09:12 / 23.10.2020
1 922

Belarusda o‘zbek derbisi. Shahboz Umarov: Yaxshiboyev bilan bahs boylashdik, yutqazgan...

Belarusda o‘zbek derbisi. Shahboz Umarov: Yaxshiboyev bilan bahs boylashdik, yutqazgan...
Belarus chempionati tobora poyoniga yetib kelmoqda. U yerda esa o‘zbekistonlik legionerlar o‘zlaridan yaxshi taassurot qoldirishayotgani endi hamma biladi.

25 oktabrda esa bizni qiziqarli to‘qnashuv kutmoqda. O‘sha kuni Shahboz Umarov o‘ynayotgan “Energetik-BGU” Jasur Yaxshiboyev to‘p surayotgan “Shaxtyor”ga qarshi o‘ynaydi. Sobiq jamoadoshlar to‘qnashuvi desak ham bo‘ladi. Biz esa ushbu bahs oldidan Shahboz Umarov bilan bog‘landik va bir qator qiziqarli mavzularni ham o‘rtaga tashladik.

- Jamoangiz navbatdagi turda Soligorskning “Shaxtyor” klubiga qarshi o‘ynaydi. Bu o‘yinning siz va biz uchun yanada ahamiyatli tomoni shundaki, raqib safida hamyurtimiz Jasur Yaxshiboyev o‘ynamoqda...
- Biz aslida har bir uchrashuvga maksimal darajada tayyorgarlik ko‘ramiz. Aniqki, “Shaxtyor”ga qarshi ham jiddiy shug‘ullanyapmiz. Albatta, bo‘lajak raqib haqida gapiradigan bo‘lsam, ular haqiqatan kuchli jamoa. Qolaversa, “Shaxtyor”ga Jasur Yaxshiboyev qo‘shilganidan keyin ular yanada kuchayishdi deb bemalol ayta olamiz. Yana nima ham deyishim mumkin?

- O‘sha kuni g‘alabaga qanchalik ishonyapsiz? Har holda ushbu o‘yinda g‘alaba ikkala jamoa uchun juda muhim...
- To‘g‘ri, ikkala jamoaga g‘alaba kerak. “Shaxtyor” chempionlik uchun kurashyapti. Biz esa ikkita o‘yindan beri g‘alaba qozona olmay kelyapmiz. Murabbiylarimizning ko‘rsatmalariga amal qilib o‘ynashga harakat qilamiz. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.

- Jasurni esa siz yaxshiroq bilasiz. Shunday ekan, ushbu bellashuvda Yaxshiboyevni to‘xtatib qolish uchun nima qilish lozim, uning ojiz jihatlari qanday?
- U kuchli va individual mahoratga ega. Yaxshiboyevning bir o‘zi o‘yin taqdirini hal qilib keta olishi mumkin. Shuning uchun unga qarshi himoyachilar juda ehtiyotkor bo‘lishlari talab etiladi. Ammo shuni ham aytmoqchimanki, biz faqatgina Jasurga qarshi maydonga tushmaymiz, balki “Shaxtyor”ga qarshi maydonga chiqamiz.

- Belarus chempionati yetakchisi BATE bilan ikki yilga shartnoma tuzganingiz sababli tezroq yangi jamoaga qo‘shilishingizni kutyapsizmi? Chunki bu faoliyatingizda yana yangi sahifa ochilishiga turtki bo‘ladi.
- Hozirgi paytda, to‘g‘risini aytsam, bu haqda o‘ylayotganim yo‘q. Chunki ayni paytda bor e’tiborimni “Energetik” jamoasiga qaratganman. Negaki, hali chempionat tugagani yo‘q.

- Bo‘lajak klubingiz bilan aloqada bo‘lib turibsizmi? BATEga qachon qo‘shilmoqchisiz? Qolaversa, u yerga ketgach, yangi maqsad va yangi rejalar deganlaridek...
- Yo‘q, hali aniq bilmayman. Ammo yangi mavsumni BATE jamoasida boshlashimni bilaman xolos.

- Shuningdek, sizga yana boshqa qiziqarli variantlar bo‘lganligi haqida ham eshitdik...
- Ammo mening bu haqda xabarim yo‘q.

- Legioner sifatida o‘ynayotganingiz sababli sizning personal muxlislaringiz ham ortib boryapti. Natijada terma jamoada ham sizni ko‘rishni istayotganlar ko‘payib boryapti. Milliy termamizdan chaqiruv kutyapsizmi va bosh jamoamizda o‘ynashga tayyorman deb ayta olasizmi?
- Hamma ham terma jamoada o‘ynashni orzu qiladi. Shunisi ma’lumki, milliy terma jamoamizda eng kuchli futbolchilar o‘ynamoqda. Ammo meni u yerda o‘ynashimga hali erta, deb o‘ylayman. Shunga qaramay, termaga chaqirishsa, hamma ham bor kuchi bilan o‘ynashga harakat qiladi. Boya aytganimdek, termada kuchli o‘yinchilar o‘ynayapti. Lekin, albatta u yerda o‘ynashga umid qilaman.

- Bundan chiqdi, sizga terma jamoamizdan chaqiruv bo‘lsa, bu siz uchun syurpriz bo‘ladi, shundaymi?
- Ha, syurpriz bo‘ladi. Umuman, kutilmagan holat bo‘ladi, men uchun.

- Ayting-chi, O‘zbekiston chempionatida o‘ynagan Shahboz Umarov bilan Belarus chempionatida to‘p surayotgan Shahboz Umarov o‘rtasida qanchalik farq bor?
- O‘zimga baho bera olmayman. Shu bois nima deyishni bilmayman. Biroq bu yerga kelgach, jismoniy tarafdan kuchaydim, deb o‘ylayman.

- Darvoqe, “Energetik-BGU”ga yana bir hamyurtimiz Humonyunmirzo Iminov ham qo‘shildi. U yangi klubga qanchalik moslashyapti?
- Iminov mahoratli futbolchi. Shu bois u yangi jamoaga tez kirishib keta oldi. Uni jamoada hamma yaxshi kutib oldi.

- Qiziq holat, ayni paytda BATE 50 ochko bilan peshqadamlik qilyapti. Yaxshiboyev to‘p surayotgan “Shaxtyor” esa 46 ochko bilan 3-o‘rinda. Yakunda kim chempion bo‘lishini istaysiz: bo‘lajak jamoangiz – BATEmi yoki hamyurtimiz to‘p surayotgan “Shaxtyor”mi?
- Bilmayman (kuladi). Lekin biz Jasur bilan bahs bog‘laganmiz. Yutqazgan choyxona qilib berish sharti bilan.

- Bu bahs boylashish chempionlik masalasi bo‘yichami yoki 25 oktabrda bo‘ladigan “Enertegik-BGU” – “Shaxtyor” o‘yini uchunmi?
- O‘zaro “Energetik” – “Shaxtyor” o‘yiniga (kuladi).

- Lekin yakunda kim chempion bo‘lishini xohlayapsiz?
- Kuchli jamoa chempion bo‘lsin!

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Belarusda o‘zbek derbisi. Shahboz Umarov: Yaxshiboyev bilan bahs boylashdik, yutqazgan...