21:17 / 08.10.2020
1 420

Dragan Skochich: "O‘zbekiston ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi"

Dragan Skochich: "O‘zbekiston ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi"
Bugun bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston - Eron o‘rtoqlik uchrashuvidan keyin matbuot anjumani tashkil etildi.
Bunda ishtirok etgan eronliklar bosh murabbiyi Dragan Skochichning fikrlari quyidagicha bo‘ldi.

- Birinchi navbatda har ikki mamlakat futbol federatsiyalariga hozirgi qiyin vaziyatda ushbu o‘yinni tashkil etib berishgani uchun rahmat aytaman. Bugungi o‘yinga futbolchilarimizni yig‘ish oson bo‘lmadi. Albatta, mahalliy o‘yinchilar bilan bu borada muammo bo‘lgani yo‘q, ammo Yevropadan bir amallab yetib kelgan futbolchilarga ham rahmat aytmoqchiman.

- Bizda ushbu uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish uchun juda qisqa vaqt bo‘ldi: jamoa bilan atigi 2 bor uchrashib bitta mashg‘ulot o‘tkazdim. Birinchi taymda ikki xil taktikada o‘ynashimizga to‘g‘ri keldi, kuchli va kuchsiz tomonlarimizni ko‘rib oldik. Ikkinchi bo‘limda o‘yinimizni o‘zgartirdik, 6 nafar futbolchi zaxiradan maydonga tushdi. Men yigitlardan chiroyli o‘yin kutgandim va shunday bo‘ldi ham. G‘alabadan xursandman. O‘zbekiston terma jamoasi ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi, bizga ko‘p bosim keltirdi.

- Bilamiziki, Eron terma jamoasi azaldan himoyada yaxshi o‘yin ko‘rsatib kelgan. Bugungi bahsda jamoangizning himoya chizig‘i haqida nima deya olasiz?
- Avvalo shuni aytishim kerak, biz himoyaviy o‘yin ko‘rsatmadik. Jamoam imkon qadar hujum uyushtirdi. Chunki bir nechta vaziyatlarni yuzaga keltirdik. Shuningdek, raqib ham yaxshi o‘ynaganni aytib o‘tishim kerak. Lekin o‘yinimizni himoyaviy deya olmayman. E’tibor bering, 4-1-4-1 taktikasi bo‘yicha harakat qildik, bu hujumkor uslub degani. Qanotlardan ham ko‘p hujum uyushtirdik. Men odatda jamoam gol urishi uchun qulay taktikani belgilayman. O‘rtoqlik o‘yinlarida shuni sinab ko‘rmasangiz qachon sinaysiz. Rasmiy o‘yinlarda 4-2-3-1 taktikasini ma’qul ko‘raman.

- Kecha o‘tkazilgan O‘zbekiston - Eron futzal terma jamoalari o‘rtasidagi bahsda eronlik futzalchilar qo‘lida qora belbog‘ yo‘q edi. Lekin bugun futbolchilar qora lenta taqib tushishdi. Buning sababi nimada?
- Bu menga taalluqli savol emas, uzr.

- Sizningcha, Eldor Shomurodov bilan Sardor Azuman o‘rtasidagi farq nimada?
- Bir necha kun oldin Shomurodov Italiya klubiga o‘tganini bilaman. Uning bugungi o‘yini menda yaxshi taasurot qoldirdi. Sardor Azmun ham Yevropaning eng kuchli klublaridan biri "Zenit"da o‘ynayapti. Har ikkalasi yaxshi hujumchi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)