22:13 / 21.09.2020
2 498

Ro‘ziqul Berdiyev: “Moliyaviy muammolarni esdan chiqarib maydonga tushyapmiz”

Ro‘ziqul Berdiyev: “Moliyaviy muammolarni esdan chiqarib maydonga tushyapmiz”
Superliganing 16-turi doirasida o‘tkazilgan “Nasaf” va “Surxon”(5:0) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Muxlislarni g‘alaba bilan tabriklayman. Uchinchi golga qadar “Surxon” jamoasiga imkoniyat bermadik. Raqib safida tajribali futbolchilar bor edi, ularga imkoniyat bermaslikka harakat qildik. Uchinchi goldan keyin ozgina bo‘shashdik. O‘yin davomida ustunlik biz tomonda bo‘ldi, buni hisobda ham aks ettirdik. Yigitlar ko‘rsatmalarimizni bajarishdi.

“Navbahor” bilan o‘yinga yaxshi tayyorlanamiz. Bugungi g‘alaba ruhiy tomondan ko‘tarinkilik berishi tayin. Biz har bir uchrashuvga jiddiy yondashmoqdamiz. Superligada oson o‘yinning o‘zi yo‘q. Jamoalar bizga munosib qarshilik ko‘rsatishmoqda. Yigitlardan har bir uchrashuvga jiddiy tayyorlanishni talab qilmoqdamiz.

Marko Stanoyevichning o‘yinida mavsum boshiga qaraganda pasayish bo‘ldi. Balki charchoq alomatidir yoki boshqa sababdanmi, bilmadim. Lekin tajribasi katta, o‘yinni boshqarishga bizga yordam bermoqda. Traorega “Andijon” bilan o‘yinda imkoniyat berdik. Qanot yarim himoyasida o‘ynadi, lekin biz kutgan o‘yinni ko‘rsata olmadi. Bugun Sherzod Nasrullayev charchab qoldi, shuning uchun uni qanot himoyasida o‘ynatdik.

Moliyaviy muammolar bor, biz buni o‘ylab maydonga chiqayotganimiz yo‘q. Futbolchilar vaziyatni to‘g‘ri tushunib turishibdi. Homiylarimizga ishonamiz, tez orada muammo o‘z yechimini topadi degan umiddamiz. Biz o‘z ishimizni to‘g‘ri bajarishga harakat qilyapmiz.

Oybek Bozorov “Andijon” bilan o‘yinda jarohat oldi Lekin kechagi mashg‘ulotlarda qatnashdi va o‘ynay olishini bildirdi. O‘yindan oldin jarohati baribir o‘z so‘zini aytdi. “Navbahor” bilan o‘yinda muxlislarni xursand qilish uchun bor kuchimizni beramiz”, – deydi Ro‘ziqul Berdiyev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: “Moliyaviy muammolarni esdan chiqarib maydonga tushyapmiz”