11:23 / 05.11.2020
4 233

SSKAda zo‘r o‘ynayotgan futbolchi asli Namangandan ekanini bilasizmi?

SSKAda zo‘r o‘ynayotgan futbolchi asli Namangandan ekanini bilasizmi?
Rossiya futbolida o‘zini ko‘rsatayotgan markaziy osiyolik futbolchilardan biri, shubhasiz, Baxtiyor Zaynutdinovdir. “Rostov”dagi o‘yinlari bilan qisqa fursatda yetakchi klublar e’tiborini qozongan qozog‘istonlik futbolchi SSKA taklifini qabul qildi.

Aslida bu futbolchi biz uchun begona emas. Botirjon Zaynutdinov rossiyalik jurnalistlarga o‘g‘li Baxtiyor haqida qiziqarli ma’lumotlarni ham aytib berdi. E’tiboringizga ushbu suhbatning eng qiziqarli qismlarini havola qilamiz.

Ajdodlarimiz Namangandan
Biz etnik o‘zbeklarmiz. Lekin Qozog‘istonning Taraz shahrida tug‘ilganmiz. Bobomning otasi bu yerlarga Namangandan ko‘chib kelgan. Hayotimiz futbolga bog‘langan. Men o‘zim salomatligim tufayli to‘p tepmaganman. Shunday bo‘lsa-da, ashaddiy muxlislardanman. O‘g‘illarimning hammasi futbolchi. To‘ng‘ich farzandim Bobir 25 yosh va darvozabon bo‘lgan. Jarohat tufayli futbolchilik faoliyatini erta tugatdi. Shifokorlar shuni talab qilishdi. Hozir “Taraz” akademiyasida murabbiy. Kenja o‘g‘lim Bahrom “Taraz” o‘rinbosarlari safida o‘ynaydi. O‘rtanchasi Baxtiyorni yaxshi taniysizlar.

Baxtiyor – baxtli degani
Baxtiyor baxtli degan ma’noni anglatadi. Katta o‘g‘lim Bobir kichikligida uni ismini aytolmasdan “Batyok” derdi. Hozir hammamiz uni Batyok, deb chaqiramiz. Hatto 76 yoshli buvisi ham. Bolaligi o‘rta hol oilada o‘tgan. Men “Gazel”da qurilish mollarini tashiyman, ayolim poliklinikada hamshira. Katta o‘g‘lim sportmaktabga borganida Baxtiyor unga qo‘shilib olgan. Murabbiy noiloj uni besh yosh katta bolalar bilan shug‘ullantirishga majbur bo‘lgan. Olti yoshidan mashg‘ulotlarga avtobusda mustaqil qatnardi. Baxtiyor o‘zidan kattalar – 1993 yilda tug‘ilganlar bilan, xususan Qozog‘iston terma jamoasi sardori Bauirjon Islomxon bilan birga o‘ynagan. 1996 yilda tug‘ilgan futbolchilar o‘rtasida ikki karra va o‘z tengqurlari bilan uch marta Qozog‘iston chempioni bo‘lgan. Biz uning barcha medallarini yig‘amiz.

Federatsiya xunuk ish qilgan
2016 yilgi Granatkin memorialini og‘riq bilan eslaymiz. Rossiyaga qarshi o‘yinni butun oilamiz bilan televizor orqali tomosha qilayotgandik. Uchrashuvning boshida Baxtiyor yiqilganida buvisi “Unga nimadir bo‘ldi!”, dedi. Uni tibbiyot xodimlari zambilda olib ketishdi. Sankt-Peterburg shahriga telefon qila boshladik. Kechqurun chap oyog‘idan jiddiy jarohat olganini bildik.

O‘shanda federatsiya xunuk ish qilgandi. Hamma aybni klubga to‘nkagan. Tasavvur qiling: “Jangchi vatani uchun kurashga kiryapti va yaralanyapti, unga endi kerakmasligini aytishyapti”. Bunaqa munosabat rosa alam qilgan. Klub oliy ligadan tushib ketgani uchun zo‘rg‘a kun ko‘rardi. Shunda buvisi “ Hech kimdan hech narsa so‘rama, o‘zimiz yo‘lini topamiz”, - degan edi. Operatsiya 600 ming tenge turardi. Bu Batyokning yoshlar jamoasidagi o‘nta maoshiga teng edi. “Taraz”dagi bolalarga rahmat, kimdir 20, kimdir 50 dollar qilib pul yig‘ib berdi, biz borimizni qo‘shdik va zarur pul jamlandi. O‘shanda ko‘pchilik Baxtiyorning kelajagiga nuqta qo‘yib ulgurgandi. Baxtiyor bir yildan so‘ng yugura boshladi. Lekin bungacha qancha azoblarga dosh berganini endi-endi his qilyapmiz.

Murabbiy chaqirsa o‘t, rahbariyat taklif qilgan bo‘lsa o‘ylab ko‘r!
O‘g‘limga SSKAdan taklif bo‘lganida o‘zi hal qilishini aytdim. Unga agar murabbiy chaqirayotgan bo‘lsa o‘tish kerak, lekin rahbariyat taklif qilayotgan bo‘lsa, o‘ylab ko‘r, deb maslahat berishibdi. U ikkilanayotgan edi. Karpinning oldida noqulay bo‘ldi. Valeriy Georgich uni Qozog‘istondan olib keldi, futbolchi sifatida hurmat bilan muomala qildi, Batyok ham uni yaxshi ko‘radi. Karpinga rahmat, uning SSKAga transferiga ruxsat berdi. “Sen o‘sishing kerak”, - dedi. SSKA Rossiyaning top-klublaridan. Baxtiyor bu jamoaga o‘tganidan faxrlandik.

“Shomurodovning ahvoliga tushishni istamayman!”
Moskva katta va sershovqin shahar. Batyokka bu yoqyapti. Moskvaday shahar yoqmasligi mumkinmi? Hozir bir o‘zi yashayapti. Oila qurishni rejalashtirgani yo‘q. Bu masalada “Jenoa”ga o‘tgan “Rostov”dagi do‘sti Eldor Shomurodovni misol qiladi. Eldor uylanganida Karpin hazillashib: “Bo‘ldi, uni bir yilga yo‘qotdik”, degan ekan. Shomurodov uylanganidan keyin qariyb to‘qqiz oy gol urolmadi. Baxtiyor ham uylanish masalasi ochilsa, “Men Eldorning ahvoliga tushishni istamayman, oldin kareramni mustahkamlab olay. 25 ga kirganimda bir gap bo‘lar”, - deb kuladi.

Biz musulmon oilamiz. Bizda hech kim spirtli ichkiliklarni ichmaydi, tamaki chekmaydi. Baxtiyor tez-tez telefon qilib ahvolimizni bilib turadi. Yaxshi maosh ola boshlagach, bizga katta va shinam uy qurib berdi. Akasining uy olishiga yordamlashdi. Mashhurlik va pul uni buzgani yo‘q. Hayotda hamon o‘sha kamtar va kattalarni hurmat qiladigan Batyok bo‘lib qolaveradi.

Sports.uz:
Ta’kidlash joizki, Baxtiyor Zaynutdinov faoliyati davomida “Bunyodkor”da ham ikki hafta ko‘rikdan o‘tgan edi. Biroq, ayrim masalalar sababli yosh futbolchi bilan shartnom tuzishning imkoni bo‘lmagan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » SSKAda zo‘r o‘ynayotgan futbolchi asli Namangandan ekanini bilasizmi?