07:34 / 12.10.2020
3 192

“Jenoa” Shomurodovni asosiy figuraga aylantiradimi?

“Jenoa” Shomurodovni asosiy figuraga aylantiradimi?
Shomurodovning “Jenoa”ga o‘tgani haqiqatan shov-shuvli transfer bo‘ldi va uning atrofidagi fikr-mulohazalar, taxmin va tahlillar hamon tingani yo‘q. Biz Eldor Shomurodovning faoliyatidagi eng muhim qirralar haqida ma’lumot berishga qaror qildik.

Eldorga doim talab katta edi
Eldor Shomurodov norvegiyalik jamoadoshi Matias Normann bilan “Rostov”ning eng xaridori ko‘p futbolchilari edi. Ayniqsa, o‘tgan chempionatning birinchi yarmida o‘zbek hujumchisining sermahsul o‘yini Yevropaning qator jamoalari rahbarlari, murabbiylari, skautlari e’tiborini tortdi. Pandemiya karantinidan keyin hamyurtimizning o‘yini qovushmagan bo‘lsa-da, uning bozori susaygani yo‘q. Natijada “Jenoa” hujumchiga ega bo‘lish uchun 9 million yevrodan voz kechdi.

“Rostov” xo‘jayini Artashes Arutyunyans klubni “Ayaks” va “Portu” modelidagi futbolchilar fabrikasiga aylantirish rejasini ma’lum qilgan edi. Bu rostovliklar yetakchilarini sotishidan dalolat berardi. “Rostov” Yevropa Ligasining guruh bosqichiga chiqa olmagani uchun xaridorgir futbolchilarini transfer qila boshladi. Agar klub musobaqaning guruh bosqichiga chiqqanida tarkib saqlab qolinar va katta ehtimol bilan Eldor ham o‘z o‘rnida qolardi. Chunki Yevrokubokdagi muvaffaqiyatli o‘yin o‘z-o‘zidan futbolchilarning transfer summasini oshiradi va yozda Shomurodov, shuningdek, boshqa ko‘zga ko‘ringan futbolchilarning bozori yanada chaqqon bo‘lishi kutilgandi.

Yevropa Ligasi guruh bosqichi armon bo‘lib qolgani uchun “Rostov” yetakchilar savdosini Shomurodovni transfer qilishdan boshlab yubordi.

Yevropaliklar nega Eldorga qiziqyapti?
Eldorning sermahsullik bo‘yicha ko‘rsatkichlari markaziy hujumchi uchun ideal emasligi bor gap. U Rossiya premer-ligasida muntazam gol uradigan hujumchi vazifasini bajara olmadi. Buni tan olish darkor. Biroq, milliy terma jamoamiz safida golli seriyani davom ettirayotgani o‘zbekistonlik muxlislar uchun juda muhim va quvonarli.

Xo‘sh, yevropaliklar chempionatda kam gol uradigan hujumchiga nega qiziqmoqda?

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Eldorda yuqori saviyadagi futbolchiga xos boshqa sifatlar juda yaxshi shakllangan. Xususan, o‘zbek hujumchisining driblingi, tezligi, pozitsiya tanlashi, ochilishi, bosh bilan yaxshi o‘ynashi, himoyaga yordam berishi va yakkakurashlardagi kurashuvchanligi alohida e’tirof etilmoqda.

Unga Germaniya, Fransiya, Turkiya klublaridan qator takliflar bo‘lgani va transfer summasi 15 million yevroga ko‘tarilgani axborot lentalarida ko‘p va xo‘p aylangani barchaga ma’lum.

Eldorning orzusi ushaldi
Shomurodov o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ygan. U doim kuchli beshlik chempionatlarida o‘ynashni istagan. Rossiyaning yetakchi klublari taklifni qabul qilmadi. Vaqti kelishini kutdi. Katta gapirib, turli bayonotlar bilan o‘zini reklama qilgani ham yo‘q. Jimgina o‘z vaqtini kutdi.

Nihoyat, Eldor o‘zi orzu qilgan joyga o‘tdi.

Keyingi yillarda A Seriyaning ham darajasi ko‘tarilgan. Bu chempionatda Angliya, Ispaniya, Fransiya, Germaniya grandlari o‘z tarkibida ko‘rishni istayotgan ko‘plab iste’dodli futbolchilar to‘p tepmoqda. Krishtianu Ronaldu singari jahon futboli yulduzining “Yuventus”ga o‘tgani ham A Seriya mavqeini ko‘tardi, unga bo‘lgan qiziqish va e’tiborni kuchaytirdi.

Eldor endi Krishtianu Ronaldu, Paulo Dibala, Romelu Lukaku, Lautaro Martines, Zlatan Ibrohimovich, Dris Mertens kabi hujum qirollari bilan raqobatlashish, ularga qarshi o‘ynash orqali mahorati va tajribasini yanada oshiradi. Har holda yangi nimalarnidir o‘rganadi.

Eldorning transferidan hamma manfaat ko‘rdi
Shomurodovning “Jenoa”ga o‘tishidan har kim o‘ziga yarasha manfaat ko‘rdi. “Rostov” yaxshigina mablag‘ oldi, hujumchimizning orzusi ushaldi va “Jenoa” salohiyati bor hujumchiga ega bo‘ldi.

Genuyaliklar transfer masalasini birdan hal qildi. Avvaldan turli bayonotlar berilib, har xil ovoza va gap-so‘zlar tarqatilmadi. Yo‘q joydan “Jenoa” varianti paydo bo‘ldi va transfer uch kun ichida amalga oshirildi.

Eldor o‘zining o‘tgan yilgi sermazmun o‘yini, nozik did sohiblariga ham yoqadigan chiroyli gollari, hujumchiga xos sifatlari bilan turli klublar ro‘yxatiga kirgan edi. Garchi Rossiya premer-ligasida golsiz seriya to‘riga ilinib qolgan bo‘lsa-da, Yevropa ligasidagi ilk uchrashuvida tarixiy debyut golini urgani yevropaliklarning e’tiborini yana Eldorga qaratdi.

“Jenoa” Shomurodovni uzoq ushlab turmaydi
Futbolchilarni arzon olib, keyinchalik qimmatroqqa transfer qilish odati genuyaliklarning qonida bor. Eng yorqin misol polshalik Kshishtof Pyontek. Bu to‘purar uchun “Jenoa” Shomurodovning transferidan roppa-rosa ikki barobar kam – 4,5 million yevro sarflab, keyinroq uni 35 million yevroga “Milan”ga sotib yubordi.

“Jenoa”ning moliyaviy imkoniyati qimmatbaho futbolchilarni sotib olishni ko‘tarmaydi. Genuyaliklar asosan erkin agent yoki bir-ikki million yevro evaziga keladigan futbolchilarni oladi va o‘yinchi o‘zini ko‘rsatganida, uni sotib yuborishga e’tibor qaratadi. Hatto Eldor Shomurodov uchun to‘langan summani o‘ta katta xarajat, deb klubning transfer siyosatini tanqid qilayotganlari ham bor.

“Jenoa” Shomurodovni ham qarigunicha o‘ynatmasligi aniq. Eldorning o‘zi ham bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Eldor uchun “Jenoa” kuchli klublarga o‘tish uchun pillapoyaning bir pog‘onasi bo‘lib xizmat qilishi kerak.

Genuyaliklar Eldorni faqatgina daromad ko‘rish uchungina sotib olgan, deyish ham noto‘g‘ri. Shomurodov bu klubga kuchli hujumchi sifatida ham kerak.

“Jenoa” bosh murabbiyi Eldor haqida nega jim?
E’tibor bergan bo‘lsangiz, “Jenoa” rahbariyati, rasmiylari yoki bosh murabbiyi Eldor Shomurodovning transferi, imkoniyatlari, undan nimalarni kutayotgani haqida birorta rasmiy bayonot bergani yo‘q.

Biz esa, “Jenoa”ning maqsadi va imkoniyatlariga baho berishga harakat qilamiz.

“Jenoa” bir necha yildan beri o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ya olmayapti. So‘nggi o‘nta mavsumda genuyaliklar bir marta Yevrokuboklar hududiga kirgan bo‘lsa-da, amalda qo‘lidan hech nima kelmagan. Qolgan mavsumlarda jamoa musobaqa jadvalining ikkinchi qismida turli o‘rinlarni egallab, asosiy e’tiborini yuqori ligadagi o‘rnini saqlab qolishga qaratyapti.

Genuyaliklar superhujum va ko‘p gol uradigan futbolchilarga ega emas. Lekin bosh murabbiy Rolando Maran serg‘oya mutaxassis sifatida tanilgan. Klub rahbariyati bu murabbiy jamoadagi ruhiyat va vaziyatni o‘nglay olishiga ishonch bildirmoqda.

“Jenoa” jamoa o‘yinini Shomurodov atrofida qayta quradi
Rolando Maran jamoa o‘yinini kuchli hujumchi atrofida qurishga odatlangan. Lekin hozirgacha uning qo‘l ostida ishonchni oqlay oladigan forvard yo‘q edi. “Jenoa”dagi hujumchilardan birining yoshi o‘tib qolgan, ikkinchisining saviyasi talabga javob bermaydi, boshqalari ko‘p jarohat oladiganlar toifasidan. Barqarorlik yo‘q.

Rolando orzu qilgan hujumchi aynan Eldor bo‘lishi mumkin. Chunki o‘zbek futbolchisi jarohatga moyil emas, chidamli, tezkor va aqlli futbol namoyish etadi. Rolando esa, jamoa o‘yinining asosiy figurasi bo‘lgan hujumchining juda ko‘p hislatlarini o‘zida birlashtirgan bo‘lishini istaydi. Demak, ana shunday forvardlar toifasiga kiradigan Shomurodov kam gol ursa-da, hozirgi bosh murabbiy uchun ideal variant.

Shu o‘rinda, Rolando boshqargan jamoada hujumchilar hech qachon 12 tadan ko‘p gol urmaganini ta’kidlash joiz. Bundan keyin ham “Jenoa” raqib darvozasini “ilma-teshik” qilib tashlashiga hech kim ishonmaydi. Biroq, hamma uzoq o‘lkadan kelgan Eldor Shomurodov jamoaga yangicha ruh olib kirishini kutmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Jenoa” Shomurodovni asosiy figuraga aylantiradimi?