash ham qiyin. Shunga qaramay, yigitlarga ming rahmat, ular og‘ir damda ham qo‘llaridan kelganicha harakat qilishyapti. To‘g‘ri, xato hammada bo‘ladi, lekin bizning qilayotgan xatolarimiz oddiy holatlarda yuz beryapti va bu yakunda golga olib kelyapti. Shu kamchiligimizning oldini olsak, o‘ylaymanki, natijalarga erisha olamiz. Hozir esa futbolchilarimizga juda qiyin. Ayniqsa, ruhiy o‘raga tushib qolishgan va bu hol og‘ir bo‘lyapti.

Nuraliyev “Loko”ni og‘ir vaziyatdan olib chiqa oladimi?
Temiryo‘lchilarning muvaffaqiyatsizligi kecha yoki bugun boshlangani yo‘q, mavsum boshidan buyon shu ahvol. Dilshod Nuraliyevning bosh murabbiylikka tayinlanishini esa go‘yoki “o‘t o‘chiruvchilikka” qiyoslash mumkin. Rostdan ham vaziyat og‘ir. Bunday sharoitda esa Nuraliyevga vaqtinchalik bo‘lsa ham vaziyatni o‘zgartirish uchun jamoani ishonib topshirishdi. Murabbiy esa gapida davom etar ekan, shunday dedi:

- Buni ko‘proq klub rahbarlaridan so‘raganingiz yaxshi. Ular menga ishonishdi va bosh murabbiylikni topshirishdi. Bungacha yoshlar jamoasida ishlab turgandim. Aytishim kerakki, yoshlar jamoasida asta-sekin o‘z o‘yinimizga ega bo‘lib borayotgandik. Rahbariyat menga ishonib jamoani topshirishdimi, bunga rad javobini berishga haqqim yo‘q. Andrey Fyodorov iste’foga chiqarilgach, mendan vaqtincha bosh murabbiy bo‘lib ishlab turishimni taklif qilishdi. Balki boshqa murabbiy topishar, buni bilmayman. Bu haqdagi savolni rahbariyatga berish kerak. Biz esa go‘yoki askarmiz. Qayerga borib ishla desa, o‘sha joyda ishlaymiz. “Lokomotiv”ni qiyin ahvoldan olib chiqib ketishga harakat qilamiz.

Tarkibni kuchaytirish uchun kimlarni taklif qilmoqchi?
“Loko”ni bir qator yetakchilar tark etishdi. Tabiiyki, bu ham klubga o‘z ta’sirini ko‘rsatyapti. Chunki yo‘qotishlarning o‘rni yangi futbolchilar yordamida to‘ldirilgani yo‘q. Dilshod Nuraliyev esa tarkibni kuchaytiradimi?

- Biz ko‘proq iqtidorli yoshlarga e’tiborni oshiramiz. U-21 jamoasidan 3-4 nafar futbolchilarni asosiy tarkibga qo‘shib, ularga ham o‘yin amaliyotini taqdim etamiz. Klub rahbarlariga esa jamoani kuchaytirishi mumkin bo‘lgan to‘rt nafar yangi nomzodni aytdim. Agar o‘sha o‘yinchilar bilan kelishuvga erishib, jamoamizga olib kelsak, yanada yaxshi bo‘lardi. Hozir esa rahbariyat ular bilan muzokaralar olib borishyapti. Lekin hozircha ularning nomlarini ayta olmayman. Xudo xohlasa, tez kunlarda hammasi oydinlashib qoladi. Nasib qilsa, “Lokomotiv”ni bu holatdan qutqara olamiz, - dedi murabbiy.

Shuhratbek Jo‘rayev
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)