00:03 / 28.09.2020
2 551

Ja’far Irismetov: "Paxtakor"ga "Al-Ahli" bilan o‘ynash qulayligi, Masharipovning xorijga ketishi, tashkilotchilarning xatosi va boshqa masalalar haqida

Ja’far Irismetov: "Paxtakor"ga "Al-Ahli" bilan o‘ynash qulayligi, Masharipovning xorijga ketishi, tashkilotchilarning xatosi va boshqa masalalar haqida
Hozir hammamizning diqqat-e’tiborimiz Qatar maydonlarida o‘tkazilayotgan Osiyo Chempionlar ligasiga qaratilgan. Boisi, u yerda O‘zbekiston nomidan qatnashayotgan “Paxtakor”ga barchamiz ishonyapmiz. Ko‘rayotgan bo‘lsangiz, “sherlar” nimchorak finalda Eronning “Istiqlol” jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etib chorak finalga yo‘l oldi. 28 sentabr kuni chorak finalga qur’a tashlanadi va 30-kuni yarim final uchun o‘yinlar o‘tkaziladi. Klub sport direktori Ja’far Irismetov sports.uz muxbiri bilan muloqot jarayonida ko‘plab masalalar bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi.

“Paxtakor” o‘yini bilan Osiyodagi mavqeini ko‘tarishga erishyapti”
- Avvalambor, “Paxtakor”ga kim muxlislik qilayotgan bo‘lsa, hamma-hammani g‘alaba bilan tabriklayman. Har doim jamoamizga ishqibozlik qilishayotganini his qilib kelganmiz. Chunki xalqaro maydonda ishtirok etayotgan paytimizda O‘zbekistonda bizni juda yaxshi qo‘llab-quvvatlashadi. Aytmoqchimanki, bu g‘alaba birgina “Paxtakor”niki emas, balki hammamizniki. O‘zbek futboli uchun ham juda muhim edi. Klublarimiz Osiyo Chempionlar ligasida anchadan beri guruhdan chiqa olmayotgandi. O‘z o‘yinlarimiz bilan “Paxtakor” Osiyodagi mavqeini ko‘tarishga erishyapti. Shuning uchun bu o‘zbek futbolining yutug‘i. Osiyoda O‘zbekiston klublarini endi yanada hurmat qilishadi.

To‘g‘risi, bu biz uchun nihoyatda muhim edi. “Istiqlol” biz bilan o‘yingacha faqat ikkita uchrashuv o‘tkazgandi. Ularning guruhida esa, BAAning “Al-Vahda” jamoasi musobaqaga kela olmagandi. Shu bois guruhda faqat ikkita o‘yin o‘tkazildi xolos. Biz bo‘lsa to‘rtta bellashuvda maydonga tushdik. Futbolchilarimizga katta rahmat. Har uch kunda juda jiddiy o‘yinlarda maydonga tushyapti. Bunday tig‘iz grafik asosida qiyin raqiblarga qarshi uchrashuvlarda yigitlar jismoniy tomondan toliqishlari tabiiy. Ko‘rdinglar, og‘ir o‘yinlarni o‘tkazyapmiz. Oxirigacha guruhdan chiqamizmi-yo‘qmi, buni bilmayotgandik. Shu sababli har bir bahs muhim ahamiyatga ega edi.

Ammo “Istiqlol” bilan bellashuvda jismoniy tomondan ham, o‘yin jihatidan ham bo‘sh kelmadik. Qaytanga, raqibga nisbatan bir bosh ustunlik qildik. Faqat yigitlarda biroz hayajon bo‘lganiga natijamiz kichiroq bo‘lib qoldi. Qatarga “Paxtakor” bilan birga kim kelgan bo‘lsa, hamma bir-biri bilan ahil bo‘lib, katta mehnat qilyapmiz. Kimda qanday vazifasi bo‘lsa, barchasi o‘z ishini bajaryapti. Boshqalarga yaxshi kollektiv ekanligimizni ko‘rsata olyapmiz. Bundan keyin ham har bir jamoa bilan bemalol kurasha olamiz. Bu yog‘i esa Allohdan. Hamma raqibni yutsa bo‘ladi. Yarim finalga chiqish uchun bor kuchimizni ishga solamiz.

“Chorak finalda “Al-Ahli” bilan o‘ynash qulayroq”
- To‘g‘risini aytsam, bu yerda sanoqli klublar qolgan va kuchsiz raqib yo‘q. Gapning ochig‘i, bizga Saudiya Arabistonining “Al-Ahli” klubi tushsa yaxshi bo‘lardi. Chunki ularni har doim ko‘rdik, o‘yinlarini kuzatib keldik. Boya aytdim, kuchsiz raqiblar yo‘q. Hammasi hurmatga sazovor. Balki “Al-Sadd” yoki boshqasi nisbatan yanada kuchliroq bo‘lishi mumkin. Ularning orasida “Al-Ahli” bilan o‘ynash qulayroq bo‘lardi. Osiyo Chempionlar ligasidagi vazifamizni bosqichma-bosqich bajarib kelyapmiz.

Odatdagidek, oldimizga maksimal vazifa qo‘yyapmiz. Oldimizda turgan asosiy maqsad yarim finalga chiqish. Asosiy maqsadimiz final yo‘llanmasini qo‘lga kiritish. Ko‘ramiz, nima bo‘larkin, hammasini Alloh biladi. Oldindan biror narsa deyishim qiyin. Yana qaytaraman, bu yerda kuchsiz jamoaning o‘zi yo‘q. Aslida Qatarga kelgan barcha klublarning saviyasi deyarli bir xil edi. Barchasining o‘yinlarini ko‘rgandim.

Ammo ularning orasida birgina “Al-Hilol” ajralib turgandi. Lekin ularga qarshi birinchi uchrashuvda “Paxtakor” ustunlik qildi, deb o‘ylayman. Ikkinchi o‘yinda teng kurash kechdi. Vaholanki, “Al-Hilol”da kuchli legionerlar bor. Mahalliy o‘yinchilari ham Saudiyadagi eng kuchlilari edi. Birinchi uchrashuvda “Al-Hilol”ga nisbatan ustunlikka erishganimiz o‘zimizga bo‘lgan ishonchni ancha orttirdi. Faqat tasodif tufayli yutqazib qo‘ydik. Umuman aytganda, “Paxtakor” bu turnirda hech kimga bo‘sh kelmayapti.

“Arveladzening o‘rni bilinyapti”
- Albatta, Shota Yustinovichning jamoadagi o‘rni bilinadi. Axir u bosh murabbiy. Arveladzeni nafaqat futbolchilar, balki rahbariyat, hamma-hamma hurmat qiladi. Unda covid chiqqan kundan boshlab izolyatsiyaga olingan. Hozir u boshqa mehmonxonada turibdi. Ayni paytda shifokorlarning nazoratida. Bu yoqdan o‘zimizning shifokorimiz ham bosh murabbiyimizni nazorat qilib boryapti. Bunday vaziyatda Arveladze biz bilan mobil aloqa orqali gaplashib turibdi.

Mashg‘ulotlar qanday o‘tyapti, nimalar qilishyapti, qanday uslublar bo‘yicha ishlashyapti, hammasi bosh murabbiy tomonidan tushuntirib borilyapti. Piter Xyuistra bilan Jasur Abduraimov jamoani boshqarishyapti. O‘ylashimcha, futbolchilar ham vaziyatni yaxshi tushunishyapti. Shota bo‘lmasa ham baribir jamoa o‘ynashi kerak-da. Uni barchamiz kutyapmiz. Balki chorak finaldan eson-omon o‘tib olsak, yarim finalda biz bilan birga bo‘lar. Unga faqat sog‘lik tilab qolamiz.

“Futbolchilar g‘alabalar uchun mukofot pullarini to‘liq olishadi”
- Futbolchilar guruhdan chiqa olmasak, beriladigan mukofot pullarini olmaymiz, deyishgan. Aslida ham guruhdan chiqmasdan turib yutgan o‘yinlari uchun mukofot pullarini olish noto‘g‘ri bo‘lardi. Futbolchilar to‘g‘ri bayonot berishdi. Mana, biz guruhdan chiqdik va endi ortda qolgan o‘yinlardagi g‘alabalar uchun mukofot pullarini ham to‘liq olishadi. Umuman, har bir o‘yin uchun rahbariyat tomonidan mukofot pullari qo‘yilgan. Lekin qancha miqdordan mukofot puli olishi rahbariyatga bog‘liq. Bu jamoaning ichki ishi.

“Tashkilotchilar barcha klublarni bitta mehmonxonaga joylashtirgani noto‘g‘ri”
- Osiyo Chempionlar ligasini markazlashtirilgan holda o‘tkazilishini to‘g‘ri, deb hisoblayman. Ko‘ryapsiz, ko‘plab davlatlar chegarasini, aviareyslarini yopgan. Hammaga ham boshqa mamlakatlarga borish muammo tug‘dirardi. Shuning uchun musobaqaning bitta davlatda tashkil etilishi yaxshi. Lekin musobaqa tashkilotchilarining minus tarafiga keladigan bo‘lsak, jamoalarni bitta mehmonxonaga joylashtirmaslik kerak edi. Bu esa virusni yuqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Lekin Xudoga shukrki, jamoamizda bosh murabbiydan boshqa hech kimda covid aniqlangani yo‘q. Baribir hammasi Xudodan.

Chunki “Al-Hilol” alohida mehmonxonada yashagan bo‘lsa ham ularda ko‘plab sovid holatlari chiqdi. Buni turnirning minusi, deb ayta olmayman. Axir butun dunyoda shunday kasallanish bo‘lyapti. Baribir OCHL musobaqasini oxiriga yetkazib qo‘yish kerak edi. Agar kasalni kutaversak, butun futbol to‘xtab qoladi. “Paxtakor” uchun plyusi shu bo‘ldiki, u yerdan, bu yerga uchishlar yo‘q. Hamma bitta joyda, bir xil sharoitda. Faqat boshqa davlatdan boshqasiga parvoz qilish muammosi hal etilgan. Shu bois barcha klublarda sharoit teng bo‘ldi.

“Masharipovni xorijda o‘ynagisi kelyapti”
- Masharipov masalasiga kelsak, klub nomini aniq aytmayman-ku, Qatardan takliflar tushyapti. Ularning ikkita klubidan rasmiy taklif tushgan. O‘zi Jaloliddinga qiziqishlar ko‘p. U Osiyoda kuchli futbolchilardan biri hisoblanadi. Faqat rasmiy maqomdagi takliflar haqida so‘raganingiz uchun rasmiylarini aytyapman. Boshqa o‘yinchilarimizga yaxshi chaqiruvlar bo‘lyapti. O‘zimizning maqsadimiz bor. Osiyo Chempionlar ligasi musobaqasini tugatib olganimizdan keyin shunga qarab ish tutamiz. Biz ham kuchli o‘yinchini qo‘yib yuborishni xohlamaymiz. Masharipov masalasida hozircha bir to‘xtamga kelganimiz yo‘q.

Lekin futbolchimizni ham to‘g‘ri tushunyapmiz. Uni ham xorijda o‘ynagisi kelyapti. Shunga yarasha bu futbolchimizga yaxshi takliflar bor. O‘ylashimcha, OCHL turniridan keyin Jaloliddin bilan o‘tirib gaplashamiz. Unga qiziqayotgan klublar bilan muzokaralar olib borilyapti. Jasur Yaxshiboyev masalasiga kelsak, Belarusga ketganidan beri unga ham takliflar bo‘lib turibdi. Ammo hali bir to‘xtamga kelganimiz yo‘q. Agentlar biz bilan aloqaga chiqib ko‘plab o‘yinchilarimizni so‘rashyapti. Bu musobaqada qancha yaxshi o‘ynasak, shuncha talab kuchli bo‘ladi. Boshida aytganimdek, har bir g‘alaba butun o‘zbek futbolining g‘alabasi. Bu bejiz emas. Chunki o‘yinchilarimizga ham e’tibor kuchayib boraveradi.

Shuhratbek Jo‘rayev

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ja’far Irismetov: "Paxtakor"ga "Al-Ahli" bilan o‘ynash qulayligi, Masharipovning xorijga ketishi, tashkilotchilarning xatosi va boshqa masalalar haqida