19:00 / 29.09.2020
1 881

Piter Xyuistra: "Jismoniy tayyorgarlikni yaxshilash uchun 3 bosqichda ishladik"

Piter Xyuistra: "Jismoniy tayyorgarlikni yaxshilash uchun 3 bosqichda ishladik"
Foto: Championat.asia
Ertaga, 30 sentabr kuni OCHL G‘arb mintaqasida chorak final bellashuvlari bo‘lib o‘tadi. Bugun o‘yindan oldingi matbuot anjumanlari bo‘lib o‘tdi. Unda "Paxtakor" yordamchi murabbiyi Piter Xyuistraga jamoa sardori Yegor Krimes hamrohlik qildi.

P.Xyuistra: - Barchaga xayrli kun! Bizni juda ham keskin o‘yin kutmoqda deyish mumkin. Biz eng yaxshi 4 klub orasidamiz, "Persepolis" juda kuchli raqib. Shunga qaramasdan o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik va g‘alaba qozonishimizga ishonamiz, maqsadimiz ham shu.

Ye.Krimes: - Ertaga biz uchun juda muhim uchrashuv bo‘ladi. "Paxtakor" Chempionlar ligasida anchadan beri bu bosqichga yetib kelmagandi. Bizda yaxshi jamoa bor, g‘alaba uchun borimizni beramiz. Hozir finalgacha yetib borish va musobaqada g‘olib bo‘lish uchun yaxshi imkoniyat yuzaga keldi va biz undan foydalanmoqchimiz. Bu ishni keyingi mavsumga qoldirib, yana bir yil kutmoqchi emasmiz.

- "Persepolis" ham, "Paxtakor" ham kam gol o‘tkazib yubordi. Ertaga nisbatan yopiq o‘yin ko‘rishimiz mumkinmi?
P.Xyuistra:
- Shunday bo‘lishi ham mumkin. Hammasi o‘yinning qanday boshlanishidan kelib chiqadi, uchrashuvning ahamiyati yuqori. Startda futbolchilar o‘zlarini qanday tutishlariga ko‘p narsa bog‘liq. Qanday himoyalanish yoki vaziyatlarni ko‘ra olish kabi kichik detallar ham natijaga ta’sir qilishi mumkin. Hammasini ertaga ko‘ramiz.

- Dohada jamoa jarima zarbasidan ikkita gol o‘tkazib yubordi. "Persepolis" esa standartlardan juda yaxshi foydalanishi bilan mashhur. Sizlar o‘yinga ko‘proq konsentratsiya bilan chiqish va jarima maydoni yaqinida qo‘pollik ishlatmaslik ustida ishladinglarmi?
Ye.Krimes:
- Albatta, bunday gollarni o‘tkazib yuborish alamli. Murabbiylar shtabi bu borada ma’lum ishlarni amalga oshirishdi. Ular bizga shunday vaziyatlardagi xatolarimizni ko‘rsatib berishdi. Umid qilaman, keyingi o‘yinlarda hammasi joyida bo‘ladi.

- "Paxtakor" 4 uchrashuvda o‘yindan gol o‘tkazmadi. Bu ertaga yopiq o‘yin bo‘lishi mumkinligiga ishora beradimi?
P.Xyuistra:
- Ha, shunday bo‘lishi ham mumkin. Bu bir o‘yindan iborat juda ham muhim uchrashuv. Unda sen barchasini to‘g‘ri qilishing kerak, to‘pga tayyor bo‘lishing va yutishga urinishing kerak. Shu sabab futbolchilarning maydonda ochiq joylarni ko‘ra olishi, qarorlarni to‘g‘ri qabul qila olishi ko‘p narsani hal qiladi. Bu bahsni yutishga urinish kerak, boshqa yo‘l ham yo‘q. Bu chorak final va unda har bir klub yo‘lini davom ettirishni istaydi.

- Anzur Ismoilov bilan bir-biringlarni juda yaxshi tushunib o‘ynayapsizlar, markaziy himoya o‘zaro tushunish evaziga stabil ko‘rinmoqda. Bunga nimaning evaziga erishildi?
Ye.Krimes:
- Biz Anzur bilan ancha yillardan beri terma jamoada ham o‘ynaganmiz. Darhaqiqat, bir-birimizni yaxshi tushunamiz, o‘zaro bog‘liqligimiz a’lo darajada. Kerak paytda yarimta gap bilan bir-birimizni maydonda "straxovka" qila olamiz. Bu oldindagi katta o‘yinlarda muhim. To‘rtta eng yaxshi klub qolganda nafaqat himoyadagilarning, balki hujumdagilarning ham bir-birini yaxshi tushunishi muhim sanaladi.

- "Paxtakor" 2003 va 2004 yillarda yarim finalda o‘ynagan, "Persepolis" esa 2018 yil OCHLda finalga chiqqan. Demak, yaqin oradagi ishtirok borasida forslarda tajriba yuqoriroq. "Paxtakor"ning yaqin orada bunday katta o‘yinlarda qatnashmagani bosim o‘tkazadimi?
P.Xyuistra:
- Bu jihat ertaga kimgadir ustunlik beradi deb o‘ylamayman. Bu muhim bellashuv, bizning jamoa tarkibida terma jamoada o‘ynagan 11-12 nafar o‘yinchi bor, ular Jahon chempionatlari saralashlarida va umuman katta bosimdagi o‘yinlarda ishtirok etishgan. Bu borada tajribaga egalar. Futbolchilarimiz ulardan nima talab qilayotganimizni yaxshi bilishadi va o‘yin davomida vaziyatni o‘zgartirish uchun qanday harakatlanishni bilishadi. Shu sabab "Persepolis"da ustunlik bor deb o‘ylamayman. Ertaga VAR dan foydalaniladi, bu ham qiziqarli tajriba bo‘ladi deb o‘ylayman. Futbolchilar uchun ham, hakamlar uchun ham bu narsa qiziq bo‘ladi.

- "Persepolis" murabbiyi matbuot anjumanida futbolchilari biroz charchaganini aytib o‘tdi. Sizning jamoangiz esa "Istiqlol" bilan o‘yinda jismonan juda yaxshi harakat qildi, yanada o‘sgandek ko‘rindi. Bunga qanday erishdinglar va bu sizga ustunlik berishi mumkinmi?
P.Xyuistra:
- Bu kabi turnirlarda har 3 kunda o‘yin o‘tkazganda futbolchilarda charchoq bo‘lishi tabiiy. Kimdir qo‘shimcha bo‘limlarda ishtirok etadi, kimdir qiyin o‘yinlarni o‘tkazadi. Bu bo‘lishi tabiiy hol, futbolchilarni organizmida ham o‘zgarishlar yuzaga keladi charchoq sabab. Muhimi esa bundan chiqib keta olish zarur. Bu holatlarda o‘yinchilar qo‘shimcha imkoniyatlarini ham ishga solishlari kerak bo‘ladi. Biz ham jiddiy muammolarga duch keldik. Pandemik vaziyat sabab uchta bosqichdan iborat jismoniy tayyorgarlik ustida ishlashimizga to‘g‘ri keldi. Ularni tetikroq qilishga urindik va ular hozir yaxshi holatda deb aytishim mumkin. Ertaga bu borada yanada yaxshiroq bo‘lishga intilamiz.

Tolibjon Qosimov
Doha, Qatar

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Piter Xyuistra: "Jismoniy tayyorgarlikni yaxshilash uchun 3 bosqichda ishladik"