17:55 / 08.10.2020
2 374

Shomurodov – «Jenoa» uchun ideal hujumchi. Uni Italiyada nima kutmoqda?

Shomurodov – «Jenoa» uchun ideal hujumchi. Uni Italiyada nima kutmoqda?
Eldor Shomurodovning Italiya A Seriyasiga yo‘l olgani o‘zbekistonlik muxlislar uchun katta xursandchilik bilan kutib olindi. Axir har kuni ham o‘zbekistonlik futbolchi uchun «kuchli beshlik» jamoasi katta pul to‘layvermadi-ku.

To‘g‘ri, Ilyos Zeytullayev «kuchli beshlik»da o‘ynagan ilk o‘zbekistonlik bo‘lgandi, biroq ikki futbolchining Italiyaga yo‘l olishi farqlicha kechdi. Zeytullayev yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zini ko‘rsatib, yosh va umidli futbolchi sifatida «Yuventus» nazariga tushgandi. Turin klubi safida faqat kubok bahslarida maydonga tushgan Ilyos uchun keyinchalik Italiya quyi ligalari bo‘ylab sayohatlar boshlandi. Orada u A Seriyada bir necha o‘yin o‘tkazishga ham ulgurdi.

Eldor Shomurodov esa Italiyaga butunlay boshqacha holatda bormoqda. U Yevropada kuchli ligalardan biri sanaladigan RPLda o‘zini ko‘rsatdi va u uchun Italiya klubi 7,5 million yevro pul to‘ladi. «Jenoa» Mario Balotelli yoki Eldor Shomurodovdan birini tanlashi kerak bo‘lgan holda o‘zbekistonlik futbolchini afzal ko‘rdi.

Birinchidan, Balotelli bir necha barobar ko‘proq maosh talab qilishi aniq edi. Bundan tashqari, Eldor undan 5 yosh kichikroq va katta chempionatda o‘ynash o‘tida yonib turibdi. Balotelli uchun «Jenoa»ga o‘tish faoliyatidagi oddiy bir o‘zgarish bo‘lardi, ammo Shomurodov uchun bu katta voqea. Shomurodov Italiyaga ketgani o‘zbek futboli uchun ham ko‘p narsani anglatishini sezib turibdi. O‘zbekistonlik muxlislar «kuchli beshlik»da futbolchimiz bo‘lishini anchadan buyon orzu qilishadi. Nihoyat, o‘zbek futbolchisi ham katta chempionatda o‘ynaydi. Uni shunchaki olib ketishmadi, transfer uchun katta pul to‘lashdi. Bu bir jihatdan Shomurodovga katta mas’uliyat yuklasa, bir jihatdan o‘xshashi yo‘q ilhom taqdim etadi.

Bu transfer rus futboli uchun ham yaxshi yangilik sifatida qabul qilindi. Axir Eldor ruslar uchun ham o‘z futbolchisidek bo‘lib qolgandi. Anton Miranchuk kabi Eldorning ham Italiyaga ketishi rossiyaliklarda A Seriyaga bo‘lgan qiziqishni oshirdi.

Rossiya matbuoti ham Shomurodovning Italiyaga yo‘l olganini iliq kutib oldi va u haqda turli xil maqolalar e’lon qilinmoqda. Sports.ru jurnalisti Andrey Kleshenok Eldorni Italiyada nima kutayotgani haqida maqola yozdi. Quyida ushbu tahlil aynan keltiriladi.

Bu Rossiya uchun ham muhim
Birinchi aytishimiz kerak bo‘lgan narsa shuki, bu transfer nafaqat O‘zbekiston uchun, balki Rossiya uchun ham muhim bo‘ldi. «Jenoa» 10 yildan buyon biror futbolchi uchun buncha pul sarflagani yo‘q. Genuyaliklar arzonroqqa futbolchi olish yoki boshqa klub bilan futbolchi almashtirishni ma’qul ko‘rishadi. Klub tarixida Eldordan qimmatroq birgina legioner hujumchi bo‘lgan – Diyego Milito (Ha, keyinchalik «Inter» bilan YECHLni yutgan va final qahramoni bo‘lgan argentinalik to‘purar).

Shomurodov «Jenoa»ning so‘nggi yillardagi eng asosiy transferi. Gazetta dello Sport u Kshishtof Pyontekning muvaffaqiyatini takrorlashi mumkinligini aytishmoqda. Qanchalik ajablanarli bo‘lmasin, Eldorning transferi Pyonteknikidan ikki baravar qimmatroqqa tushdi. Eldorni Italiyada nima kutishi mumkinligini tahlil qilib ko‘ramiz.

«Jenoa» himoyadan o‘ynaydi, hujumchilar o‘z darvozasi yaqinigacha himoyalanishga majbur
«Jenoa» bosh murabbiyi Rolando Maran «Raqib burchak zarbasini amalga oshirayotgan vaqtda himoyalanish» mavzusida diplom ishi yoqlagan. Bu esa uning qanday murabbiy ekanini ko‘rsatadi. Ha, Maran tartibli va minimalizatsiyaga asoslangan futbol ko‘rsatadi.

Rolando Maran/globallookpress.com
Maran jamoasining o‘yinini juda ham jumboqli qilib yubormaydi, ammo u o‘yinni shunchalik oddiy yo‘lga qo‘yadiki, mexanizm avtomatik tarzda ishlab ketaveradi. U himoyadan o‘ynaydi va tayanch yarimhimoyachisi himoyaga yaqinroq o‘ynashini ma’qul ko‘radi. Hujumga kelganda esa u bo‘shliqlar topib, o‘sha yerlar orqali hujum qilishni xush ko‘radi. Ya’ni, qarshi hujumni.

Uning o‘yin uslubi «Kataniya», «Kevo», «Kalyari» va endi «Jenoa»da ham bir xil. U 8 yildan buyon A Seriyada ishlaydi. Bu vaqt davomida 6 xil taktik sxemadan foydalangan va yaxshi yangiliklar qila olgan, biroq uslubi saqlanib qolgan.

Maranning jamoalaridagi hujumchilarga qiyin. Uning taktikasida hujumchi asosiy rolni o‘ynaydi. U odatda ikki hujumchi bilan o‘ynaydi va ular har qanday pressingda qatnashadi. «Jenoa» ikki xil uslubda himoyadan chiqadi. Birinchi holatda raqib unchalik bosim qilmasa, jamoa pastdan tezkor uzatmalar orqali hujumga o‘tadi. Bunday holatda ikkinchi hujumchi juda muhim, u chiziqlar orasida ochilib to‘pni saqlab qolishi va hujumni davom ettirishi kerak. Agar raqib himoyachilari bosim qilsa, «Jenoa» odatda uzun paslar orqali himoyadan chiqadi.

Yuqorida «Jenoa» bo‘shliqlar orqali hujum qilishni yoqtirishini aytdik, ammo raqib yopilsa, «Jenoa» haddan tashqari ehtiyotkorlik bilan hujum qiladi. Hujumning yakuniy qismida minimum miqdorda futbolchilar qatnashadi. Maran jamoasi maydonning raqib tomonidayoq himoyalanishni boshlashini xohlaydi. U pressing qanchalik olisda boshlansa, raqib hujumi darvoza yaqiniga kelguncha shunchalik kuchsizlanishini e’tiborga oladi.

«Jenoa»da qanotlar orqali ochilish taktikasi ham bor. Bunday holatda ikki qanotda markazga amalga oshiriladigan krosslar soni ko‘p bo‘ladi. Shomurodovning bosh bilan yaxshi o‘ynashi esa bunday paslar vaqtida ayni muddao bo‘ladi.

To‘pni yo‘qotgach, «Jenoa» 5-3-2 sxemasiga o‘tadi. Himoyaning qanchalik chuqur bo‘lishi raqib hujumi tempiga bog‘liq. Katta jamoalar bilan o‘yinlarda jamoa hujumchilari chinakamiga himoyaning birinchi qavati vakillariga aylanib, darvozadan taxminan 40 metr uzoqlikda pressingga kirishadi. Standart vaziyatlar vaqtida ham hujumchilar o‘z darvozalari yaqiniga kelishadi. Ba’zan, jarima maydonchasiga barcha maydon o‘yinchilari qaytadi. Axir murabbiyning diplom ishi mavzusini eslang. Kuchsizroq jamoalarga qarshi esa «Jenoa» ochiqroq futbol ko‘rsatadi: yengilroq pressing qilib, kamroq yopiladi.

Shomurodovdan maydonda juda ko‘p mehnat qilishini kutishmoqda. «Jenoa» Italiyada eng kuchsiz tarkibga ega desak ham bo‘ladi. To‘g‘ri, nomlarga qarasak, tarkib yomon emas: Krishito va Pandev hamon yaxshi formada, ular o‘tgan mavsumda birgalikda 17ta gol urishdi, Sapata ligadagi hujumchilarni individual qo‘riqlashda eng ustasi faranglardan, Dzappakosta yaqingacha «Chelsi»da o‘ynardi, Shyone «Ayaks» bilan YECHLda porladi, Perin ajoyib reaksiyali darvozabon... Biroq bir narsani unutmaslik kerak, bu yigitlarning faoliyatining eng yaxshi davrlari allaqachon o‘tib bo‘lgan.

Jarohatlar jamoaga qimmatga tushishi mumkin, chunki zaxira unchalik kuchli emas. O‘tgan mavsumda genuyaliklar oxirgi turdagina ligada qolish vazifasini uddalashdi va bu mavsumda ham maqsad ligada qolish ekanini yashirishmayapti.

Umuman olganda, Maranning futboli bu o‘yindan rohatlanadiganlarga unchalik xush kelmaydi. Bu yerda ishlash kerak. Hujumchilarning vazifasi aniq belgilab qo‘yilgan. Bir hujumchi ochilayotgan vaqtda ikkinchi hujumchi yoki unga bo‘sh joy yaratib berayotgan bo‘lishi yoki himoyachilarga bosim o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Pozitsion hujum vaqtida to‘qqizlik hujumchi (katta ehtimol bilan Eldor) raqib himoyachilari bilan bir chiziqda o‘ynab, bo‘sh joy qidiradi, ikkinchi hujumchi esa to‘p oshirishlarda ishtirok etadi.

Lapresse/Tano Pecoraro/imagephotoagency.it
Shomurodov har ikki holatda ham o‘ynab keta oladi, ammo unga to‘qqizlik hujumchi sifatida e’tibor qilishmoqda. U uzoq masofaga amalga oshirilgan to‘p uzatishlariga umid qilishi, himoyachilarga bosim qilishi va juda-juda ko‘p yugurishi kerak bo‘ladi. Uning samaradorligi krosslarga ham bog‘liq: «Jenoa»ning hujumlari 81 foiz holatda qanotda rivojlanadi. Bu A Seriyadagi eng yuqori ko‘rsatkich.

«Jenoa»da 8 nafar hujumchi bor, lekin chinakam raqobatchi bitta. Shomurodovda imkon bo‘ladi
Hozir «Jenoa»da 8 nafar hujumchi bor. Ro‘yxatdagilarning yarmi ijarada. Asosiy tarkibdagi ikki o‘rin uchun quyidagi futbolchilar kurash olish boradi: Marko Pyatsa, Mattia Destro, Goran Pandev, Janluka Skamakka va Eldor Shomurodov.

Nomlarga qaralsa, «Rostov»ning sobiq hujumchisi markaziy figura ekani ko‘rinadi. Pyatsa va Destro bir vaqtlar porlashi kutilgan sobiq yulduzlar, Skamakka futbolga Pandev «Inter» bilan YECHLni yutgan vaqtda kirib kelgan – u 21 yoshda. «Sassuolo»dan ijaraga olingan Skamakka favqulodda holatlardagina asosiy tarkibda tushishi mumkin. Goran Pandev – 37 yoshda. Eldor bu ro‘yxatda yaqqol ajralib turadi. U jamoadagi eng yaxshi holatida bo‘lib turgan va salohiyati bor yagona hujumchi. Uning atrofida jamoa qurish mumkin.

Yo‘q, loyiha degan so‘zdan ajablanmang, Maran bu haqda shunday degandi: «Prezident ortiq maydondagi voqealardan qiynalishni xohlamaydi. U birinchi mavsumda ligadan tushib ketmaslikni so‘radi, ikkinchisida esa jamoa qurishni. U jamoaning o‘ziga xos uslubi bo‘lishini xohlaydi. Menga individual yorqin harakatlar bo‘lgan va Genuya mentalitetini ko‘rsata oladigan jamoa kerak».

«Jenoa»ning ligada qolish imkoniyatlari yomon emas. Chunki Maran raqobatchi murabbiylar bilan solishtirganda kuchliroq. U buni birinchi turda «Krotone»ni 4:1 hisobida yengib isbotladi. To‘g‘ri, keyinchalik 2-turda «Napoli»ga 0:6 hisobida yengildi ham. «Jenoa» A Seriyada ikkita o‘yindan keyin 11-o‘rinda bormoqda.

Eldorning ustunligi taktik o‘yinda yaxshi qatnasha olishi bilan cheklanmaydi. U Maranga ko‘p jihatdan mos keladigan hujumchi. Quyida nega bunday ekanini tushuntirishga harakat qilamiz.

Janluka Skamakka Italiya yoshlar jamoasi to‘purari. Qariyb ikki metrli futbolchi o‘ng oyoqda juda kuchli zarba yo‘llay oladi. Uni hujum markaziga qo‘ysa, faqat «simyog‘och» vazifasini bajarishi mumkin. Bu esa «Jenoa»ga unchalik mos kelmaydi.

Lapresse/Tano Pecoraro/imagephotoagency.it
Maran hujumchilariga aniq vazifa belgilab qo‘ygan. Ulardan biri orqaroqqa qaytganda, ikkinchi hujumchi ofsayd liniyasida ochilib, bo‘shliqda vaziyat qidirishi kerak. Bu Skamakka uchun unchalik mos kelmaydi. U qarshi hujumga moslashgan futbolchi emas. Chunki og‘ir vaznli bu futbolchi tezlik bilan oldinga o‘tishi qiyin. Pandev esa hujumda haddan tashqari faol bo‘lish keksalik qiladi.

Marko Pyatsa – asosan qanotda o‘ynaydigan vinger. U to‘rt yil oldin yaxshi ochilayotgan va kelajakda monstrga aylanishi kutilgandi. Biroq ikkita jiddiy jarohat uni haddan tashqari ehtiyotkor qilib qo‘ydi. U hatto «Jenoa»da asosiy tarkibda emas. U darvozaga teskari qarab o‘ynaganda yo‘qolib qoladi, chunki bunday o‘yinga o‘rganmagan. Shu sababli asosiy tarkibda tushmaydi. U Pandevning o‘rinbosari, lekin to‘qqizlik uchun faqatgina uchinchi variant.

Shomurodovning asosiy raqobatchisi 29 yoshli Mattia Destro. Italiya milliy jamoasida 8ta o‘yinda maydonga tushgan Verining sobiq izdoshi haqida 6 yil avval jurnalist Daniele Manusiya aytish mumkin bo‘lgan barcha gapni aytgan: «Destro Veridan keyingi eng yaxshi italiyalik hujumchi bo‘lishi mumkin. U keyingi 10 yillikda dunyoda ham tengsiz bo‘lishi mumkin. Lekin u darvoza oldida «yotib olib», o‘yindan keyin kiyinish xonasida nechta gol urganini maqtanadigan yigitga o‘xshaydi».

Destro Shomurodovchalik chaqqon emas, bo‘yi ham undan pastroq. Ammo u jarima maydonchasida juda yaxshi o‘ynaydi va Pandevni zo‘r tushunadi. Sinisha Mixaylovich Destro har safar yaxshi formaga chiqqanda jarohat olishini aytgandi. U hatto gol nishonlayotib ham jarohat olgan. Eldor mavsum davomida «Jenoa»da yagona sog‘lom to‘qqizlik hujumchi bo‘lib qolishi ham mumkin.

RIA Novosti/Sergey Pivovarov
Darvoqe...
Rolando Maran A Seriyada 8 yildan buyon ishlayotgan bo‘lsa, faqat ikki marta uning hujumchilari 12tadan ko‘p gol urgan. Birinchisi Gonsalo Berxessio. U aslo bir joyda turmaydigan va tez-tez bo‘shliqda yolg‘iz qolib ketadigan hujumchi edi. Ikkinchisi Leonardo Pavoletti. To‘g‘risi, u bosh bilan o‘ynashdan boshqa hech narsani bilmasdi, ammo bu ishni juda yaxshi uddalardi.

Shomurodov Maran yoqtiradigan ikki xil obrazni birlashtiradi: harakatchan, tezkor, bo‘yi baland, bo‘shliqda yaxshi o‘ynay oladi va ikkinchi qavatda xavfli. U «Jenoa» uchun ideal hujumchi. Shomurodovda albatta, imkoniyat bo‘ladi. Qolgani uning A Seriyaga moslashishi va imkoniyatlardan foydalanishiga bog‘liq.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov – «Jenoa» uchun ideal hujumchi. Uni Italiyada nima kutmoqda?