21:13 / 04.11.2020
4 006

Karpin Shomurodovni nega “qiyshiqoyoq” degan edi?

Karpin Shomurodovni nega “qiyshiqoyoq” degan edi?
Rossiya premer-ligasida yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan “Rostov” bosh murabbiyi Valeriy Karpin yozgi transferlar vaqtida “Jenoa”ga o‘tib ketgan Eldor Shomurodovni sog‘inayotgan ko‘rinadi. Chunki, Eldorning “Rostov”dan ketganiga bir oydan oshgan bo‘lsa-da, rostovliklar ustozi u haqida ko‘p gapiryapti.

Ta’kidlash joizki, “Rostov” transferlar mavsumi davrida asosiy futbolchilarini boshqa jamoalarga transfer qilish orqali Rossiya jamoalari orasida eng ko‘p daromad ko‘rgan klubga aylandi. Rostovliklarning transfer siyosati o‘zini oqlagani ko‘plab mutaxassislar tomonidan e’tirof etildi. Chunki, asosiy futbolchilaridan ayrilganiga qaramay, Valeriy Karpin jamoasi hamon yuqori o‘rinlar va Yevropaning mintaqaviy musobaqalari yo‘llanmalari uchun kurashni davom ettirmoqda.

Transfermarkt portali ma’lumotiga qaraganda, rostovliklarning eng qimmat transferi “Jenoa”ning Eldor Shomurodov uchun to‘lagan 7,5 million yevro miqdordagi mablag‘i bo‘ldi. Shuningdek, bu jamoa Aleksey Ionovni 3,5, Yevgeniy Chernovni 3, Baxtiyor Zaynutdinovni 2, Aleksandr Zuyevni 1,5 million va yana bir qancha o‘yinchini bir necha yuz mingga sotib yubordi. Olib kelingan va sotib yuborilgan futbolchilar savdosidagi balans 10,14 million yevroni tashkil qildi.

Eldor Shomurodov faoliyatida murabbiy sifatida muhim rol o‘ynagan Valeriy Karpin ko‘pchilikning e’tiborida bo‘lgan masalaga kuni kecha oydinlik kiritdi. Gap shundaki, o‘zbekistonlik hujumchi “Jenoa”ga o‘tganidan keyin ustozi Valeriy Karpinga minnatdorlik bildirib, ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida post qoldirgan edi. Karpin Eldorga “Arzimaydi, qiyshiqoyoq”, deb javob qaytargandi.

Rossiyalik mutaxassisning bu javobi ancha muhokamalarga sabab bo‘ldi. Hatto Shomurodovdan intervyu olgan jurnalistlar ham undan Karpinning bu javobini qanday qabul qilganini so‘radi.

- Hammasi joyida. Uning gaplari hazilligini tushundim. Mashg‘ulotlarda bunaqasi ko‘p bo‘ladi. Karpin bilan doim munosabatlarimiz yaxshi bo‘lgan. Ketishimdan oldin Valeriy Georgich “Sen qiyshiqoyoqni buncha pulga kim oladi?”, deb kulardi, - degan edi jurnalistlar savoliga javoban Eldor Shomurodov.

Endi vaziyat borasida Valeriy Karpin o‘z izohini berdi.
- Eldor bizning safimizda bo‘lganida doimo uni “qiyshiqoyoq”, deb chaqirardim. Shunga nima bo‘pti? Bu bizning o‘zaro munosabatimiz va hazillarimiz. Bundan tashqari, uning oyoqlariga bir qarang, haqiqatan ham ular qiyshiq. Men buni osmondan olib, to‘qimaganman. Nega bunaqa ekanini bilmayman. Balki bu Eldorning O‘zbekistonda otni ko‘p mingani bilan bog‘liqdir. Oyoqlarining shakli xuddi chavandozlarnikiga o‘xshaydi, - deydi Valeriy Karpin.

Bundan tashqari, “Rostov” bosh murabbiyi jamoaga yangi kelgan futbolchilar haqida gapirar ekan, ularni Shomurodov bilan solishtirib bo‘lmasligini ta’kidladi.
- Pontus Almkvistni Shomurodovning darajasiga yetishiga hali juda erta. Uning mashg‘ulotlarga kirishganiga ko‘p bo‘lmadi. Pontusni Eldor bilan solishtirmoqchi bo‘lsangiz, qishki yig‘inlardan keyin taqqoslab ko‘rish kerak, - degan edi Karpin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Karpin Shomurodovni nega “qiyshiqoyoq” degan edi?