15:30 / 19.10.2020
1 567

"Shomurodov debyutga tayyor. Lekin uni dahshatli o‘yin kutmoqda!"

"Shomurodov debyutga tayyor. Lekin uni dahshatli o‘yin kutmoqda!"
Bugun bir necha kunlik tanaffusdan so‘ng, “Jenoa” klubi A Seriyada navbatdagi uchrashuvini o‘tkazadi. Koronavirus epidemiyasiga yuz tutgan Genuya klubi safar uchrashuvida “Verona” futbolchilari bilan raqobat qilishi lozim.

Bu o‘yin “Jenoa” uchun katta sinov bo‘lishi kutilmoqda. Jamoaning asosiy tarkib o‘yinchilaridan 17 nafari koronavirus kasalligini boshdan o‘tkazdi. Aksariyati tuzalib safga qaytganiga qaramay, karantin va davolanish vaqtida maydondan uzoqda o‘tkazilgan vaqt, albatta, umumiy tayyorgarlikka salbiy ta’sirini o‘tkazib ulgurdi.

Qolaversa, koronavirusdan tuzalib chiqqan futbolchilarning aksariyati qo‘rquv va ruhiy zo‘riqishga yo‘lliqanidan shikoyat qilmoqda. To‘liq tiklanish uchun vaqt talab qilinishi turgan gap.

“Jenoa” ishqibozlari va o‘zbekistonlik futbol muxlislari “Verona”ga qarshi uchrashuvda jamoaga katta umidlar bilan olib kelingan hujumchi Eldor Shomurodovning debyutini kutmoqda. Mutaxassislar esa, hujumchining debyutiga doir turli tahlil va taxminlarni o‘quvchilar e’tiboriga havola etmoqda.

Xususan, championat.com sayti tahliliga ko‘ra, “Jenoa”ni Veronada dahshatli o‘yin kutmoqda. Buning o‘ziga xos sabablari quyidagicha. “Verona” A Seriyaning uchta uchrashuvida faqat bir marta “Parma”ga minimal hisobda mag‘lub bo‘ldi. Veronaliklar 9 imkoniyatdan olti ochko jamg‘ardi. Eng muhim jihati shundaki, “Verona” o‘z uyida zo‘r o‘ynaydi. Bu klub futbolchilari o‘tgan yili o‘z maydonida chempionat sovrindorlari “Atalanta” va “Inter”dan ochko oldi, chempion “Yuventus”ni tiz cho‘ktirdi. Uy jamoasi maqomida har qanday klubga jiddiy qarshilik ko‘rsatadigan veronaliklar A Seriyada qolish uchun kurashishi kutilayotgan “Jenoa” bilan o‘yinda faqat uch ochkoni ko‘zlab to‘p tepishi aniq.

“Jenoa” chempionatni “Krotone” ustidan 4:1 hisobida qozonilgan g‘alaba bilan boshlagan edi. Ikkinchi turda “Napoli” genuyaliklarning darvozasiga javobsiz oltita to‘p yo‘llab, ularning darajasi ayni paytda qay ahvolda ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Boshqa jamoalardan faqrli o‘laroq, “Jenoa” uchinchi turni o‘tkazishga ulgurmadi. Hozir genuyaliklarda kadrlar muammosi vujudga kelgan. Yuqorida aytilganidek, bunga koronavirus sabab. Jamoa uch hafta davomida o‘yin amaliyotisiz va mashg‘ulotlarsiz qoldi. Hamma futbolchilar ham butkul tuzalmagani va tiklana olmagani uchun mashg‘ulotlar to‘liq tarkibda va ko‘ngildagidek o‘tkazilgani yo‘q.

Ko‘pchilik yangi hujumchi Eldor Shomurodovning debyutini kutmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘zbek hujumchisi debyutga shay. Lekin A Seriyada birdagi to‘liq kuch bilan 90 daqiqa yuqori darajada o‘ynashga dosh bera olmasligi mumkin. Bu jamoada yuzaga kelgan umumiy holat barobarida o‘yinchining kuchliroq chempionatga moslashishi uchun vaqt talab etilishi bilan bog‘liq masala.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, bugun bor e’tiborimizni Verona shahridagi “Mark-Antonio Bentegodi” stadionida bo‘ladigan o‘yinga qaratamiz. Aslida o‘zbekistonlik futbol muxlislari orasida “Yuventus” va “Inter” kabi grand klublarga ishqibozlik qiladiganlar ko‘p. Endi esa, hammamiz Eldor Shomurodovning hurmati uchun “Jenoa”ni qo‘llab-quvvatlaymiz.

“Verona” – “Jenoa” o‘yini Toshkent vaqti bilan 23:45 ta boshlanadi. Bu uchrashuv “Futbol TV” orqali jonli efirda namoyish etiladi. Shuningdek, saytimiz orqali matnli onlayn translyatsiyani kuzatib borish imkoniga ega bo‘lasiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)