09:05 / 11.09.2020
2 015

Hamidjon Aktamov: "Hakamlar bizni sindirdi"

Hamidjon Aktamov: "Hakamlar bizni sindirdi"
"Nasaf" - "Qizilqum" uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Hamidjon Aktamov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Bilmadim... Birinchi bo‘limda hakam bir necha xatolarga yo‘l qo‘ydi, bilmadim, hakamning bizda qasdi bormi?! O‘tgan turda ham hakamlarning qurboni bo‘ldik. Tezroq VARni olib kelish kerak. To‘g‘ri, himoyadagi xato sababli 3-daqiqadayoq gol o‘tkazib yubordik, biroq tezda javob qaytargandik. Hakamlar esa golni inobatga olishmadi. Ko‘rmagan emish... Narigi tomondagi hakam esa vaziyatni hal qilyapti. Men ham ko‘rib, eshitib turibmanku. Mening yonimdagi hakam narigi yarim maydondagi vaziyatga aralashyapti.

O‘tgan davrada Namangandagi o‘yinda ham darvozamizga yo‘q joydan penalti belgilashgandi. Hakamlar bizni yomon ko‘rishadimi deyman. Erkin Boydullayevga qarshi yaqqol qoida buzilishida ham hakam o‘yinni to‘xtatmadi. Ko‘p joylarda hushtaksiz o‘yinlar boshlanib ketdi. Hakamlar juda ko‘p xatolikka yo‘l qo‘yishdi. Ular birinchi bo‘limning o‘zida bizni sindirdi. Futbolchilarga ham yo‘q joydan sariq kartochkalar berildi.

Hakamlarning g‘alati qarorlari futbolchilarimning ruhiyatiga ta’sir qildi. To‘g‘ri, xatolar yo‘q emas. Bahs yuqori tempda o‘tdi, "Nasaf" kuchli o‘ynadi. Lekin biz ham bunchalik yirik hisobga loyiq emasdik.

- Markazlashtirilgan chempionatda "Qizilqum" tarkibni kuchaytirdi va o‘yin saviyasini ancha oshirganini ko‘rsatgandi. Biroq bugun ilk daqiqalardanoq o‘yin qovushmadi. Bunga nima sabab bo‘ldi?
- O‘yinga yaxshi tayyorlangandik. Hakam esa bizni juda erta sindirdi. Ko‘rib turib, tushunmayapman. Nega? Nima sababdan? Biz bunday natijaga loyiq emasdik.

- "Qizilqum"ning inobatga olinmagan goli yirik hisob bo‘lib ketishiga ta’sir ko‘rsatdimi?
- Albatta, ta’sir ko‘rsatdi. Futbolchi mehnat qilyapti, yuguryapti. Ikkinchi golga ham yaqin kelgandik. Fol bo‘lgan paytda hakam 3 metrdan turib olib, o‘yinni davom ettirishni talab qilyapti. Qachongacha hakamlar shunday qilaveradi, bilmadim.

"Nasaf" jamoasining kelajagi juda porloq. Yigitlarning omadini bersin. Kucherenko akademiyadan zo‘r futbolchilarni yetishtirib beryapti. Shu odam kasalxonada betob bo‘lib yotgan ekan. Tezroq tuzalib, ishga qaytishini tilab qolaman. Shunday natijalarda Kucherenkoning qilgan faoliyati ko‘rinadi.

Manba: championat.asia

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Hamidjon Aktamov: "Hakamlar bizni sindirdi"