21:00 / 06.09.2020
1 963

Andrey Kanchelskis: «Bu yerda liga rahbariyati bilan bahslashishdan, o‘z fikrini aytishdan hamma qo‘rqadi, faqat Arveladze va men bundan mustasno»

Andrey Kanchelskis: «Bu yerda liga rahbariyati bilan bahslashishdan, o‘z fikrini aytishdan hamma qo‘rqadi, faqat Arveladze va men bundan mustasno»
«Manchester Yunayted» hamda Rossiya milliy jamoasi sobiq futbolchisi sanalmish Andrey Kanchelskis hozirgi kunda Namanganning «Navbahor» klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyat olib bormoqda. Yaqinda koronavirus yuqtirib olgan mutaxassis Rossiyaning «Sport-Ekspress» nashriga intervyu berib, davolanish jarayoni, Superliga, Oston O‘runov va Jasur Jaloliddinov haqidagi savollarga javob qaytardi.

«Koronavirus tufayli o‘pkamning 20 foizi zararlangan»
— Andrey, o‘zingizni qanday his qilayapsiz?
— Rahmat, hozir ancha yaxshiman. Payshanba kunidan buyon shifoxonadaman, davolanish muolajalarini olayapman. Kuniga uch mahal ukol qilishayapti. Aslida topshirgan testimda koronavirus aniqlangach, darhol shifoxonaga yotmoqchi bo‘ldim, ammo Toshkentda bu borada muammolar bor. Hamma joy band.

— Kasallanganlar nahotki shu daraja ko‘p?!
— Men hali davolanish bepul bo‘lgan klinikalar haqida gapirmadim. Hattoki pulga ham bo‘sh koykalarni topish qiyin. Kompyuter tomografiyasidan o‘tishim uchun bir soat navbatda turishimga to‘g‘ri keldi.

— Dahshat.
— Oxir-oqibat do‘stlarim maxsus Covid-19ni davolaydigan xususiy klinika bilan gaplashishdi. Bu yerda yuqori malakali shifokorlar bor. To‘liq tekshiruvdan o‘tkazishdi, tahlillar topshirdim. KT orqali tekshirilganda esa o‘pkamning 20 foizi zararlangani ma’lum bo‘ldi. Shifokorlar: «O‘z vaqtida murojaat etdingiz, yana 1-2 kun kechiksangiz jiddiy muammoga yo‘liqardingiz», deyishdi.

— Qachon kasallandingiz?
— 28 avgust kuni. Dastlabki kunlarni mehmonxonada xonamdan chiqmay o‘tkazdim. Na yo‘tal, na isitma bor edi. To‘satdan isitmam 39 darajaga chiqdi. Darhol shifoxonaga yotishim kerakligini tushundim.

— Hid sezish yo‘qoldimi?
— Yo‘q. Biroq holsizlik shu daraja qamrab oldiki, hech narsa yoqmay qolgandi. Na yeyish, na ichish, na gapirish. Faqat to‘shakda yon boshlardim. Yo uxlardim yoki shiftga tikilib o‘tirardim. Ishtiham yo‘q, faqat chanqadim. Bir necha kun ichida 5 kiloga ozdim.

Shifoxonada esa ancha tuzaldim. Hozirga kelib ishtaham ochilgan, o‘zimni tetik his qilayapman. Ayniqsa, kasallikning asoratlari og‘ir bo‘lmaganidan xursand bo‘layapman. Ahvolim kundan-kunga yaxshilanib bormoqda.

—Shifoxonada yana necha kun qolasiz?
— Uch kun. Keyin qaytadan tekshiruvdan o‘tib, tahlillarni kutaman. Tuzalganim bilan darrov Namanganga jo‘nayman.

«Toshkentga borishimizga avvaldan qarshi edim»
— Bilishimcha, «Navbahor»da infeksiya yuqtirib olgan faqat siz emas...
— Ha, yetti nafar futbolchi, massajchi va videooperatorimiz koronavirus yuqtirib oldi. Aslida Namanganda bo‘lganimizda hammasi joyida edi. Qarorgohdan chiqmasdik, o‘yinlarimizni ham uy-safar tizimida tinchgina o‘tkazayotgandik. To‘satdan, avgust oyida federatsiya 4ta tur o‘yinlari markazlashgan holda bitta shaharda o‘tkazilishini e’lon qildi.

— Qaysi shaharda?
— Toshkentda. Bu shaharda virus tarqalishi avj olgani sabab, poytaxtga kelishga qat’iyan qarshi edim. Afsuski, boshqa klublardagi hamkasb murabbiylar fikrimni qo‘llab-quvvatlashmadi. Bu yerda hamma liga rahbariyati bilan bahslashishdan, ommaga chiqib o‘z fikrini aytishdan qo‘rqadi. Faqatgina «Paxtakor» bosh murabbiyi Shota Arveladze va men bundan mustasno.

— Yakunda hamma jamoalar Toshkentda to‘planishdimi?
— Ha. Birinchi o‘yinni o‘tkazganimiz bilan futbolchilarimizdan biri kasallandi. Keyin esa zanjirdek ulanib ketdi... Tarkibdagi 7 nafar futbolchisiz qolganimizdan keyin o‘yinni ko‘chirish haqida so‘radik. Ammo liga rahbariyati so‘rovimizga rad javobini berdi.

«O‘runovga har doim Roy Kin va Jennaro Gattuzoni namuna sifatida keltirardim»
— Oston O‘runovning «Spartak»dagi imkoniyatlari haqida qanday fikrdasiz?
— O‘runovning imkoniyatlarini yaxshi bilaman. Oston o‘tgan yil «Navbahor»da qo‘l ostimda o‘ynagandi. Juda iqtidorli bola. Bo‘ydor, baquvvat, texnikasi yuqori, yaxshi tezlik va zarbaga ega o‘yinchi. Qat’iyatli, o‘yinni o‘z qo‘liga olishdan qo‘rqmaydi. O‘runov bilan taktik jihatdan yaxshi ishlansa, u «Spartak»ka yordam bera oladi.

— Qaysi chiziqda?
— O‘runov bizda hujumkor yarimhimoyada o‘ynardi. O‘zbekiston o‘smirlar jamoasida esa uni yarimhimoya markazida o‘ynatishgan. Qo‘rqmay, katta ishonch bilan oldinga bora oladi. Ammo to‘pni ko‘p yo‘qotardi. Unga katta futboldagi talablar boshqacha ekanligini ko‘p uqtirganman. Ostonga Roy Kin, Pol Ins, Stefan Shvars, Jennaro Gattuzoni namuna sifatida ko‘rsatardim. Bu futbolchilar maydon markazida ehtiyotkor va fantastik darajada barqaror o‘yin ko‘rsatishardi. Oddiy vaziyatlarda to‘pni yo‘qotishmasdi. O‘runovni men oldinroqda o‘ynatardim. Har bir uchrashuvda kamida ikkita golli vaziyatga ega bo‘lardi.

— Oston shuhratparast bolami?
— Nimalar deyapsiz?! Aksincha, u juda kamtar, xotirjam yigit. Insoniylik jihatdan hech qanday savolga o‘rin yo‘q. Tartibli bola. Umuman olganda bu borada O‘zbekistonda futbolchilar orasida kriminal personajlar yo‘q.

— O‘runov «Spartak» bilan shartnoma imzolagach, birinchi qilgan ishi Instagram’dagi sahifasida qimmatbaho xaridlarini ko‘z-ko‘z qilish bo‘ldi...
— Ochig‘i tushunmayman, yigitchaning internetda joylagan o‘sha suratiga nega hamma yopishib oldi? Nima, boshqa futbolchilar do‘konlarga aylanmaydimi? Yoki qimmatbaho brendlarni sotib olmaydimi? To‘g‘ri, Oston qo‘lidagi xaridlari soni bo‘yicha oshirib yuborgandir. U hali yosh, ko‘zlariga chiroyli ko‘rinib hamma narsani sotib olishni istagandir balki. Bunaqasi bo‘lib axir.

«Jaloliddin Masharipov Rossiyada o‘ynab keta oladi»
— «Lokomotiv» xarid qilgan Jasur Jaloliddinovdan ko‘ra, Oston O‘runovga ko‘proq ishonayapsizmi?
— Albatta. Jaloliddinov ham yuqori texnikaga ega, to‘p bilan ishlashni yoqtiradigan, yaxshi driblingga ega o‘yinchi. Ammo Rossiya Premer-ligasi uchun u hali xomroq. «Lokomotiv»dagi raqobatda yutib chiqishi juda qiyin bo‘ladi. Oston esa unga qaraganda jismoniy jihatdan ancha baquvvat, bo‘yi 20 santimetrga balandroq. O‘runov allaqachon futbolchi bo‘lib yetishgan. 18 yoshli Jasur haqida bunday deya olmaysan.

— Yuriy Belous uning Joau Mariudan kuchliroq ekanligi haqida gapirdi...
— Yuzga tabassum bag‘ishlaydigan jiddiy da’vo.

— O‘zbekiston chempionatida Rossiyaning top-klublarini kuchaytira oladigan futbolchi bormi?
— Menga Jaloliddin Masharipov juda yoqadi. Ajoyib hujumkor yarimhimoyachi, «Paxtakor»ning yetakchilaridan biri. Uni yaqinda Qatarga taklif etishgan, ammo «Paxtakor» qo‘yib yuborishni istamagan. Chempionatda kuchli beshlikdan o‘rin olgan jamoalarda ham qiziqarli futbolchilar bor. O‘sha futbolchilar Rossiya Premer-ligasida Eldor Shomurodov yoki Oston O‘runov darajasida o‘ynab keta olsa, bunga ajablanmayman.

Usmon Ibodov tarjimasi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Andrey Kanchelskis: «Bu yerda liga rahbariyati bilan bahslashishdan, o‘z fikrini aytishdan hamma qo‘rqadi, faqat Arveladze va men bundan mustasno»