14:38 / 01.10.2020
2 630

Botir Jukembayev Shohjahon Ergashevni mag‘lub eta olarmidi? Qozoq bokschisi murabbiyining javobi

Botir Jukembayev Shohjahon Ergashevni mag‘lub eta olarmidi? Qozoq bokschisi murabbiyining javobi
Ikki yengilmas bokschilar Shohjahon Ergashev va qozog‘istonlik Botir Jukembayev to‘qnashuvi bo‘yicha muzokaralar olib borilgan va Jukembayev jangni rad etgani haqida xabar bergan edik. Bu borada batafsil ma’lumot olish uchun Qozog‘istonning vesti.kz sayti Jukembayevning murabbiyi "Bupas" nomi bilan tanilgan Andrey Ivichuk bilan intervyu tashkil etdi. Quyida ushbu suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.

- Andrey, Ergashev va Jukembayev o‘rtasidagi jang bo‘yicha muzokaralar qanday kelib chiqqanini aytib bersangiz?
- Bu jang taklif qilinganida juda mamnun bo‘ldik. Chunki bu to‘qnashuv Botirga reytingda yuqorilashi va jahon chempionlik kamari uchun ringga ko‘tarilishga o‘ziga xos imkoniyat yaratardi. Boshqa tomondan esa Amerika Qo‘shma Shtatlariga viza olish masalalari ham bor edi. Bizda viza yo‘q. Men elchixonadagi tanishlarim bilan gaplashib ko‘rdim. Hozirda Rossiyaning biron joyidan AQSHga vizani hal qilishning imkoni yo‘qligini aytishdi. Viza olish uchun uzoq vaqt kerak bo‘lardi.

O‘zim Belarus fuqarosiman va bu vaziyatda men o‘z vatanimga qaytib ketishim, Botir esa mashg‘ulot jarayonini tashlab, Qozog‘istonga ketishi kerak bo‘ldi. Har qanday vaziyatda ham holat biz uchun omadli bo‘lmasdi. Bizga 19 noyabrda AQSHda jang o‘tkazish taklifi berildi. Ergashev oddiy raqib emas va bu jang yaxshi tayyorgarlikni talab etardi. Bunday holatda kafolatlanmagan viza uchun Rossiyadan o‘z vatanimizga qaytib ketish biz uchun tavakkal jarayon edi.

- Ergashev ham 21 sentabrda jang o‘tkazishi kerak edi. O‘z janging yaqin bo‘la turib, boshqa bahs uchun muzokaraga kirishish qanchalik to‘g‘ri deb o‘ylaysiz?
- Mening ishonchim komilki, Ergashev jang bo‘yicha Jukembayev bilan muzokara bo‘layotganidan xabari bo‘lmagan. Chunki Kamil Estefan bizga birinchi bo‘lib jangni taklif qildi. Barchasi muhokama jarayonida edi. Botirning javobidan kelib chiqib, undan so‘ng Ergashev tomoni bilan muzokaralar boshlash reja qilingandi. Botir jangni rad etgani yo‘q. U viza muammosi va vaqt kamligini tushuntirmoqchi bo‘lgandi.

- Demak, Jukembayevning promouteri Kamil Estefanning intervyusidagi gaplari to‘la vaziyatni ochib bermaganmidi?
- Men promouterlar bilan ko‘p yillardan beri ishlab kelyapman va bu borada tajribam bor. Bokschi taklif qilingan shartlarga rozi bo‘lmaganda, ular xafa bo‘ladi. O‘ylaymanki, bu tushunmovchilikka til bilan bo‘lgan muammo ham sabab bo‘ldi. Botir Kamil bilan bevosita, tarjimonsiz muloqot qilgan va uning ingliz va fransuz tillarini yaxshi bilmasligini yodda tutish kerak. Ikkalasi ham hissiyotga berilgan, deb o‘ylayman va vaziyat biroz keskinlashdi.

Umid qilamanki, hamma narsa o‘z joyiga tushadi va ular o‘zaro bir qarorga kelishadi. Botir butun faoliyatini Kanadada o‘tkazdi va ko‘p yutuqlarga erishdi. “Eye Of Tiger Management” o‘z bokschilarining qadrini biladi. Komil Estefan Botir uchun katta janglarni va’da qildi. Bu yil may oyida AQSHda “Golden Boy”tashkil qilgan kechada jang qilishi kerak edi, ammo pandemiya bu rejalarni buzdi.Endi, yetti oylik tanaffusdan so‘ng Jukembayevga yaxshi oraliq jang kerak.

- Ammo promouter Komil Estefan hattoki murabbiy Andrey “Bupas” ham Botirni uch kun ko‘ndirishga harakat qilganini aytgandi?
- Botir jang qilishdan bosh tortmadi. Uni keyinroqqa qoldirishini va hozir unga oraliq jang berishni iltimos qildi. Shu bilan birga viza holati va qat’iy muddatlarni ham inobatga olish kerak .Botir darajasidagi bokschi uchun faoliyatining ushbu bosqichida hech qanday xatoga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Mashg‘ulot jarayonida bokschiga bunday tezkor taklif va muddat bo‘lsa, yaxshi tayyorgarlik ko‘rish uchun imkon bo‘lmaydi. Botirning har bir qadami mutanosib va ​​o‘ylangan bo‘lishi kerak. Chunki u endi 20 yoshli yigit emas, yuqori divizion bokschisi!

- Siz avval Ergashev bilan ishlagansiz, endi Jukembayev bilan mashq qilyapsiz. Sizning shaxsiy fikringiz - bu qarama-qarshilikning natijasi qanday bo‘lardi?
- Botir Shohjahonni mag‘lub etishiga yuz foiz aminman. Botir ko‘proq qirrali va aqlli bokschi. U juda intizomli, hamma narsani diqqat bilan tinglaydi va jang rejasini amalda yaxshi bajaradi. Men bu jangni yaqin kelajakda bo‘lishini juda xohlayman. Chunki men har bir raund uchun Ergashev bilan qanday harakat qilishni va unga qarshi jang rejasini tuzishni bilaman.

- Ergashevga murabbiy sifatida qanday baho berasiz yoxud u qay tarzdagi bokschi?
- Uning zarbasi yaxshi, ikki qo‘li bilan birdek kuchli zarba yo‘llaydi. U birdan hujumga o‘tadi va o‘z maqsadiga yetadi. Qolaversa, Ergashevning faoliyatida unga hali nimadir bilan qarshilik ko‘rsatadigan jiddiy raqiblar bo‘lmagan. Barchasi nokautchi ekanidan qo‘rqib jangga chiqishgan edi.

- Jukembayev va Ergashev o‘rtasidagi jangni qachon tashkil qilish mumkin deb o‘ylaysiz?
- Botir oraliq raqib bilan sinovdan o‘tishi kerak. Shundan keyingina ushbu jang haqida gapirish o‘rinli bo‘ladi! AQSHda bo‘lmasa ham, bu ikki bokschi o‘rtasidagi jang, MDH mamlakatlarida dekabr oyida o‘tkazilishi mumkin. Har ikkisi ham o‘z mamlakatlarida juda ko‘p muxlislariga ega. Menimcha, bu qarama-qarshilik titul uchun bo‘lishi kerak. Buning uchun promouterlar ham ko‘proq harakat qilishlari kerak bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Botir Jukembayev Shohjahon Ergashevni mag‘lub eta olarmidi? Qozoq bokschisi murabbiyining javobi