08:44 / 31.10.2020
2 532

Bektemir Meliqo‘ziyevning jangi borasida muxlislarning taxminlari qanday edi?

Bektemir Meliqo‘ziyevning jangi borasida muxlislarning taxminlari qanday edi?
31 oktabrga o‘tar kechasi AQSHning Indio shahrida katta professional boks kechasi tashkil qilinadi. Yana bir necha soatlardan so‘ng, start oluvchi jang oqshomida hamyurtimiz Bektemir Meliqo‘ziyev WBO Inter-Continental kamari uchun Alan Kampaga qarshi ringga ko‘tariladi. Mazkur jang avvalida yurtimiz boks ixlosmandlari orasida turli xil fikrlar yangramoqda. Aksariyati Meliqo‘ziyevning g‘alabasiga ishonishmoqda...

Quyida, muxlislar tomonidan bildirilgan sara fikrlarni e’tiboringizga taqdim etamiz.

Bahodirxon Abdurahmonov:
- Bektemirning bu jangidan albatta nokaut kutib qolamiz. Menimcha “Golden Boy” tutaxassislari tomonidanbu raqib tanlanishining sababi u chidamli ekanligida bo‘lsak kerak. Ya’ni, Bekni yana bir bor sinab olmoqchiga o‘xshaydi. E’tibor berilsa, Bekning oldingi raqiblarining bo‘ylari uzun bo‘lgani uchun tanaga berilgan zarbalardan keyin nokdaun holatiga tushib qoligandilar. Balki bu bokschi ham jangdan so‘ng jigarini davolatishiga to‘g‘ri kelar... Yana bir qiziq tamoni Meliqo‘ziyevning promouterlari shu vaznda WBO chempioni Billi Jo Sondersni qulayroq raqib sifatida ko‘rayotganga o‘xshaydi. Sababi, Bek WBO Inter-Continental kamari uchun jang qilsa, top reytingga kirib oladi va yana bitta yoki ikkita jang bilan da’vogarga aylanib olishi mumkin. WBO chempioni Billi Jo Sonders ham oxirgi jangini sustroq o‘tkazdi. Shunday ekan Bekdan ham MJning rekordini yangilashini kutib qolamiz.

Ziyodilla Abdukarimov:
- Alan Kampaning janglarini ko‘rib, uni Bektemirdan tezkorroq degan fikrdaman.... Qo‘l tezligi jihatdan albatta ustun lekin oyoq harakatlari Kampada juda kam ko‘zga tashlanadi. Bu borada Bektemir undan anchagina ustun. Hamyurtimiz 1 yoki 2- raundda Kampani nokautga uchratadi, deyishga shoshilmagan bo‘lardim. Chunki yurtdoshimizning bu galgi raqibi zarbaga bardoshli va qarshi hujumlarda faol harakat qiladi. Unutmaslik kerakki, u nokaut qabul qilgan 2 ta jangi (Derevyanchenko, Hart) bu vaznning yetakchilari bilan bo‘lgandi.

O‘ylab ko‘rilsa, Dimitrius Ballard yoki Erik Bazinyan singari mag‘lubiyat nimalagini bilmay kelayotgan nakautchi bokschilar bilan butun jang teng kursh olib borganligi Kampaning o‘ta chidamli va yuqori saviyadagi jangchi ekanligidan dalolat. Agar, jangda Bektemir chiroyli nokaut bilan g‘alaba qozonsa, bu top jangchilarga katta chaqiriq bo‘ladi. Bu jangda Bektemir Meliqo‘ziyev raqibini 3 yoki 4 raundlarda qorin qismiga zarba berib, nokautga uchratadi, deb o‘ylayman.

Alisher Xorinboyev:
- Bektemir g‘alaba qozonadi. Negaki, o‘zbek bokschilari orasida profiga endi o‘tganlariga qarasak, (MJ Kakadan tashqari) hali top darajadagilar bilan tushmayapti, qisqaroq qilib aytganda 51% g‘alaba tayin bo‘lgan janglar tashkil etilmoqda. Lekin men Bektemirga ishonaman, hali o‘z darajasini ko‘rsatadi.

Bekzod Nizomiddinov:
- Bektemir Meliqo‘ziyev hamda Alan Kampa o‘rtasidagi jangda ekspertlarning fikricha hamyurtimizning imkoniyatlari yuqori baholanayotgan bo‘lsa-da, ammo bu jang Bektemir uchun oson kechadi, deb o‘ylamayman. Alan Kampa faoliyati davomida 5 marotaba mag‘lubiyatga uchragan, ammo u asosan yuqori klassdagi bokschilarga yengilganini ko‘rishimiz mumkin: 70 kg vazn toifasida asosiy kamarlar uchun kurashayotgan ukrainalik Sergey Derevyanchenkoga (nokaut bilan); 79 kg vazn toifasida Jilberto Ramires "Zurdo" bilan ashaddiy raqobatda bo‘lib, faqatgina undan yengilgan Jesse Hartga (nokaut bilan); hamda yengilmas bokschilar hisoblangan Dmitrius Ballard va juda iste’dodli deya baholanayotgan Yerik Bazinyanga ochkolar hisobiga ko‘ra mag‘lub bo‘lgan.

Ushbu jangda Bektemir raqibini nokaut evaziga ham mag‘lub etishi mumkin. Bekning fantastik zarbasi va yuqori bosimga asoslangan jang uslubi fonida nokautli g‘alabaga umid qilsak bo‘ladi. Ammo jang to‘liq 10 raund davom etgan taqdirda ham bu hamyurtimiz uchun foydadan holi bo‘lmaydi. "Mir Boksa" promouterlik kompaniyasining menejeri va bokschilarimizning tarjimoni Alik Frolov Meliqo‘ziyev uchun ko‘proq raund turib bera oladigan raqib ayni muddao ekanini bot-bot ta’kidlab o‘tgan. Shuning uchun ham 10 raundga mo‘ljallangan ushbu jang kamida 7-8 raund davom etsa ham Bektemir uchun ijobiy holat deyishimiz mumkin.

Shaxsan o‘zim ham bu jangda Bektemirning kamida 7-raundda nokautli g‘alabasini yoki to‘liq 10 raund natijasi bo‘yicha ochkolar hisobida g‘alaba qozonishini taxmin qilyapman. Ishonamanki, Alan Kampaga qarshi jang "Bek Bully" uchun katta nomlarga qarshi janglar oldidan haqiqiy sinov vazifasini o‘tib beradi.

Sardor Yusupboyev:
- Bektemir Meliqo‘ziyev va Alam Kampa o‘rtasidagi jang ancha murosasiz bo‘ladi. Katta tajribaga ega bo‘lgan Kampani nokaut qilish qiyin. Bektemir uni ochkolar hisobi bilan yutsa kerak!

Abduxoliq Ochilov:
- Bu jangda Bektemirga oson bo‘lmasa kerak. Jang kamida 6-7 raund davom etadi, deb taxmin qilmoqdaman. Chunki raqibining boy tajribasi, jismoniy imkoniyati, qolaversa, Bektemirning ham uzoq vaqt jang qilmaganligi kabi omillar bahsning uzoqroq davom etishiga sabab bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Jasur Saidmusayev:
- Bektemirning bo‘lajak jangi haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, raqibi reyting jihatdan oldingi raqiblarga qaraganda ancha yuqori... Kampadan qandaydir qarshilik kutsa bo‘ladi. Boshqa tomondan agar, jang uzoq davom etsa, Bekning ham jismoniy holati qanday ekanligini guvohi bo‘lamiz. Muddatidan oldin Bek jangni yakunlamasdan o‘zini kuchini teng taqsimlab, jang qilgani maqul. Bundan buyog‘iga raqiblar saviyasi yuqori bo‘laveradi. Golden Boy” rahbari Oskar De La Xoyaning ham Bekdan umidi katta ekanligini hisobga olsak, chempionlik janglarini tashkillashtirish masalasida muammoga duch kelmasa kerak.

Olimjon Rixsiboyev:
- Bektemir Meliquziyev Alan Kampaga qarshi jangning 3-raundida toza nokaut bilan g‘alaba qozonadi. Chunki hamma biladiki, profissional boksda 1 raund ko‘pincha o‘rganish, ya’ni raqibni kuchiga baho berish va jangga kirishib olish uchun sarf bo‘ladi. Ikkinchi raunddan boshlab, Bektemir jigarga yo‘naltirilgan va nafasni izdan chiqaruvchi zarbalar bilan raqibni ancha horg‘in holatga tushiradi va 3-raundda missiyaga nuqta qo‘yish bilan, ya’ni toza nokaut bilan g‘alaba qozonadi, degan taxmindaman. Shuningdek, jang birinchi raundda ham tugallanish ehtimoli bor.

Ahmadbek Eshmatov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bektemir Meliqo‘ziyevning jangi borasida muxlislarning taxminlari qanday edi?