15:45 / 01.09.2020
1 353

Messi isyon qilishda davom etmoqda, «Siti» uning taqdimotiga tayyorlanmoqda

Messi isyon qilishda davom etmoqda, «Siti» uning taqdimotiga tayyorlanmoqda
Foto: Getty Images
Aftidan, yozning asosiy transfer ertagi yakuni yaqin. Yevropa nashrlarida Messining «Manchester Siti»ga o‘tishi tafsilotlariga oid yangidan yangi xabarlar chiqmoqda. Quyida ushbu transfer atrofidagi eng qiziqarli va shov-shuvli mish-mishlar va yangiliklar keltiriladi.

Shu vaqtgacha muhim to‘rt sana
- 14 avgust kuni Lissabonda «Barselona» Chempionlar ligasi chorak finalida «Bavariya»ga yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi — 2:8. Shundan keyingi kunlarda Messi kataloniyaliklar klubini shartnomasi tugashiga bir yil qolganida tark etishi haqida xabarlar tarqaldi va bu xabarlar rad etib ham chiqildi (shartnoma 2021 yil yozigacha tuzilgan).
- 19 avgust kuni Ronald Kuman «Barselona»ning yangi bosh murabbiyi sifatida tanishtirildi. Niderlandiyalik mutaxassis darhol Messi bilan uchrashuv o‘tkazdi va jamoani uning atrofida qurish niyatini bildirdi. Lekin shundan keyin yana argentinalik futbolchi klubdan ketishi haqidagi xabarlar tarqala boshladi.
- 25 avgust kuni Messining vakillari «Barselona»ga byurofaks yuborib, shartnomani bir tomonlama bekor qilishni so‘radi. Ko‘p o‘tmay klub ham buni tasdiqladi.
- 30 avgust kuni Messi klub bazasiga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun kelmadi.

Gvardiola Messi bilan uchrashish uchun mavsumoldi yig‘inlarining bir qismini «qurbon qildi»
Messining ketish haqidagi qarori ma’lum bo‘lgach, uning bo‘lg‘usi klubi sifatida birinchi navbatda «Manchester Siti» nomi tilga olina boshlandi. 27 avgust kuni The Times, Gilem Balage va The Athletic jurnalisti Devid Ornshteyn Messi va «Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tgani haqida yozib chiqishdi. Unga ko‘ra, kataloniyalik mutaxassis sobiq shogirdiga klubi uni sotib olishga tayyorligini aytgan.

Messi «Barselona»dan o‘zini tekinga qo‘yib yuborishni so‘ramoqda. Bunga asos sifatida u o‘zaro shartnomadagi maxsus punktni keltirmoqda - unga ko‘ra futbolchi istalgan mavsum so‘nggida shartnomani bir tomonlama bekor qilishi va erkin agent maqomida ketishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Ammo buning uchun u klubni ma’lum vaqtgacha ogohlantirishi kerak bo‘lgan. Kataloniyaliklar rahbariyati futbolchi 10 iyunga qadar ogohlantirish yuborishi kerak bo‘lganini aytmoqda, futbolchining vakillari esa pandemiya tufayli mavsum o‘z vaqtida tugamagani tufayli ogohlantirish uchun so‘nggi muhlat sifatida 30 avgustni ko‘rsatishgan.

Hozirgi vaziyatda vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li Messi va «Barselona» o‘rtasida transfer borasida muzokaralar o‘tkazilishidir. Chunki futbolchiga da’vogar bo‘lgan hech bir klub transfer uchun shartnomada ko‘rsatilgan 700 million yevrolik badal pulini to‘lay olmaydi.

Sport va Manchester Evening Standart nashrlari agar «Barselona» Messini tekinga qo‘yib yuborishga rozi bo‘lmasa, «Siti» uning transferi uchun 100-150 million yevro va bir qancha futbolchilarini berishga roziligi haqida yozdi. Katalon nashrlari xabarlarida Erik Garsiya, Bernardu Silva va Gabriel Jezuse familiyalari keltirilgan, Manchesterdagi nashrlarda esa Garsiya va Anxelino nomlari tilga olingan.

19 yoshli Garsiya Kataloniyaga yo‘l olishi ehtimoli yuqori — ushbu himoyachi Gvardiolaga qanchalik yoqmasin, asosiy tarkibga kira olmayapti va uning shartnomasi muddati keyingi yil yozida tugaydi. U shartnomani uzaytirmoqchi emas va «Barselona»ga qaytishni istamoqda, u klub akademiyasida 6 yoshdan boshlab 11 yil davomida o‘ynagan.

Bu orada Marca nashri Gvardiola Barselonaga kelgani va futbolchi bilan uchrashuv belgilagani haqida xabar tarqatd. Nashr xabariga ko‘ra, u argentinalik bilan uning kelajagini muhokama qilishga kelgan.

Ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda bu ma’lumot tasdiqlandi. Xitoyliklarning Kataloniyadagi «Kao» nomli restorani Gvardiolaning oshpazlardan biri bilan tushgan suratini tarqatdi.

«Siti» murabbiyi Ispaniyaga tashrif buyurish orqali jamoasining mavsumoldi yig‘inining bir qismini o‘tkazib yuborishga rozi bo‘lgan. Endi u Angliyaga qaytgach, ikki haftalik karantinni o‘tashi kerak bo‘ladi. Ya’ni, Gvardiola «Siti» mavsumoldi mashg‘ulotlarining katta qismida qatnasha olmaydi.

Messi isyon qilmoqda. U mashg‘ulotlarni o‘tkazib yubordi va o‘zini «Barsa» futbolchisi deb hisoblamayapti
Ispaniyalik mutaxassis Kataloniyadagi sevimli restoranlarini aylanishda davom etar ekan, Messi klubda haqiqiy isyon boshladi. Marca ma’lumotiga ko‘ra, 30 avgust kuni argentinalik mutaxassis «Barselona» bazasidagi mavsumoldi mashg‘ulotlaridan oldingi tibbiy ko‘rikdan o‘tishga kelmadi. Avvalroq RAC1 manbasi Leo kataloniyaliklarning mashg‘ulotlariga kelishni umuman rejalashtirmagani haqida xabar tarqatgandi. Bu haqda Messi klubni byurofaks orqali ogohlantirgani aytilgan.

Bunday xabarlar ortidan futbolchiga nisbatan sanksiyalar haqida xabar tarqatildi. Jurnalist Tankredi Palmeri tvitterida «Barselona» rahbariyati Leoning klubga kelmagan har bir kuni uchun mos ravishda maoshini kesishni rejalashtirgani haqida yozdi.

Lekin bu ma’lumotni Sport.es nashri rad etib chiqdi. Ya’ni, klub futbolchini jazolamoqchi emas.

Shu kuni «Barselona» va Messi o‘rtasidagi nizoga La Liga aralashgani haqida xabar tarqaldi. Jurnalist Fabritsio Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, liga klub tomonida turgan va Lionelning kataloniyaliklar klubi bilan shartnomasi hamon kuchda ekani haqida bayonot bergan. Bu holda u klubni tark etishining yagona chorasi — belgilangan badal pulini (700 mln yevro) to‘lash bo‘ladi.

Lekin Messiga bu zig‘ircha ta’sir etgani yo‘q. Marca nashrining yozishicha, jamoaning ilk mashg‘ulotini o‘tkazib yuborgan Leo bundan buyon o‘zini ko‘k-anorranglilar klubi futbolchi deb hisoblamasligini aytgan. U Ispaniya chempionati boshlanganidan keyin ham klub ixtiyoriga kelib qo‘shilmoqchimas.

Futbolchining otasi ham tomonlarni yarashtirmoqchi. Mundo Deportivo ma’lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda Argentinada bo‘lib turgan Xorxe Messi kataloniyaliklar klubi prezidenti Xosep Mariya Bartomeu bilan uchrashmoqchi. Xorxe uchrashuv vaqtida Leo nima uchun ketmoqchi bo‘layotgani haqida tushuntirish bermoqchi. Sabablar quyidagicha:

— Messi Chempionlar ligasidagi muvaffaqiyatsizlikdan, ayniqsa «Bavariya»ga qarshi o‘yindagi 2:8 hisobidan qattiq ranjigan;
— 33 yoshida u Yevropada yana sovrindor bo‘lish uchun yangi loyihada ishtirok etmoqchi, u «Barselona»da Ronald Kuman bilan bu maqsadga erishish mumkinligiga ishonmayapti.


Nashr xabariga ko‘ra, Bartomeu Xorxe Messi bilan 3 sentabr kuni uchrashishga rozilik bildirgan, ammo u faqat argentinalik forvard klubda qolishi masalasida gaplashmoqchi.

«Siti» Messiga besh yillik shartnoma taklif etgan
«Siti» argentinalik futbolchiga o‘z taklifini bildirib bo‘lgan. Tankredi Palmerining ishonch bilan yozishicha, inglizlar klubi futbolchiga umumiy qiymati 500 mln yevroni tashkil etadigan besh yillik shartnoma taklif etmoqda.

Manbaning yozishicha, futbolchi 5 yillik shartnomaga ko‘ra yiliga 50 million yevrodan oladi. Unga ko‘ra, forvard uch mavsum davomida «shaharliklar» klubida to‘p suradi va keyin «Manchester Siti» xo‘jayinlarining MLS chempionatidagi klubi bo‘lmish «Nyu-York Siti»ga o‘tadi. Bundan tashqari, Messiga 250 mln yevro miqdorida ko‘tarma puli va’da qilingan. Bu bonus argentinalik futbolchiga Amerika klubiga o‘tganida berilishi ko‘zda tutilgan. Palmerining hisoblashicha, bu orqali «Manchester Siti» moliyaviy feyr-pley bilan bog‘liq muammolardan qutulishi mumkin.

Bu yangilikka «Arsenal»ning sobiq futbolchisi Pol Merson Daily Star nashridagi kolonkasida shov-shuvli munosabat bildirdi. Futbol eksperti argentinalik bu futbolchi uchun buncha katta pul sarflashga hojat yo‘qligini aytgan.

«Lionel Messi endi dunyoning eng yaxshi futbolchisi emas. Faoliyati yakunlanib borayotgan o‘yinchi uchun 500 mln yevro to‘lash kerakmi? Meni xato gapiryapti demang. Messi sayyoramizdagi eng buyuk futbolchi edi, ammo zamon o‘zgarib bormoqda. U bilan shartnoma imzolash uchun buncha pul to‘lash – katta tavakkalchilik. Uning eng yaxshi davrlari ortda qoldi.

Agar u haqiqatan ham o‘zini boshqa ligada sinab ko‘rmoqchi bo‘lsa, bu yaxshi. Ammo u keyinchalik maoshi qisqarib borishiga ham ko‘nikishi kerak. U allaqachon dunyoning eng boy sportchilaridan biriga aylangan, Leo pulga muhtoj emas», degan u.

Lekin «Siti» futbolchining yoshiga e’tibor qilmoqchi emas va tavakkal qilishdan qochmaydi. Jurnalist Marselo Bexler tvitterdagi sahifasida inglizlar klubi Messining taqdimotiga tayyorlanayotgani haqida yozdi. «Shaharliklar» yirik kompaniya bilan bog‘lanib, maxsus videorolik tayyorlash uchun Leoning arxiv kadrlarini so‘ragan.

Messini yana kimlar kutmoqda?
Ispaniya, Angliya, Italiya va Fransiyadagi sport nashrlari ushbu forvardning bo‘lajak klubi haqidagi insaydlar borasida musobaqalashmoqda.
— «Inter»: Italiyadagi klublar ham saxiy, bu yerda eng yumshoq soliq siyosati amal qiladi, bu yerda Ronaldu bor, Lionelning otasi esa yaqinda Milanda uy sotib olgandi.

— «PSJ»: Parijda Neymar kutmoqda, bu klub egalari ham saxiylikda qolishmaydi, ammo manbalarning yozishicha, moliyaviy feyr-pley tufayli shayxlarning ushbu xaridni amalga oshirishga ko‘zlari yetmayapti.

— «Manchester Yunayted»: bu klubda ham yetarlicha resurslar mavjud, qator manbalar ushbu klubni argentinalik yulduz uchun kurashda favorit sanamoqda, shuningdek, Lionelning otasi bilan muzokaralar haqida xabarlar paydo bo‘lgan.

Yana «Chelsi» bor, bolalikdagi orzu «Nyuellz Old Boyz» bor, «Yuventus»da Krishtianu Ronaldu bilan orzular jamoasini tuzish bor (lekin turinliklar va «Bavariya» bu raqobatga kirishishga shoshilmadi). Yana turli darajadagi variantlar bor.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Messi «Barselona»da
- 16 mavsum;
- 731 rasmiy o‘yin, 634 gol va 256 golli uzatma;
- 55 o‘rtoqlik o‘yini, 36 gol va 26 golli uzatma;
- 34 sovrin (10 karra Ispaniya chempionligi, 4 karra YECHL g‘olibligi - so‘nggisi 2015 yilda);
- 6 «Oltin to‘p» va boshqa individual sovrinlar.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)