00:14 / 22.10.2020
2 353

Ro‘ziqul Berdiyev: "Shogirdlarim bilan faxrlanaman"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Shogirdlarim bilan faxrlanaman"
Coca Cola Superliga 19-turidan o‘rin olgan «Nasaf» – AGMK (2:0) o‘yinidan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Bugungi raqibimiz nomdor va tajribali jamoa edi. Ularni mag‘lubiyatga uchratishimiz uchun o‘zimizning eng yaxshi o‘yinlarimizdan birini o‘tkazishimiz kerak edi. O‘ylaymanki, yigitlarimiz buni uddalashdi. Buning uchun yigitlarga alohida minnatdorchilik bildiraman. Qo‘l ostimdagi futbolchilarim bilan faxrlansa bo‘ladi. Shu yigitlar bilan birga ishlayotganimdan xursandman.

Muxlislarga ham rahmat aytishimiz lozim, stadionga kelgan va teleekran orqali kuzatgan ishqibozlar o‘yindan zavq olishdi. Futbolchilar o‘z darajalarida to‘p tepishdi. Albatta, qaysidir vaziyatda bizga omad kulib boqdi, qaysidir vaziyatda esa raqibga. AGMK jamoasi ko‘proq standart vaziyatlarda havfliroq ko‘rindi. Biz bunga tayyor edik. G‘alabaga munosib harakat qildik va uch ochkoni qo‘lga kiritdik
", - deydi Ro‘ziqul Berdiyev.

- "Nasaf" ochiq futbolni yaxshi ko‘radigan jamoa. Biroq, himoyaviy o‘yin ko‘rsatadigan jamoalarga qarshi bahslarda qiynalmoqda...
- "Buxoro" bilan o‘yinda qiynaldik. "Mash’al" ham himoyada o‘ynagan edi. Shunga qaramasdan to‘rtta gol urishga erishdik. "Buxoro" bilan o‘yinda vaziyatlardan gol urganimizda boshqacha bo‘lardi. Bu o‘yinlar ortda qoldi. Keyingi uchrashuvlarni o‘ylashimiz kerak. G‘olib G‘aybullayev bugun betobligi sabab ishtirok eta olmadi.

- Jamoaning navbatdagi ikki turda neytral maydonda o‘ynashi haqidagi gaplarga munosabatingiz?
- Yo‘q, neytral maydonda o‘ynamaymiz. Dastlab Bekobodga boramiz va "Qo‘qon-1912"ni uyda qabul qilamiz. Faqat oxirgi to‘rtta tur neytral maydonda o‘tishi ko‘zda tutilgan.

- G‘alabadan so‘ng ko‘nglingiz to‘lmagan shogirdlaringiz bo‘ldimi?
- Yutuqdan keyin barcha narsani esdan chiqarib yuborasiz. Bugungi g‘alaba bilan barchani tabriklayman.

- Bobir Abdixoliqov to‘pni qabul qilib olishda ko‘p bor xatolarga yo‘l qo‘ydi. Shunga qaramasdan uni 80 daqiqaga yaqin o‘ynatdigiz. Husayn Norchayevga kam imkoniyat berilmayaptimi?
- Bobirni tanqid qilsak biroz noto‘g‘ri bo‘ladi. O‘z gollari bilan jamoamizga katta foyda keltiryapti. Uni to‘g‘ri tushunishimiz kerak, barcha o‘yinlarda to‘liq harakat qilmoqda. Ko‘p yuklamalar olyapti. Shu bois bugun tetik ko‘rinmagan bo‘lishi mumkin. Norchayev hali yosh, tajribasini oshirishi kerak.

- "Nasaf" ikki yildan beri OFK litsenziyasini ololmayapti. Bu degani jamoa xalqaro maydonda ishtirok eta olmaydi. Bu muammolar qachon bartaraf etiladi?
- Bizda hech qachon bunday muammo bo‘lmagan edi. Barcha sharoitlari bor jamoani hujjatlarini to‘g‘irlab bera olmaslik o‘zim uchun kutilmagan holat bo‘ldi. "Nasaf" har doim litsenziya hujjatlarini birinchi bo‘lib topshirgan. Balki, bu savol menga emasdir. Hech qachon bu borada kamchilik bo‘lmagan. Jamoamizda barcha sharoitlar yaratilgan.

G‘alabaga barcha o‘z hissasini qo‘shdi. Oybek Bozorovda jarohati bor edi. Husniddin Aliqulov bugun qanday o‘ynaganini ko‘rdinglar. Barchani g‘alaba bilan yana bir bor tabriklayman.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Shogirdlarim bilan faxrlanaman"