20:43 / 29.09.2020
1 114

"Persepolis" murabbiyi Yahyo Gulmuhammadi: "Paxtakor ham jismonan, ham taktik tomondan kuchli"

"Persepolis" murabbiyi Yahyo Gulmuhammadi: "Paxtakor ham jismonan, ham taktik tomondan kuchli"
Chorak finalda "Paxtakor" Eronning yana bir klubi "Persepolis"ga qarshi bahs olib boradi. Bugun o‘yindan oldin matbuot anjumani tashkil etildi. Matbuot anjumanida "Persepolis" bosh murabbiyi Yahyo Gulmuhammadi va jamoaning №2-raqamli futbolchisi Omid Alishah ishtirok etdi.

Yahyo Gulmuhammadi: - Barchangizni matbuot anjumanida ko‘rib turganimdan xursandman. Ertaga Osiyo chempionlar ligasining chorak final bahslari bo‘lib o‘tadi va mening jamoam ham o‘yinga tayyor deya olaman. Bizda ishtiyoq kuchli, har bir g‘alabadan so‘ng futbolchilarimiz yanada ko‘prog‘ini xohlashmoqda. "Paxtakor"ga qarshi bahs qizg‘in kechishiga shubham yo‘q, umuman musobaqadagi har bir o‘yin o‘ziga yarasha shiddatli o‘tmoqda. 1/8 finalda "Al Sadd"ni mag‘lub etdik va ko‘p kuch yo‘qotdik. Biz Osiyoning eng jamoalaridan birini musobaqadan chiqarib yubordik. Shunga qaramay jamoamiz jismoniy jihatdan ertangi bellashuvga tayyor. Endi keyingi o‘yinda g‘alaba qozonib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga harakat qilamiz.

Omid Alishah: - Bosh murabbiyimiz aytib o‘tganidek, har bir bahsni og‘ir o‘tkazyapmiz. Guruhdan chiqishni uddalab nimchorak finaldan ham o‘tdik. Ertaga har ikki jamoani qiziq to‘qnashuv kutib turibdi. Bor kuchimizni ishga solgan holda g‘olib bo‘lishga harakat qilamiz. "Persepolis" muxlislari bizdan ko‘p narsa kutishyapti. Buni juda yaxshi his qilib turibmiz.

- Dohaga kelmasdan oldin jamoangiz hisobida faqat bir ochko bor edi. Bu yerga kelgach 10 ochko to‘plab guruhdan chiqishni uddaladingiz. "Persepolis" faqat "Al Sharja" darvozasiga 4ta gol urganini hisobga olmasa, qolgan o‘yinlarda 1tadan gol urib kelyapti. Jamoangizda ko‘proq gol urish bo‘yicha muammolar bor deb o‘ylaysizmi?
- Futbolda natija hammasidan ustun turishini barchamiz yaxshi bilamiz. Siz ko‘p gol urish bilan birga ko‘p o‘tkazib yuborishingiz ham mumkin. Lekin biz Dohaga kelgandan beri beshta o‘yinda maydonga tushib, o‘z darvozamizdan faqat bir bor to‘p olib chiqdik. Bu esa himoyamiz yaxshi ekanligini anglatyapti. Kam gol urishimizga kelsak, endi bu - futbol, muhimi har o‘yinda vaziyatlar bo‘lyapti.

- "Paxtakor" murabbiyi Piter Xyuistra o‘z jamoasi musobaqadagi jismoniy jihatdan eng kuchli klub ekanini aytib o‘tdi. Siz bu fikrga qanday qaraysiz?
- Zamonaviy futbolda jismonan kuchli bo‘lish yaxshi, lekin futbolchilarga zarur bo‘ladigan ishtiyoq va g‘alabaga xohish kabi narsalarni ham unutmaylik. Tan olish kerak, "Paxtakor" nafaqat jismoniy, balki taktik tomonlama ham kuchli. Ammo biz ham ojiz emasmiz. Jamoamizdagi barcha ertangi o‘yin naqadar muhimligini tushunib turibdi.

- OCHLda g‘olib bo‘lishni maqsad qilyapsizmi?
- Maqsad o‘yindan o‘yinga ortib boraveradi. Dastlab guruhdan chiqishni maqsad qilgandik, bu amalga oshgach 1/8 finaldan o‘tishni niyat qildik. Mana endi chorak final ostonasida turibmiz va yarim final haqida o‘ylayapmiz. "Persepolis" 2018 yil finalda ishtirok etgandi. Albatta, bu yil ham finalga chiqishga urinib ko‘ramiz. Ammo biz kabi boshqalar ham final sari harakat qilishini unutmaylik.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)